Katta summadagi oldi-berdilarni faqat bank orqali amalga oshirish talabi – iqtisodiyotni oqartirish yo‘llaridan biri, lekin shuning o‘zi yetarli emas: sabablarga e’tibor qaratish va tadbirkor nima uchun qora bozorda ishlayapti degan savolga javob kerak, deydi Kun.uz bilan suhbatda soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov. Bank va to‘lov tizimlarining komissiyalari sabab odamlarni ulkan xarajatlar kutadi, deydi u.

2026 yildan boshlab tadbirkorlik sohasidagi o‘yin qoidalarida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi.

1 apreldan avtomobil (ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan) va ko‘chmas mulk oldi-sotdisi hamda 25 mln so‘mdan yuqori har qanday xaridlar (qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno) faqat naqdsiz shaklda amalga oshirilishi talabi qo‘yilmoqda.

Benzin, metan, propan, dizel quyish shoxobchalari va elektromobillarni zaryadlash stansiyalarida ham faqat naqdsiz to‘lash mumkin bo‘ladi. Plastik kartasi bo‘lmagan odam qonuniy ravishda alkogol va tamaki mahsulotlari sotib ololmaydi. Xuddi shunday, kommunal to‘lovlar va davlat xizmatlari uchun to‘lovlar ham faqat naqdsiz shaklda qabul qilinadi.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, omborda uzoq turib qolgan import mahsulotlar soliq tekshiruviga asos bo‘lishi mumkin. Shu sanadan e’tiboran ko‘chmas mulk obektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi.

Bu yangi qoidalar tadbirkorlar uchun nimani anglatadi? Qaysi normalar qo‘shimcha majburiyatlarni keltirib chiqaradi?

Kun.uz muxbiri shu kabi savollar yuzasidan soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov bilan suhbatlashdi.

Ko‘chmas mulk oldi-sotdisida aylanib o‘tish bo‘laveradi

— (2025 yil 10 dekabrda qabul qilingan PF-246) farmonda yashirin iqtisodiyotning oldini olishga qaratilgan ko‘p tadbirlar belgilangan. Bundan birinchisi – aynan naqdsiz to‘lovlarni majburiy qilib qo‘yish. Bunda rasmiy maqsad naqd pulni yo‘qotish, naqdsiz to‘lovlarni kengaytirish bo‘lsa, asl strategik maqsad – qora bozorning oldini olish.