Avto | 13:08
5389
2 daqiqa o‘qiladi

Qanday mashinalar antikvar deb topilishiga izoh berildi

Ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanyapti. Lekin ularning ayrimlari antikvar transport vositasi sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi va alohida avtoraqam berilishi mumkin. Buning uchun mashinaning asosiy agregatlari saqlanib qolgani bilan bog‘liq bir nechta talab bor. Agar mashina bu talablarga javob bermasa, davlat ro‘yxatidan chiqariladi.

Mashinalar antikvar avtomobil deb topilishi uchun qanday talablar bor? YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev bunga izoh berdi.

Unga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan, asl holati, tashqi ko‘rinishi, tuzilishi, asosiy agregatlari saqlanib qolgan mashinalar antikvar transport vositasi sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ularga yangicha davlat raqam belgilari beriladi.

Asosiy agregatlar deganda quyidagilar tushuniladi:

  • mashina tashqi ko‘rinishi, tuzilishi va kuzovi o‘zgarmagan bo‘lishi lozim;
  • dvigateli va yoqilg‘i turi almashmagan bo‘lishi shart;
  • dvigateldan chiqqan kuchni g‘ildiraklarga uzatuvchi ssepleniya, ballonlar, tormoz va rul boshqaruv tizimlari, uzatmalar qutisi, elektr jihozlari hamda salon o‘rindiqlarining joyi va shakli asl holatda bo‘lishi talab etiladi.

Avtomobil ushbu talablarga javob bersa, antikvar deb topiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1 fevraldan boshlab antikvar avtomototransportlar uchun alohida seriyali davlat raqam belgilari joriy etilgan. Agar antikvar deb topilmasa, ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi, bunday transportlar davlat ro‘yxatidan chiqariladi

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров

Mavzuga oid