Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev markazda yaratilgan sharoitlar, boy ekspozitsiyalar va yangi tashabbuslar bilan tanishdi. Qur’oni karim zaliga kirib, mazkur maskanda yaratilgan ma’naviy muhit va noyob ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi. Markazga hadya etilgan va xorijdan xarid qilingan qimmatbaho tarixiy artefaktlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Davlat rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat qoldirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Markaz maydoni va qamroviga ko‘ra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi. U Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Bu kabi noyob ko‘rsatkichlar uni “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritish uchun ham asos bo‘lmoqda.


Markaz qadimiy va milliy me’morchilik an’analari asosida qurilgan bo‘lib, unga to‘rt tomondan – to‘rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qur’on oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan.
Quyi qavatda bolalar uchun maxsus platforma, restavratsiya hamda elektron nusxa olish laboratoriyasi, muzey eksponatlari va nodir qo‘lyozmalarni saqlash fondlari, zamonaviy kafeteriy va muzey vestibyullari joylashgan.
Birinchi qavatdan qariyb 8 ming 350 kvadrat metrlik ko‘rgazma zaliga ega muzey va 550 o‘rinli anjumanlar zali o‘rin olgan. Ikkinchi qavatda esa qo‘lyozma va toshbosma manbalar, bosma va elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxona, o‘quv zallari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar uchun sharoit yaratilgan.


Prezident yaratilgan sharoitlar, boy ekspozitsiyalar va yangi tashabbuslar bilan tanishdi. Qur’oni karim zaliga kirib, mazkur maskanda yaratilgan ma’naviy muhit va noyob ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi.
Gumbaz ostida maxsus mepping gologrammasi yaratilgan bo‘lib, unda avval koinot tasviri namoyon bo‘ladi, osmondagi yulduzlar jilolanadi. Gumbaz ostidagi yulduzlar kompozitsiyasi Toshkent osmonida tunda ko‘rinadigan yulduzlar xaritasi asosida shakllantirilgan. Ularni ifoda etish uchun 90 dona “svarovski” toshi va 650 dan ortiq chiroqlardan foydalanilgan.
Bu yerda Usmon Mushafi bilan bir qatorda yurtimizga tegishli bo‘lgan, turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qur’on qo‘lyozmasi jamlangan. Ular orasida somoniylar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, temuriylar, shayboniylar va boshqa davrlarga mansub noyob nusxalar bor.
Shundan so‘ng, prezidentga muzeyga tashrif buyuruvchi mehmonlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish ishlari taqdimot qilindi. Markaz qisqa muddat ichida xalqaro nufuzli tashkilotlar va nashrlar tomonidan e’tirof etilayotgani ta’kidlandi. Xususan, markaz Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor bo‘lgan, AQShdagi Smitson institutining “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga ko‘ra, 2026 yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, “Condé Nast Traveler” nashri uni 2026 yil iyun oyida tashrif buyurish mumkin bo‘lgan muzeylar ro‘yxatiga kiritgan, BBC Travel esa dunyodagi eng ko‘p kutilgan muzeylar qatoriga qo‘shgan.

Xalqaro ISO standartlari asosida eksponatlar raqamlashtirilib, yagona elektron platformaga joylashtirilgan. YuNeSKO va IKOM talablari, shuningdek, jahonning eng mashhur muzeylari tajribasi asosida eksponatlarning 8 yo‘nalishdagi etiketaj etalonlari va tasniflari yaratilgan. Har bir eksponatga QR-kodlar joylashtirilishi natijasida tashrif buyuruvchilar mobil telefon yoki planshet orqali ularning video va audio kontenti bilan dastlab 3 tilda, keyinchalik esa 8 tilda tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, Britaniya, Luvr va Metropolitan muzeylaridagi kabi robotgidlar, planshetlar orqali video va audio tanishuv, audiogidlar, radiogidlar va yo‘nalish ko‘rsatuvchi quloqchinlardan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, markazga bir kunda o‘rtacha 5 ming nafarga yaqin sayyoh kelishi kutilmoqda. Markaz va muzeyning xalqaro standartlar asosida to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun 400 dan ziyod xodim talab etilishi, ayni paytda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 100 dan ortiq nazoratchi va 30 dan ziyod ekskursovodlar faoliyat yuritayotgani, 10 ta davlatdan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun alohida gid matnlari ishlab chiqilgani ham qayd etildi.
Shundan keyin davlat rahbari markaz binosining ikkinchi qavatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Markaz kutubxonasini ko‘zdan kechirdi.


Kutubxonaning umumiy maydoni 3 ming 105 kvadrat metrni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda uning fondi 45 ming 150 tadan ziyod adabiyotni qamrab olgan bo‘lib, shundan 2 ming 609 tasi nodir nashrlardan iborat. Bundan tashqari, kutubxonada 350 mingta elektron adabiyot mavjud. U bir vaqtning o‘zida 310 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Olimlar va professorlar uchun alohida 4 ta xona tashkil qilinib, ularning ilmiy faoliyat olib borishi uchun barcha zamonaviy texnika va qulayliklar yaratilgan.
Shundan keyin prezident markaz huzurida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma faoliyati bilan tanishdi. Markazga hadya etilgan va xorijdan xarid qilingan qimmatbaho tarixiy artefaktlar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi.
Prezident topshirig‘iga muvofiq, xorijdagi madaniy boyliklarni O‘zbekistonga qaytarish ishlari izchil olib borilmoqda. O‘tgan yilda Buyuk Britaniyadagi “Sotheby’s” va “Christie’s” kabi auksion uylari, art-dilerlar va shaxsiy kolleksionerlardan 700 dan ortiq artefaktlar sotib olingan. Shuningdek, turli muassasalar, tashkilotlar va homiylar tomonidan 1000 dan ortiq buyumlar hadya qilingan. Ularning asosiy qismi birinchi qavatdagi muzeyga joylashtirilgan.


Prezidentga temuriylar davri kulolchilik namunalari, Madina shahrida payg‘ambar qabri ustiga yopilgan XIX asrga mansub ipak yopinchiq, Ka’ba eshigi ustida osilgan xizomaning tarixiy namunasi, katta hajmli “ona-so‘zana”, Amir Temur davrida ko‘chirilgan yirik Umar Aqto’ Qur’onining parchalari, temuriylar davri arxitektura yodgorliklariga tegishli koshin bo‘laklari, boburiylar davriga mansub qurol-aslaha, dubulg‘a, qalqon, qilich va sovut parchalari haqida ham axborot berildi.
– Bugun o‘zligimizni anglash yo‘lida katta tantana bo‘ldi. Ming shukrki, to‘qqiz yil davomida niyat qilib, izlanib, harakat qilib, xalqimizning kimligini, tariximizni haqqoniy aks ettiradigan majmuani barpo etdik. Bu yerga kelgan har bir inson, ayniqsa yoshlarimiz, qanday ajdodlar avlodi ekanimizni bilishi, anglashi kerak. Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan. Qur’oni karim saqlanadigan muqaddas zal ham shunchaki yaratilgan emas. U yurakdan tug‘ilgan, xalqimizning orzu-intilishlari va buyukligini namoyon etish istagidan paydo bo‘lgan maskandir. Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir, – dedi prezident.
Tashrif yakunida davlat rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat qoldirdi.


Mavzuga oid
23:19
Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi hamda iftorlik marosimida ishtirok etdi
16:23
Tadbirkorning “belini sindirish” - Toshkentda peshlavhalar bilan nima bo‘lyapti?
14:51
Poytaxtda narkotik savdosi bilan shug‘ullangan onlayn tarmoq fosh etildi
10:40