Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Quruqlikdan bosqin ehtimoli: Eron bunga qanchalik tayyor?
AQSh va Isroil havo hujumlari orqali Eronni bombalayapti. Vashingtondagi rasmiylar Tehronni taslim qilish uchun quruqlik orqali bosqinni ham istisno qilmayapti. Lekin forslarning mudofaa ssenariylari mamlakatning geografik joylashuvi va raqibning asimmetrik qudratiga mos tarzda tuzib chiqilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron 600 mingdan ziyod faol harbiylarga ega. Shundan 420 mingi klassik armiya jangchilari bo‘lsa, 190 mingi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining maxsus kuchlaridan iborat.
Shuningdek, Basij deb ataluvchi ko‘ngillilardan iborat guruh ham bor: agar safarbarlik e’lon qilinsa, jami qurolli kuchlar safi bir necha millionga yetishi mumkin.
Ehtimoliy hujum qayerdan boshlanishi mumkin?
Eron – Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo kesishgan hududda joylashgan. Agar urush yanada chuqurlashib, yangi bosqichga o‘tsa, tabiiy savol paydo bo‘ladi: Eron hududiga quruqlikdan bosqin qaysi yo‘nalishlardan bo‘ladi?
Asosiy variantlar ikkita: yo tog‘lar orqali shimoldagi kurd hududlaridan, yoki neftga boy janubdagi tekisliklardan.
Shimoldan bosqin – Eron uchun yangilik emas. Mamlakat o‘zining eng yangi tarixida 1980–1988 yillardagi Iroq bosqinidan mudofaa tajribasiga ega.
AQSh-Isroil yoki proksi guruhlar?
Eron hududi nafaqat geografik jihatdan, balki etnik, harbiy va siyosiy jihatdan ham murakkab. AQSh-Isroil ana shu murakkablikdan foydalanishga qaror qilishi mumkin.
Harbiy tahlilchilarga ko‘ra, eng ehtimoliy ssenariy to‘g‘ridan to‘g‘ri armiya bosqini emas, balki Eron ichida va uning chegaralarida separatistik ruhdagi turli proksi kuchlar orqali qurolli to‘qnashuvlarni keltirib chiqarish mumkin. Ayniqsa, Iroqning Eron bilan chegarasidagi taxminan 8 million atrofida kurdlar muhim rol o‘ynashi mumkin.
Muhokamalardan xabardor manbalarga ko‘ra, kurd qurolli guruhlari Eron xavfsizlik kuchlariga qarshi chegara hududlarida hujumlar boshlaydi, bu esa Eron armiyasining e’tiborini bir necha frontga bo‘lib yuboradi. Natijada mamlakat ichida norozilik namoyishlari kuchayishi osonlashadi.
Lekin 5 mart kuni Iroq Kurdistoni prezidenti Nechirvon Barzoniy o‘z hududini hech qanday harbiy keskinlikning bir qismi bo‘lmasligini aytib, buni rad etgan. Shunga qaramay, hududda boshqa ayirmachi kurd jamoalari ham bor. Shu boisdan 28 fevralda AQSh-Isroil Eronga hujum boshlagach, inqilob qo‘riqchilar korpusi ko‘plab nishonlar qatorida Iroq Kurdistoniga ham zarbalar berib turibdi.
Qolaversa, Yaqin Sharqda uyquda bo‘lgan qandaydir radikal guruhlar kutilmagan bayonotlar bilan uyg‘onib qolishi ham yangilik emas.
Mintaqada kurdlar yana dastaklansa, Turkiya ham bunga ko‘z yumolmasa kerak. Zotan bu masala o‘rtaga nima tikilgani bog‘liq.
Zagros tog‘lari va kurd hududlari
Eron–Iroq chegarasining shimoliy qismi deyarli to‘liq Zagros tog‘ tizmasi orqali o‘tadi. Bu hudud Yaqin Sharqdagi eng murakkab harbiy landshaftlardan biri hisoblanadi. Tog‘ tizmalari, tor daralar, balandliklar va o‘rmonli hududlar – klassik armiyalar uchun juda noqulay, ammo aynan shu hudud partizan urushi uchun ideal makon.
Iroq Kurdistoni ayni shu yerda, Eron bilan chegarada joylashgan. Eron hududida faoliyat yuritadigan Kurdiston demokratik partiyasi va boshqa kurd guruhlari aynan shu tog‘li hududlardan foydalanib keladi.
Eron tomoni ba’zida dron va raketalar bilan Iroq Kurdistonidagi kurd muxolif guruhlariga zarbalar berib turadi: 2022 yilda Mahsa Amini o‘limi ortidan boshlangan seriyali namoyishlarda aynan shu separatist guruhlar nishonga olingan edi.
Ammo muhim jihat shundaki, bu hudud orqali keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazish deyarli imkonsiz. Bu yerda faqat kichik mobil guruhlar, maxsus kuchlar yoki partizan harakati samarali bo‘lishi mumkin.
Markaziy sektor
Eron–Iroq chegarasining markaziy qismi Eronning Kirmonshoh va Ilam viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Geografik jihatdan bu hudud tog‘li emas, lekin vodiylar ancha murakkab, tepaliklar va tor yo‘llardan iborat.
1980-yillarda aynan shu hudud Saddam Husayn boshchiligidagi Iroq armiyasining asosiy hujum yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan. Ammo 8 yillik urush shuni ko‘rsatdiki, bu hududda tezkor harbiy yurish deyarli imkonsiz. Front chiziqlari yillar davomida deyarli o‘zgarmagan.
Demak, amerikaliklar uchun ham Eron chegarasida tezkor quruqlik amaliyoti o‘tkazish oson emas. Albatta, maxsus kichik guruhlardan foydalanmasa.
Janubiy sektor
Eron–Iroq chegarasining eng strategik qismi janubda joylashgan. Bu hudud Eronning Huziston viloyatiga to‘g‘ri keladi. Bu yer Eron iqtisodiyotining yuragi hisoblanadi, chunki mamlakat neftining katta qismi aynan shu hududdan olinadi. Geografik jihatdan bu hudud tekislik bo‘lib, katta qo‘shinlar: ya’ni jangovor mashinalar, umuman harbiy texnikalar uchun eng qulay yo‘nalish aynan shu yer hisoblanadi.
Ammo bu hududda ham muhim tabiiy to‘siq mavjud – Shatt al-Arab daryosi. Bu daryo Iroq va Eron o‘rtasidagi tarixiy mojarolarning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan edi (bu endi boshqa masala).
Chegaraning etnik geografiyasi
Eron–Iroq chegarasi faqat geografik emas, balki etnik jihatdan ham murakkab. Shimolda kurdlar yashaydi, ularning bir qismi markaziy hukumatga nisbatan ehtiyotkor kayfiyatda bo‘lsa-da, keng ko‘lamli qo‘zg‘olon ehtimoli hozircha past.
Janubda esa asosan arab aholisi, bu hudud ba’zan “Ahvaz arab mintaqasi” deb ham ataladi. Bu yerda kichik separatistik guruhlar mavjud bo‘lsa-da, ular katta siyosiy kuchga ega emas. Lekin hududdagi arablar soni 3 million atrofida.
Markaziy hududlarda esa lur va boshqa qabilalar yashaydi. Ular Eron davlat tizimiga nisbatan ancha integratsiyalashgan.
Chegara mustahkammi?
Eron strategik xavf zonasi sifatida aynan Iroq bilan chegaralarni ko‘radi. Shuning uchun bu yerda katta harbiy kuchlar joylashtirilgan. Asosan Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi nazoratida. Shu yil boshida e’lon qilingan manbalarda yozilishicha, chegarada 151 dan ortiq Eron harbiy punktlari bor. Bundan tashqari, Eronning xalq safarbarlik tizimi hisoblangan Basij ham mavjud.
Inobatga olish lozimki, Eron harbiy doktrinasi – AQSh-Isroilga qarshi urushga, ya’ni kuchlar nisbati teng bo‘lmagan dushman bilan to‘qnashishga mo‘ljallab yozilgan. Doktrina asimmetrik urushda o‘zidan kuchliroq armiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri front urushini real deb hisoblamaydi, shu sababli mozaika mudofaasi (har bir viloyatda mustaqil harbiy qo‘mondonlik) vositasida tarqoq va uzoq davom etadigan qarshilikni nazarda tutadi.
NormuhammadAli Abdurahmonov
Mavzuga oid
23:41 / 10.03.2026
Rossiya Yaqin Sharqdagi mojaroga aralashmasligi kerak – Hegset
23:04 / 10.03.2026
Eron Milliy xavfsizlik kengashida Trampga o‘lim bilan tahdid qilindi
20:37 / 10.03.2026
WSJ: maslahatchilar Trampni Eron bilan urushni tezroq tugatishga chaqirmoqda
18:52 / 10.03.2026