Sog‘lom hayot | 12:02 / 17.03.2026
1992
3 daqiqa o‘qiladi

Yashil choy miyani tozalashga yordam beradi – olimlar

Bu ichimlik Alsgeymer kasalligi va yosh bilan bog‘liq miya o‘zgarishlariga qarshi kurashda muhim ko‘makchi vazifasini bajarish xususiyatiga ega.

Olimlar aniqlashicha, yashil choy tarkibida ko‘p miqdorda mavjud bo‘lgan epigallokatexin gallat (EGCG) moddasi nerv hujayralarining energiya muvozanatini tiklaydi va zaharli oqsil to‘planmalaridan xalos bo‘lishga yordam beradi.

Yosh o‘tishi va Alsgeymer kasalligi rivojlanishi jarayonida neyronlarda guanozintrifosfat (GTF) darajasi keskin kamayadi. GTF – bu hujayraning o‘ziga xos “energiya valutasi” bo‘lib, “tozalash” tizimlari ishlashi uchun zarur, ya’ni uni hujayraning “yoqilg‘isi” deb tasavvur qilish mumkin. Ushbu “yoqilg‘i” yordamida hujayra o‘zini tozalab turadi, zararli oqsillar va chiqindilarni chiqarib tashlaydi. Agar GTF kamayib ketsa, hujayra yaxshi tozalana olmaydi va zararli moddalar yig‘ilib qoladi.

Yosh o‘tishi bilan tibbiy jihatdan GTF kamayadi, tozalash mexanizmlari buziladi va neyronlarda zaharli oqsil yig‘indilari, jumladan, beta-amiloid to‘planadi. Aynan u hozirda Alsgeymer kasalligining asosiy sababi hisoblanadi.

Laboratoriya tajribalari davomida olimlar yashil choydagi EGCG va nikotinamid (B3 vitaminining shakli) kombinatsiyasi atigi 24 soat ichida qarib borayotgan neyronlarda GTF darajasini tiklashini aniqladi. Bu esa bir qator ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi: hujayralarning o‘zini tozalash jarayonlari faollashadi, yashovchanligi oshadi va miya qarishining asosiy sabablaridan biri bo‘lgan oksidlovchi stress kamaydi.

Yashil choyning organizm uchun foydali ekani allaqachon ma’lum edi. Ushbu ichimlik turli antioksidantlarga boy bo‘lib, ular orasida EGCG eng kuchlilaridan biridir. Uni muntazam iste’mol qilish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytirishi, moddalar almashinuvini yaxshilashi va hatto ayrim saraton turlarining oldini olish mumkin. Endi bu ro‘yxatga neyrodegenerativ kasalliklardan himoya funksiyasi ham qo‘shildi.

Qiziq tomoni shundaki, EGCG miya uchun “filtr” vazifasini bajaradigan maxsus himoya devoridan o‘ta oladi. Odatda, bu devor ko‘p moddalarni miyaga kiritmaydi. EGCG to‘g‘ridan-to‘g‘ri miyaga yetib borib, unga ta’sir qila oladi. Bu esa kelajakda miya kasalliklariga qarshi dori ishlab chiqish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi.

Yashil choy – foydali ichimlik, lekin u kasallikni davolaydigan “mo‘jizali dori” emas. Uni sog‘lom turmush tarzining bir qismi sifatida ichish foydali, biroq kasallikni faqat unga tayanib davolab bo‘lmaydi .

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish