Jahon | 19:07 / 12.03.2026
15633
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda NUJ maxfiy dasturlariga rahbarlik qilgan general sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi

AQSh Harbiy-havo kuchlarining iste’fodagi general-mayori, 68 yoshli Uilyam Nil Makkaslend qariyb ikki haftadan beri qidirilmoqda. U NUJ maxfiy dasturlariga rahbarlik qilgan.

Foto: US Air Force

AQSh Harbiy-havo kuchlarining iste’fodagi general-mayori Uilyam Nil Makkaslend qariyb ikki haftadan beri qidirilmoqda. Federal tergov byurosi (FTB) agentlari qidiruvga qo‘shildi, deb xabar berdi CNN.

68 yoshli Makkaslend 27 fevralda g‘oyib bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Albukerkdagi uyidan chiqib ketganidan beri oilasi yoki do‘stlari bilan aloqaga chiqmagan. Uning mobil telefoni uyda qolgan.

Ertasi kuni rasmiylar «kumush ogohlantirish» deb nomlangan xabarni e’lon qildi - bu yo‘qolgan odamni topish uchun maxsus xabar bo‘lib, tibbiy muammolar yuzaga kelganda qo‘llaniladi.

Keng ko‘lamli qidiruv operatsiyasi

Huquq-tartibot idoralari xodimlari keng ko‘lamli qidiruv ishlarini olib bormoqda, mahalliy aholini so‘roq qilmoqda va bedarak yo‘qolgan shaxsning yashash joyi yaqinidagi hududlarni tekshirmoqda. Tergovchilar allaqachon tumandagi 600 dan ortiq uy egalari bilan bog‘langan.

Operatsiyaga Albukerkda joylashgan Kirtlend aviabazasidan ham harbiylar jalb qilingan.

Makkaslendning bo‘yi taxminan 178 santimetr, ko‘zlari moviy va sochlari oq. Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, u sport bilan faol shug‘ullangan - Sandiya tog‘lari etaklarida yurish, yugurish va velosipedda sayr qilishni yaxshi ko‘rgan.

Maxfiy dasturlarda xizmat qilish

Makkaslend AQSh Harbiy-havo kuchlarida xizmat qilgan davrida bir qator muhim lavozimlarda ishlagan. Xususan, u AQSh Mudofaa vazirligining global joylashuv tizimi dasturining bosh muhandisi bo‘lgan, shuningdek, kosmik texnologiyalar va Pentagonning maxsus dasturlari bilan bog‘liq tuzilmalarda ishlagan.

Bundan tashqari, u Ohayo shtatidagi Rayt Patterson havo kuchlari bazasida Harbiy-havo kuchlari tadqiqot laboratoriyasiga qo‘mondonlik qilgan. Bu baza 1947 yilda Rozvell voqeasi bilan bog‘liq fitna nazariyalarida tez-tez tilga olinadi, garchi Amerika harbiylari yerdan tashqaridagi texnologiyalar haqida hech qanday dalil yo‘qligini bir necha bor rad etgan.

Iste’foga chiqqandan keyingi ish

Xizmatni tugatgandan so‘ng, Makkasland Blink-182 musiqachisi Tom Delong hammuassisi bo‘lgan Tuze Stars kompaniyasida ishlagan. Tashkilot noma’lum havo hodisalarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

Oilasi nima deydi

Yo‘qolgan shaxsning rafiqasi Syuzan Makkaslend Uilkersonning aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i aqliy zaiflikdan aziyat chekmagan.

Qidiruv ishlarida allaqachon o‘nlab ko‘ngillilar, shuningdek, otliq guruhlar, vertolyotlar, dronlar va qidiruv itlari ishtirok etyapti.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining ta’kidlashicha, hozircha jinoyat alomatlari aniqlanmagan, biroq yo‘qolishning barcha ehtimoliy versiyalarini tekshirishda davom etmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid