Jahon | 22:40 / 11.03.2026
2270
8 daqiqa o‘qiladi

Mantiqsiz urush. Uni boshlaganlar qanday tugatishni bilmayapti

Bugun Amerika va Isroil Eronga qarshi boshlagan qonli urushining 13-kuni. Biz ko‘p ishlatadigan o‘xshatishga moslasak, «Tehran in three days» degan «SVO» o‘xshamadi. Diniy kengash Xominaiyning o‘g‘lini yangi oliy rahbar deb e’lon qilishga ham ulgurdi. Amerika hech qanday harbiy va strategik maqsadiga erishmagani haqida endi Trampning yaqinlari ham gapira boshladi. AQSh prezidenti Erondagi urush ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan muvaffaqiyat keltiradi deb o‘ylagandi, lekin Amerikaning 47 yillik dushmanini bombalash operatsiyasi amalda strategik xatoga aylanib ketdi.

Nimani ko‘zlashgandi?

Esingizda bo‘lsa, Donald Tramp va Binyamin Netanyahu urushning ilk kunlarida eronliklarga murojaat qilib hukumatni qo‘lga olishga chaqirgandi. O‘shandan bilish mumkinki, bu ikkovining maqsadi Xominaiyni o‘ldirish bo‘lgan xolos. Rahbar o‘lgach, odamlar ko‘chaga chiqib hokimiyatni qo‘lga olishi, keyin yangi rahbar qo‘l ostida Eron «Isroil va Amerika bilan do‘st bo‘lishiga» umid qilishgan. Ishoning, katta ehtimol aynan shunaqa qilishgan. Bo‘lmasa nega eronliklarga «Biz tugatgach, ko‘chaga chiqib hokimiyatni qo‘lga oling», deyishsin? Netanyahu hatto o‘zini sun’iy intellektda forscha gapirtirib, videosini tarqatdi.

Amerika chindan kuchli davlat, hukumat tepasida juda kuchli strateglar borligiga shubha yo‘q. Lekin ana shu Amerikaning prezidenti o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan harakat ustiga reja tuzgan, 47 yil Amerikaga o‘lim deb baqirgan odamlar bir kunda Amerika bilan do‘st bo‘lib qolishiga umid qilgan ko‘rinadi. Urush startidagi o‘sha isyonga chorlovni boshqacha tushunish mumkin emas.

Keyin amerikaliklar Eronga qarshi operatsiyada hech qanaqa «B» reja yo‘qligi, hammasi reja asosida ketayotganini aytib chiqishdi. Lekin Xominaiy o‘lgandan keyin nima qilish kerakligi katta ehtimol o‘ylab ham ko‘rilmagan. Balki ular Eron rahbari birinchi kundayoq o‘lishini kutmagandir ham.

Amerika va Isroilda Xominaiyni o‘ldirgandan keyingi harakat rejasi bo‘lganida, ular hozirgidek neft omborlarini portlatib o‘tirmasdi. Eron dunyodagi neftga eng boy davlatlardan biri, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan dunyo neft tranzitining katta qismi amalga oshiriladi. Bu davlat atrofidagi konflikt doim neft narxiga ta’sir qilgan.

Qora oltinning bir bochkasi 100 dollardan qimmatgacha chiqib bordi. To‘g‘ri, hozir narx tushdi, lekin bozorda stabillik yo‘qoldi. Vaziyat shunchalikka bordiki, Amerika Rossiyaga qarshi joriy qilingan neft sanksiyalarini bekor qilishi mumkin ekan. Aniq reja bilan boshlangan harbiy operatsiya bunaqa jiddiy muammolar keltirib chiqarmasligi kerak mantiqan qaraganda.

Kimning manfaati?

Yaqinda Kongressdagi yig‘ilishda amerikalik sobiq harbiy «Biz Isroil manfaati uchun urushmaymiz, bu urushning Amerikaga keragi yo‘q», deb isyon ko‘tardi. Amerikada bu e’tirozlar borgan sari ko‘proq yangramoqda. Isroil va Amerika davlati hozir har qachongidan yaqindir, lekin Amerika jamiyatining Isroilga munosabati eng yaxshi holatda deb bo‘lmaydi. Tobora ko‘proq amerikaliklar bu urush Isroil manfaati uchun boshlanganiga ishonch hosil qilmoqda.

Amerika Eronni bombalayapti, Eron bunga javoban atrofidagi musulmon davlatlarga raketa otyapti, Yaqin Sharqda musulmon davlatlar birlashishiga hech qanday umid ham yo‘q. Bu Isroil orzu qiladigan ssenariy axir.

Oddiy savol: Eron Amerikaga qanday xavf solayotgandi? Bir guruh eronliklar ko‘chaga chiqib Amerika va Isroilga o‘lim tilashi orqalimi? Dunyoning ko‘p davlatlarida Amerikaga o‘lim tilashadi, bu yangilik emas. Qurolsiz odamlar o‘z davlatida o‘z tilida hayqirayotgani dunyodagi eng kuchli davlatga qanday xavf tug‘dirishi mumkin? Axir ular Perl Harborga hujum qilgani yo‘q-ku?

Demokratiya yomonotliq bo‘ldi

Urush boshlanishidan avval eronliklar hukumatga qarshi tarixdagi eng katta norozilik namoyishlari o‘tkazgandi. Eronliklar ozod yashashga haqli ekanini aytib ko‘chalarga chiqishdi, minglab eronliklar o‘ldirildi, o‘likxonalar jasadga to‘ldi. O‘shanda muxolif kayfiyatdagi eronliklar chindan Amerikadan yordam kutgan, lekin maktablarni, to‘g‘ri kelgan joyni bombalashni so‘ramagandi.

Eronda chindan hukumatga norozi kayfiyatdagi odamlar ko‘p, ular Amerika bizga yordam berishni istaydi deb o‘ylardi. Lekin ko‘z o‘ngida Amerika bombasi maktabga tushganini ko‘rgan odam mamlakatini jang maydoniga aylantirgan davlatni aslo do‘st deb bilmaydi. Tramp muxolif kayfiyatdagi eronliklarga «Sizda hukumatni qo‘lga olish uchun tarixiy imkon paydo bo‘ldi», deb aytgandi. Lekin aslida hozir Eron hukumatida barcha siyosiy qarashdagi xalqni yagona g‘oya atrofida birlashtirish uchun tarixiy imkon paydo bo‘ldi. Qanday maqsad-u, qanday natija...

Amerikada Stiv Bennon degan odam bor, u Trampning birinchi saylov kampaniyasini boshqargan, o‘sha payt Oq uyning bosh strategi bo‘lgan. Yaqinda pedofil Epshteyn fayllarida uning rosa yozishmalari chiqdi. Ana shu odam Trampning urushni boshlash qarori xato bo‘lgani haqida yuqoridagi fikrlarimizga o‘xshash gapni aytdi.

«Trampning boshlang‘ich rejasi Erondagi oyatulloga qarshi guruhlarni qo‘llash edi. Buning o‘rniga Isroil fors millatini birlashtirishga erishdi», dedi siyosatchi. Bu gapning tarjimasi mana bunday bo‘ladi: Tramp eronliklarga yordam bermoqchi edi, lekin oraga Isroil qo‘shilib, urushni o‘z manfaatiga burdi va oxir-oqibat tarqoq eronliklarni birlashtirdi. Barchasini boshqa odam boshlagandir, lekin aslida urush kimning manfaatiga ishlayotganini hamma bilib bo‘ldi.

Eng yomoni Erondagi urushda demokratiya yomonotliq bo‘lyapti. Demokratiyaga aloqasi bo‘lmagan odamlar bu ajoyib qadriyatni yomonga chiqarishdi. Ishoning do‘stlar, demokratiya bu birovning davlatini bombalash, kimningdir manfaati uchun urush boshlash emas. Demokratiya bu hukumat chinakamiga xalqqa tegishli bo‘lishi, xalqning talabi bilan yomg‘irdan keyin rasvosi chiqqan yo‘llar asfalt qilinishi, xalqning talabi bilan maktab, bog‘chalar qurilishi, elektr liniyalari tortilishi, maoshlar oshishi — ana shular demokratiya. Juda iste’dodli, mard, minglab qurbon berishdan qo‘rqmaydigan eron xalqi ana shunday asl demokratiya istagandi, maktablari bombalanishini emas...

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid