Jahon | 12:25
1196
12 daqiqa o‘qiladi

Do‘stlikdan dushmanlikkacha – AQSh va Isroil Eronga necha marta havo hujumlarini amalga oshirgan?

2026 yil 28 fevral kuni boshlangan va davom etayotgan raketa va aviatsiya zarbalari AQSh hamda Isroilning Eronga qilgan birinchi hujumi emas. Tarixda bunday hodisa bir necha marta yuz bergan. Xo‘sh, nega bir paytlar Eron bilan do‘stona aloqalarda bo‘lgan AQSh va Isroil fors davlatiga qasdlashib qoladi?

Ancha yillardan buyon Eron AQSh sanksiyalari ostida yashab kelmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida rasmiy Tehron yashirincha yadro quroli yaratish ustida tadqiqotlar olib borayotgani ko‘rsatiladi.

Biroq bir paytlar AQSh hamda Eron do‘st mamlakatlar bo‘lgan va Amerika fors davlatining yadroviy tadqiqotlariga qarshi bo‘lmagan.

Shuningdek, bugun Eronni o‘ziga dushman deb biladigan Isroil ham o‘tgan asrning 60-70-yillarida forslar bilan do‘stona aloqalarda bo‘lgan. Xo‘sh, keyinchalik nega Eronning bu ikki davlat bilan orasi buzildi?

AQSh—Eron munosabatlari tarixi

Dunyo siyosiy sahnasidagi keskinliklar Ikkinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng battar avj oladi. SSSR va AQSh turli davlatlarni o‘z ta’sir doirasiga olish uchun keskin raqobat boshlaydi.

Ana shu jarayonda AQSh Eron bilan do‘stona aloqalar o‘rnatadi. Eron o‘z hududidagi neft konlarini o‘zlashtirish va ulardan foydalanish maqsadida G‘arb kompaniyalari bilan hamkorlik qila boshlaydi.

O‘sha paytda Eronni shoh Rizo Pahlaviyning o‘g‘li Muhammad Rizo Pahlaviy boshqarib turgandi. Shuningdek, mamlakatda bosh vazir ham bo‘lib, hokimiyatning bir qismi uning izmida edi.

Muhammad Musaddiq

1951 yilda Muhammad Rizo Pahlaviy kelib chiqishi Qojarlar sulolasiga borib taqaladigan Muhammad Musaddiqni bosh vazir etib tayinlaydi.

Musaddiq Eron neft konlarini milliylashtirish qonunini ishlab chiqadi va uni tatbiq qilishni boshlaydi. U Erondan AQSh hamda Britaniya kompaniyalarini va ularning mutaxassislarini chiqarib yuboradi.

Oqibatda Eronning AQSh va Britaniya bilan munosabatlari keskin yomonlashadi. 1952 yil oktyabrda Musaddiq Britaniya bilan diplomatik munosabatlarni uzadi.

O‘shanda Muhamad Rizo Pahlaviy G‘arb davlatlari bilan munosabatlar yomonlashishiga qarshi bo‘ladi va shu sababli Muhammad Musaddiqning bosimi ostida qoladi.

1953 yilda MRB rahbari Musaddiqni ag‘darish uchun 1 mln dollar ajratadi. Eronda namoyishlar boshlanadi va odamlar Muhammad Rizo Pahlaviyning suratlarini yirtib, haykallarini yiqita boshlaydi. Shoh Rimga qochadi.

1953 yil avgustda Musaddiq MRB va MI-5 xodimlari yordamida ag‘dariladi. Uning o‘rniga ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlab turgan Fazlulloh Zohidiy Eron bosh vaziri bo‘ladi.

Shundan so‘ng Muhammad Rizo Pahlaviy Tehronga qaytadi. Eron AQSh va Britaniya bilan hamkorlikni qayta tiklaydi. G‘arb kompaniyalari bu davlatda yana neft qazib ola boshlaydi.

Eronning sobiq shohi Muhammad Rizo Pahlaviy

Endi, Eron-Isroil munosabatlariga kelsak, 1950 yilda forslar yahudiy davlatini tan oladi. 1961 yilda Isroil bosh vaziri Devid Ben Gurion Eronga davlat tashrifi bilan keladi. Fors davlatining AQSh va Isroil bilan do‘stona aloqalari 1979 yilgacha davom etadi.

Inqilob va AQSh bilan dushmanlikning boshlanishi

1978 yil yanvarda Qum shahrida namoyish vaqtida politsiya ikki nafar talabani o‘ldiradi. Shundan so‘ng shahar aholisi shoh tuzumiga qarshi oyoqqa turadi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar boshqa shaharlarda ham boshlanadi.

Pahlaviy mamlakatda harbiy holat joriy etib, namoyish o‘tkazishni taqiqlaydi. Ammo xalq noroziligi nazorat qilib bo‘lmas darajaga yetib bo‘lgandi. 1978 yil dekabr oyi boshlarida namoyishlar yanada kuchliroq avj oladi.

1979 yil 16 yanvar kuni Pahlaviy xorijga qochib ketadi. 1 fevralda oyatulloh Humayniy uzoq yillik qochqinlikdan so‘ng Tehronga qaytadi. Eronda hokimiyat Islom respublikasi tuzish uchun harakat qilgan inqilobchilar qo‘liga o‘tadi.

1979 yil dekabrda Eronda yangi konstitutsiya qabul qilinadi. Unga ko‘ra, mamlakatning diniy rahnamosi – oliy rahbar, buyuk oyatulloh bo‘ladi. Siyosiy va fuqarolik hokimiyati esa prezident, Oliy Majlis va bosh vazir ixtiyorida qoladi.

Ruhulloh Xumayniy Eronning ilk oliy rahbariga aylanadi. Abuhasan Banisadr fors davlatining birinchi prezidenti bo‘ladi.

Eronning birinchi oliy rahbari Ruhulloh Xumayniy

Eronda yangi davlat tuzilgach G‘arb kompaniyalariga tegishli barcha mulklar, neft konlari hamda ularni qayta ishlash zavodlari milliylashtiriladi va davlat tasarrufiga o‘tkaziladi. Oqibatda, Eron va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashadi.

AQSh elchixonasining egallanishi va barbod bo‘lgan amaliyot

1979 yil 4 noyabr kuni eronlik bir guruh shaxslar, ularning asosiy qismi talabalar bo‘lgani aytiladi, AQShning Tehrondagi elchixonasiga bostirib kiradi. So‘ng elchixonada bo‘lgan 66 kishini garovga oladi.

O‘shanda eronliklar AQShga shart qo‘yib, garovdagilarni shoh Muhammad Rizo Pahlaviyga almashtirishlarini aytishadi. AQSh muzokara yo‘li bilan garovdagilarni ozod qila olmagach ularni qutqarish uchun maxsus amaliyot o‘tkazishga qaror qiladi.

Amaliyot boshlanishidan avval, 1980 yil 7 aprel kuni AQSh Eron bilan diplomatik aloqalarni uzadi. Prezident Jimmi Karter fors davlati bilan moliyaviy amaliyotlarni butunlay to‘xtatish haqidagi farmonni imzolaydi.

Amaliyot rejasiga ko‘ra, AQSh qurolli kuchlari tarkibidagi “Delta” maxsus guruhi samolyotlar va vertolyotlar bilan Eron markazida joylashgan Dashti Kabir cho‘liga qo‘nishi lozim edi.

Shunda boshqa bir guruh Tehron yaqinidagi tashlandiq aerodromni egallashi, keyin cho‘lga tushgan maxsus guruh poytaxtga yetib borib, AQSh elchixonasiga qarab harakatlanishi belgilangandi.

Jimmi Karter va Sayrus Vens, 1970-yillar oxirlari

O‘shanda bu amaliyotga AQSh davlat kotibi Sayrus Vens qarshi chiqadi. Prezident Jimmi Karter uni o‘tkazishni talab qiladi. 1980 yil 24 aprel kuni boshlangan bu amaliyot maxsus kuchlarning no‘noqligi, noqulay ob-havo va harbiy texnikalar nosozligi tufayli o‘sha kunning o‘zida barbod bo‘ladi.

Amaliyot boshlanganidan so‘ng maxsus kuchlar safidagi sakkiz nafar harbiy halok bo‘ladi. Bir necha vertolyot qulab tushadi. Shundan so‘ng amaliyotni to‘xtatish va ortga qaytish buyrug‘i beriladi.

Cho‘lda qo‘ngan samolyotlarning ikkitasi eronliklar tomonidan yo‘q qilinadi. Vertolyotlar tashlab ketiladi va ular Eron armiyasiga o‘lja bo‘ladi.

Bundan tashqari eronliklar halok bo‘lgan AQSh harbiylarining jasadlari, amaliyotga tegishli maxfiy hujjatlar va radio kod kitoblarini qo‘lga kiritadi. Omon qolgan amerikalik harbiylar shikastlanmagan samolyotlarda evakuatsiya qilinadi.

Ana shu muvaffaqiyatsiz amaliyot ortidan 1980 yil 28 aprel kuni AQSh davlat kotibi Sayrus Vens iste’foga chiqadi. O‘sha yili kuzda o‘tkazilgan prezident saylovida Jimmi Karter katta farq bilan Ronald Reyganga yutqazadi.

AQSh va Isroilning Eronga havo hujumlari

O‘tgan yillar davomida AQSh va Isroil bir necha marta Eronga raketa va aviatsiya zarbalari beradi.

Jumladan:

1988 yil. AQSh harbiy-havo kuchlariga qarashli samolyotlar Eron neft platformalariga va kemalariga aviazarbalar yo‘llaydi. Eron tomoni javob qaytaradi.

Bu to‘qnashuvda fors davlati jiddiy yo‘qotishlarga uchraydi. Amerikaliklar Eronning bir nechta kemasini cho‘ktiradi, neft platformalarini vayron qiladi. Oxir-oqibat oliy rahbar Xumayniy sulhga rozi bo‘ladi.

2024 yil 19 aprel. Isroil Eronning Isfahon shahridagi muhim obektlarga raketa zarbalari beradi.

2024 yil 26 oktyabr. Isroil raketalar yordamida Eronning havo hujumidan mudofaa tizimlariga zarbalar yo‘llaydi.

Nishonga olingan obektlar orasida Rossiyadan sotib olingan S-300 havo hujumidan mudofaa tizimlari saqlangan joylar ham bor edi.

2025 yil 13 iyun. AQSh harbiy-havo kuchlariga qarashli samolyotlar Eronga aviazarbalar bera boshlaydi. Fors davlati ham bunga javoban Isroilga va AQShning Fors ko‘rfazidagi davlatlarda joylashgan harbiy bazalariga o‘z raketalarini yo‘llaydi.

AQShning Eronga aviazarbalar berishi va eronliklarning bunga javoblari 12 kun davom etadi va 2025 yil 24 iyunda tugaydi. Bu harbiy mojaro tarixda “12 kunlik urush” nomi bilan qolgan.

O‘shanda AQSh va Isroilning hujumlari tufayli Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni Husayn Salomiy, shu tashkilotning Aerokosmik kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizoda halok bo‘ladi.

Husayn Salomiy

Yuqoridagilardan tashqari, Isroil va AQSh Eronning Iroq hamda Suriyada joylashgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qarorgohlariga zarbalar yo‘llaydi.

Jumladan, 2020 yil 3 yanvar kuni AQSh harbiylari Bag‘dod aeroporti yaqinida ketayotgan kortejga raketa zarbasi beradi. Oqibatda eronlik taniqli general, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining “Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy halok bo‘ladi.

2023 yil 25 dekabr kuni Isroil Suriya poytaxti Damashq shahri yaqinidagi qarorgohga raketa zarbasi beradi. Oqibatda, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yuqori martabali generali, Qosim Sulaymoniyning yaqin yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan Sayyid Roziy Musaviy halok bo‘ladi.

Qosim Sulaymoniy

Bu shaxs o‘sha paytda Bashar Asad boshqaruvidagi Suriya armiyasining maslahatchisi bo‘lgan va Livandagi “Xizbulloh” jangarilariga qurol-yaroq yetkazib berishda asosiy vazifani bajargan.

2026 yil 28 fevral. AQSh va Isroil Eronga yana raketa va aviatsiya zarbalari berishni boshladi. Oqibatda Erondagi ko‘plab obektlar vayron bo‘ldi.

Shuningdek, Eron oliy rahbari Ali Xominaiy, Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Abdulrahim Musaviy, mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni Muhammad Pokpur, Eron mudofaa kengashi kotibi Ali Shamhoniy va Eron oliy rahbarining harbiy idorasi rahbari Muhammad Shiroziy va boshqalar halok bo‘ldi.

Ali Xominaiy

O‘shandan buyon AQSh va Isroil Eronga zarba berishda davom etmoqda. Eron ham Fors ko‘rfazida joylashgan BAA, Qatar, Bahrayn davlatlaridagi AQSh harbiy bazalariga va Isroilga javob zarbalari yo‘llamoqda.

To‘qnashuv boshlanganidan buyon AQSh prezidenti Donald Tramp turli bayonotlar bermoqda. Ular orasida Eronga quruqlikdan hujum qilish haqidagi gaplar ham bor. Kelajakda voqealar rivoji qanday kechadi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biz esa urushga qarshimiz va dunyoda doimo tinchlik hukm surishini xohlaymiz.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid