Jahon | 09:55
1308
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eron rahbarlari haqidagi ma’lumot uchun 10 mln dollargacha mukofot taklif qilmoqda

AQSh Davlat departamenti Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning asosiy rahbarlari haqida ma’lumot uchun 10 million dollargacha mukofot e’lon qildi. Ular orasida mamlakatning yangi oliy rahbari Mujtaba Xominaiy ham bor. AQSh hukumatining ro‘yxatida jami 10 kishi mavjud.

Foto: AP

AQSh Davlat departamenti “Adolatga yordam uchun mukofot” dasturi doirasida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning asosiy rahbarlari haqida ma’lumot uchun 10 million dollargacha mukofot e’lon qildi. Ular orasida Eronning yangi oliy rahbari Mujtaba Xominaiy ham bor. Tegishli bayonot dastur saytida e’lon qilingan. E’lon qilingan sana ko‘rsatilmagan, ammo ommaviy axborot vositalari bu xabarga 13 mart, juma kuni e’tibor qaratdi.

Xominaiydan tashqari, AQSh hukumatini qiziqtirayotgan shaxslar ro‘yxatiga yana to‘qqiz kishi kiritilgan. Ular orasida oliy rahbar ma’muriyati rahbari Ali Asqar Hijoziy, mamlakat Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Lorijoniy, oliy rahbarning katta harbiy maslahatchisi Yahyo Rahim Safaviy, ichki ishlar vaziri Iskandar Mo‘miniy va razvedka vaziri Ismoil Xatib bor. Shuningdek, ismlari ochiqlanmagan holda ro‘yxatga mamlakat Mudofaa kengashi kotibi, oliy rahbar maslahatchisi, oliy rahbar ma’muriyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i va IIMK qo‘mondoni ham kiritilgan.

E’tiborli jihati shundaki, AQSh hukumati Eron rahbariyati haqidagi ma’lumot uchun Davlat departamenti dasturida ko‘zda tutilgan eng yirik mukofotni taklif qilayotgani yo‘q: odatda, bunday to‘lovlarning eng yuqori miqdori 25 million dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, Eron rahbarlari haqidagi ma’lumotni taqdim etuvchilar xavfsizlikni ta’minlash maqsadida boshqa joyga ko‘chirilishi ham mumkinligi aytilgan. Ma’lumotlarni yetkazish uchun Tor brauzeri va Signal messenjeri orqali bog‘lanish taklif qilingan.

28 fevral ertalab AQSh va Isroil Eronga keng ko‘lamli havo zarbalarini berib, “Epik g‘azab” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, ilk hujumlar natijasida Eronning taxminan 40 nafar yuqori lavozimli amaldori va rahbarlari halok bo‘lgan. Ular orasida mamlakat oliy rahbari Ali Xominaiy, IIMK qo‘mondoni Muhammad Pokpur, Mudofaa kengashi kotibi Ali Shamxoniy, Eron qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Abdulrahim Musaviy va mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda ham bo‘lgan. Shuningdek, Ali Xominaiyning ikkinchi o‘g‘li — keyinchalik yangi oliy rahbar etib tanlangan Mujtaba yaralangan. Hujumlar paytida uning xotini va o‘g‘li halok bo‘lgan.

AQSh va Isroil hujumlariga javoban, Eron ikkinchi mamlakatga va Fors ko‘rfazi davlatlari hududlariga zarbalar bermoqda. Bu hujumlar davomida snaryadlar va uchuvchisiz uchish apparatlari fuqarolik obektlariga tushgani bir necha bor qayd etilgan. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qo‘shni davlatlardan uzr so‘rab, ularning hududiga zarbalar Eron harbiylari tomonidan AQSh va Isroil hujumlari oqibatida rahbariyat yo‘qolgan sharoitda amalga oshirilganini bildirdi. Keyinroq IIMK Eron mintaqadagi istalgan mamlakatda joylashgan AQSh harbiy bazalariga zarba berishni davom ettirishini qo‘shimcha qildi.

Yaqin Sharqdagi janglar va ularning dunyo uchun oqibatlari haqida fikr yuritar ekan, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush u “qachon tugashini xohlasa”, o‘shanda tugashini aytdi. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats esa janglar “hech qanday vaqt cheklovisiz — qancha kerak bo‘lsa, shuncha” davom etishini bildirdi. Eron esa urushni tugatish shartlarini uning raqiblari emas, balki Islom Respublikasining o‘zi belgilashini ma’lum qildi.

https://www.dw.com/ru/ssa-predlagaut-do-10-mln-za-informaciu-o-modztabe-hamenei-i-drugih-liderah-irana/a-76356449

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid