O‘zbekiston | 12:19 / 25.02.2026
1396
7 daqiqa o‘qiladi

Britaniya savdo vakili O‘zbekistonda: savdo-sarmoya aloqalari mustahkamlanadi

Buyuk Britaniyaning Ozarboyjon va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus savdo vakili, professor Lord Olderdays O‘zbekistonga bir necha kunlik tashrifini yakunladi. Tashrif iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash hamda infratuzilma, kritik minerallar, kapital bozorlari va ta’lim yo‘nalishlaridagi imkoniyatlarni ochib berishga qaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ingliz elchixonasi xabariga ko‘ra, tashrif davomida Lord Olderdays O‘zbekiston prezidenti, bir qator boshqa yuqori martabali hukumat vakillari va hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi hamda Samarqand, Navoiy va Olmaliqqa, NKMK va OKMK korxonalariga tashrif buyurdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 fevral kuni Lord Olderdaysni qabul qilib, avvalo savdo va iqtisodiyot sohalarida o‘zaro manfaatli o‘zbek‑britan sherikligini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvda siyosiy muloqotning dinamik o‘sishi, xavfsizlik sohasidagi samarali hamkorlik va mustahkam iqtisodiy aloqalar, jumladan so‘nggi besh yilda o‘zaro savdoning ikki baravar oshgani hamda London fond birjasida O‘zbekistonning qiymati 15 milliard dollardan ortiq suveren va korporativ obligatsiyalari joylashtirilgani ta’kidlandi.

Tomonlar, shuningdek, Qo‘shma iqtisodiy qo‘mitaning ishga tushirilishi, ta’lim sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik (Prezident maktablari va uchta qo‘shma universitet), britan turizmi oqimining o‘sishi kabi yutuqlarni qayd etdi. Energetika, moliya, geologiya, transport, kimyo, farmatsevtika, fan va ta’lim bo‘yicha yangi loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma Yo‘l xaritasini qabul qilishga kelishildi.

Lord Olderdays, shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashdi.

Muzokaralarda investitsiya muhiti va islohotlar borishi; savdo va investitsiya aloqalarini chuqurlashtirish imkoniyatlari; temir yo‘l va avtomobil yo‘llari loyihalari, aeroportlarni modernizatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energetikani kengaytirish kabi infratuzilma ustuvor yo‘nalishlari; davlat‑xususiy sheriklikdan (DXSh) kengroq foydalanish; shuningdek, O‘zbekistonning xususiylashtirish kun tartibini qo‘llab‑quvvatlash va London fond birjasidagi potensial listinglar hamda boshqa yo‘llar orqali xalqaro kapital bozorlari chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Olderdays bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bilan birga Buyuk Britaniya–O‘zbekiston Infratuzilma konferensiyasida ma’ruza qilib, yuqori sifatli va barqaror infratuzilma bo‘yicha sheriklikka doir Buyuk Britaniya taklifini, jumladan UK Export Finance (UKEF) orqali moliyalashtirish imkoniyatlarini bayon qildi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart konferensiyada ishtirok etgan britan kompaniyalari uchun bir qator aniq takliflarni ilgari surishga doir Yo‘l xaritasini imzoladi.

Bundan tashqari, Lord Olderdays Uzbekistan Airways raisi Shuhrat Xudoyqulov va Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev bilan yo‘naltirilgan muzokaralar o‘tkazdi.

Muloqotlarda parkni kengaytirish va operatsion mukammallikka erishishni qo‘llab‑quvvatlashi mumkin bo‘lgan Buyuk Britaniyaning ilg‘or aviatsiya ekotizimi (xizmatlar, jihozlar va moliyalashtirish) bilan hamkorlik rejalari muhokama qilindi. O‘zbekiston aeroportlarini modernizatsiya qilishda Buyuk Britaniyaning tijoriy, muhandislik, moliyaviy va maslahat berish bo‘yicha ekspertizasi qanday qo‘llab‑quvvatlashi mumkinligi ko‘rib chiqildi. Uzbekistan Airways'ning uzoq muddatli IPO o‘tkazish bo‘yicha niyatlari, jumladan London fond birjasida listing imkoniyati qayd etildi.

Britaniya savdo vakili NKMK, OKMK va TMK rasmiylari bilan ham muloqotda bo‘ldi. Muzokaralar konchilik va kritik minerallar sohasida hamkorlik, resurslarni mas’uliyatli rivojlantirish hamda britan hamkorlari bilan tijoriy hamkorlikning potensial yo‘nalishlariga qaratildi.

 

Lord Olderdays Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov bilan shahar darajasidagi investitsiyalar va infratuzilma hamda jamoat xizmatlari bo‘yicha britan kompaniyalari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Tashrif davomida u qurilish vaziri o‘rinbosari, Yangi Toshkent direksiyasi rahbari Davron Odilov bilan uchrashib, bosh rejalashtirish, barqaror shahar rivojlanishi va DXSh bo‘yicha Buyuk Britaniya ko‘magini ko‘rib chiqdi.

Britaniya delegatsiyasi ta’lim va ilmiy hamkorlik sohalarida yangi imkoniyatlarni o‘rganish maqsadida Markaziy Osiyo universiteti va Toshkentdagi Prezident maktabida bo‘ldi. Tashrifning so‘nggi kunida Lord Olderdays Yangi O‘zbekiston universitetiga tashrif buyurib, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov bilan birga Oxford Hub ishga tushirilishi tadbirida ishtirok etdi.

Oxford Hub – Oksford universitetining dunyoga mashhur ekspertlari va ilg‘or tadqiqotlari bilan O‘zbekistonning oliy ta’lim sohasi mutaxassislarini bog‘laydigan professional aloqa platformasiga aylanadi. Lord Olderdaysga Yangi O‘zbekiston universitetining faxriy professori unvoni berildi.

Dastur doirasida madaniy diplomatiya tadbirlari ham o‘tkazildi. Toshkentda Lord Olderdays Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rahbari Gayane Umerova bilan uchrashib, muzeylar va kreativ sanoat yo‘nalishida Buyuk Britaniya–O‘zbekiston hamkorligining yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Delegatsiya, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi va Qatag‘on qurbonlari muzeyida ham bo‘ldi, Samarqandda muhim diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qildi.

“O‘zbekistonning keng ko‘lamli islohotlar kun tartibi bizning biznes va institutlarimizga o‘zaro farovonlik yo‘lida birgalikda ishlash uchun real imkoniyatlarni ochmoqda, – dedi Lord Olderdays. – Infratuzilma va mas’uliyatli konchilikdan tortib kapital bozorlari va ta’limgacha, Buyuk Britaniya aholi va iqtisodiyot uchun uzoq muddatli foyda keltiradigan yuqori sifatli loyihalarni qo‘llab‑quvvatlashga tayyor”.

Ushbu tashrif fevral oyi ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo + Birlashgan Qirollik muloqoti hamda 2026 yil bahor oxiriga rejalashtirilgan Buyuk Britaniya–O‘zbekiston Qo‘shma iqtisodiy qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik jarayoniga qo‘shimcha sur’at bag‘ishladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid