Jahon | 19:32
823
5 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya Markaziy Osiyo uchun 200 mln dollarlik dasturni ishga tushirdi 

Shveytsariya kelgusi 4 yilga mo‘ljallangan mintaqaviy loyihalarga start berdi va dastur ushbu davlat budjetidan qoplanadi. Kun.uz bilan gaplashgan elchi Konstantin Obolenskiyga ko‘ra, bu beminnat yordam hamda evaziga Shveytsariya mintaqadan hech nima kutmaydi.

Elchi Konstantin Obolenskiyga ko‘ra, bu Shveytsariyaning mintaqadagi barqarorlikning rivojlanishi, iqtisodiy o‘sishini qo‘llashini isbotlamoqda. 

Ma’lum bo‘lishicha, dastur ikkita asosiy yo‘nalish asosida qurilgan. Birinchisi suv va energiya. “Blue Peace Central Asia” loyihasi orqali suv resurslarini boshqarishda hamkorlik nazarda tutilgan. 

Yana bir eng muhim nuqta esa – iqlim o‘zgarishi, Shveytsariya loyihasida shaharsozlikni nazoratga olish orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash taklif qilinmoqda. 

Toza energiya, energiya samaradorligi va mintaqaviy energiya savdosini rivojlantirish ham birinchi yo‘nalish qismiga kiradi.

 -Dasturni qanday amalga oshirasiz va boshqalardan, masalan, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo uchun loyihalaridan sizniki qanday farq qiladi?

Biz aslida 1990 yillarda, Shveytsariya mustaqil O‘zbekistonni tan olganidan ko‘p o‘tmay ish boshlaganmiz. Biz bu yerda elchixona ochdik va O‘zbekiston bilan rivojlanish sohasida hamkorlikni boshladik. Ishonchim komil, bu Shveytsariyaning kuchli tomonlaridan biri edi. Shuningdek, Shveytsariyaning yashirin hech qanday maqsadi yo‘q. Ya’ni biz buni O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini yaxshilash yoki shunga o‘xshash maqsadlarda qilmaymiz. Asosiy xohishimiz – dunyoni yanada xavfsizroq qilish. Shveytsariya aslida shuni xohlaydi va bu O‘zbekistonda ham ko‘zlayotgan maqsadimiz hisoblanadi”, - deydi Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchisi.

Loyihaning ikkinchi yo‘nalishi barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo‘llash xususida. Ya’ni bu yo‘nalishda ish o‘rinlarini yaratish, o‘qitish, yosh tadbirkorlarga yordam berish, shaffof va normal qoidalarga asoslangan iqtisodiy o‘zgarishlarni qo‘llash, innovatsiyalarga pul tikish nazarda tutilgan. 

-Bu dastur qanday moliyalashtiriladi?

Bu shunchaki yordam emas, bu kreditlar ham emas. Bu sarmoya qilinayotgan Shveytsariya soliq to‘lovchilarining pullaridir”.

-Mamlakatingiz budjetidanmi?

“Aynan mamlakatimiz budjetidan. Va biz juda katta summalar haqida gapirmayapmiz. Albatta, bu ham katta pul. Umumiy hisobda bu to‘rt yil davomida mintaqa uchun taxminan 200 million dollarni tashkil etadi. Lekin eng muhimi, biz Shveytsariyadan ko‘plab nou-xau olib kelishga harakat qilamiz, shunda, yuqorida aytganimdek, O‘zbekiston va uning qo‘shni mamlakatlari xalqi manfaati yo‘lida ushbu maqsadlarga erisha olamiz” – Konstantin Obolenskiy, Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchisi.

Markaziy Osiyo uchun dasturning tepasida Shveytsariya hukumati va Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi turibdi. 

Bu yordam 50 yildan beri Shveytsariya xalqi tomonidan xalqaro rivojlanish, tinchlik va inson huquqlarini rag‘batlantirish uchun qabul qilingan konstitutsiyaviy mandatimizning bir qismiga kiradi. Bu mandatimizdan foydalangan holda har 4 yilda bir marta strategiya qabul qilamiz. Bu yilgisida maqsadimiz 4 ta: tinchlik va yaxshi boshqaruv, inson taraqqiyoti, iqlim va atrof-muhit hamda barqaror iqtisodiy rivojlanish. Xalqaro hamkorlik uchun 40 ta davlat ro‘yxatini tuzganmiz, ular ichida Markaziy Osiyo ham bor. Ayniqsa, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston. Bizning asosiy e’tiborimiz suv va energetikaga qaratilgan”, - deydi elchixonaning hamkorlik bo‘yicha guruh rahbari Endrin Fink. 

Dastur ikki yo‘nalish bilan cheklanmaydi, boshqaruv, inson huquqlari hamda fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslar bilan parallel olib boriladi. 

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda O‘zbekistonning Shveytsariya bilan savdo aylanmasi 84 foizga oshib, 600 million dollarga yetgan.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid