Jahon | 18:17 / 18.02.2026
15304
5 daqiqa o‘qiladi

Zalujniy Ukraina prezidentini qarshi hujum barbod bo‘lishida aybladi

Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi, Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Associated Press agentligiga bergan intervyusida prezident Volodimir Zelenskiy bilan yuz bergan kelishmovchiliklar haqida gapirdi.

Foto: Ukraine's Presidential Office

Zalujniy so‘zlariga ko‘ra, o‘zi va Zelenskiy o‘rtasidagi birinchi tortishuvlar Rossiyaning Ukraina bilan katta urushi boshlanganidan keyin deyarli darhol paydo bo‘lgan. Ziddiyat 2022 yil kuzida Ukraina Xavfsizlik xizmatining (UXX) o‘nlab xodimlari Zalujniy kabinetiga tintuv o‘tkazish uchun kelganida jiddiy nuqtaga yetgan.

Zalujniy bu 2022 yil sentabr oyi o‘rtalarida, Ukraina Qurolli kuchlari mamlakat shimoli-sharqida qarshi hujum uyushtirganida sodir bo‘lganini aytdi. Uning Kiyevdagi kabinetiga UXX o‘nlab agentlari - u yerda Britaniya zobitlari bo‘lgan paytda kirib kelgan. UXX xodimlari aynan nimani qidirayotganini tushuntirmagan, ammo Zalujniy ularga hujjatlar va kompyuterlarni tekshirishga ruxsat bermagan. Sobiq bosh qo‘mondonning fikricha, tintuv «qo‘rqitish harakati» edi.

Zalujniy UXX xodimlari oldida Zelenskiyning o‘sha paytdagi ofisi rahbari Andrey Yermakka qo‘ng‘iroq qilib, «bu harakatni qaytarishini, chunki qanday jang qilishni bilishini» aytgan. Zalujniy, shuningdek, buning uchun harbiylarni jalb qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, u o‘sha paytda UXX rahbari bo‘lgan Vasiliy Malyukka qo‘ng‘iroq qilgan. U tintuv haqida hech narsa bilmasligini aytgan. Keyinchalik Zalujniy bundan ikki kun oldin UXX Kiyev sudidan o‘z idorasi joylashgan manzilda tintuv o‘tkazish uchun order so‘raganini bilib olgan. Shu bilan birga, orderda ushbu manzilda jinoiy tashkilot tomonidan boshqariladigan striptiz klubi joylashgani va unda tintuv o‘tkazish rejalashtirilgani aytilgan. Biroq, muassasa Rossiya bosqinidan oldin ham yopilgan edi, deb ta’kidlaydi AP. Zalujniyning fikricha, UXX bu haqda bilmasligi mumkin emasdi.

Zelenskiyning idorasi va UXX ushbu bayonotlarga izoh berishdan bosh tortdi.

AP nashriga bergan intervyusida Zalujniy, shuningdek, NATO hamkorlari bilan birgalikda 2023 yil yozida ishlab chiqilgan qarshi hujum rejasi Zelenskiy va boshqa amaldorlar zarur resurslarni ajratmagani uchun muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytdi.

Sobiq bosh qo‘mondon so‘zlariga ko‘ra, dastlabki reja Zaporijjya oblastini ozod qilish uchun yetarli kuchlarni «yagona mushtda» to‘plash, keyin esa Azov dengiziga chiqish edi. Bu Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimning ta’minot yo‘lini kesib qo‘yish imkonini berardi. Zalujniy fikriga ko‘ra, buning uchun keng ko‘lamli, konsentratsiyalashgan kuchlarni to‘plash va taktik kutilmagan harakatlar kerak edi.

Buning o‘rniga, Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, kuchlar keng hudud bo‘ylab tarqalib ketgan, bu esa ularning hujum kuchini zaiflashtirgan.

2023 yil dekabr oyida Zelenskiy Ukraina qarshi hujum natijasida kerakli natijalarga erisha olmaganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev ittifoqchilardan kerakli qurollarni olmagan, Ukraina qurolli kuchlarining cheklangan soni esa tezkor hujumga o‘tishga imkon bermagan.

AP nashriga bergan intervyusida Zalujniy frontda sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib borayotganini, biroq Zelenskiy uni 2024 yil fevralida iste’foga chiqarganidan beri harbiy qarorlar qabul qilishda ishtirok etmayotganini aytdi. Sobiq bosh qo‘mondon so‘zlariga ko‘ra, shundan beri u prezident bilan ikki marta «do‘stona» ohangda suhbatlashgan. Zalujniy o‘zining siyosiy ambitsiyalari haqida gapirishdan bosh tortadi. «Urush tugamaguncha yoki harbiy holat bekor qilinmaguncha, men buni muhokama qilmayman», dedi u.

Zalujniyga maslahatchilar va partiya amaldorlari murojaat qilib, saylov kampaniyasini ishlab chiqishda yordam berishni taklif qilmoqda, deyiladi Associated Press materialida. 2025 yil bahorida, Zalujniy so‘zlariga ko‘ra, unga amerikalik «ancha taniqli» siyosiy maslahatchilar murojaat qilgan. AP manbasiga ko‘ra, gap Donald Trampning saylovoldi shtabi sobiq rahbari Pol Manafort haqida ketmoqda. «Men unga e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdim, lekin uning xizmatlari menga kerak emasligini aytdim», dedi Zalujniy.

Valeriy Zalujniy bir necha bor Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilgan taqdirda Zelenskiyning asosiy raqibi deb atalgan. 2026 yil yanvar oyi boshida natijalari e’lon qilingan so‘rovga ko‘ra, respondentlarning 23 foizi Zalujniyga, 20 foizi Zelenskiyga ovoz berishga tayyor.

2026 yil fevral oyi boshida Financial Times gazetasi manbalarga tayanib, Zelenskiy 24 fevral - katta urushning to‘rt yilligi munosabati bilan saylovlar o‘tkazilishini e’lon qilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Zelenskiy bunga javoban: «Bu haqda birinchi marta eshityapman», dedi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid