AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv Isroilda Netanyahu hukumatiga nisbatan tanqidlarni kuchaytirdi. 2023 yildan beri G‘azo, Livan, Yaman, Suriya, Eron va hatto Qatarni bombalagan Isroil xalqaro reputatsion yo‘qotishlar evaziga biror strategik yutuqqa erishdimi? Bu savol amaldagi bosh vazirning qayta saylanishiga shubhalarni kuchaytirmoqda. Chunki asosiy ittifoqchi Tramp ham Netanyahudan norozi.
AQSh–Eron sulhi tashqaridan qaraganda aniq va mantiqli ko‘rinishi mumkin, lekin kelishuvning qanchalik uzoq saqlanib qolishi imzolagan taraflardan tashqari, Isroilga ham bog‘liq. Agar Isroil o‘z harbiy strategiyasini o‘zgartirmasa, har qanday bitim uzoqqa bormaydi.
Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida shu haqda so‘z bordi.
— Bu kelishuvning kafolatlari qanchalik mustahkam?
Shavkat Ikromov: Agar Eron muzokaralarga tayyor ekanini namoyon qilayotgan bo‘lsa, u muayyan darajada proksi kuchlar masalasini Qo‘shma Shtatlar bilan muhokama qilishi kerak. Zarurat tug‘ilganda, hatto vaqtinchalik bo‘lsa ham, bu proksilarni tiyib turish masalasini ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Biroq Eronning proksilari bilan bog‘liq xatti-harakatlari bevosita Isroilning harakatlariga ham bog‘liq.
Eron tomoni "Hizbulloh"ni bevosita tilga olmasdan, asosan Isroil Livan janubidan chiqib ketishi kerakligini ta’kidlab keladi. Ya’ni ular Hizbullohni himoya qilishdan ko‘ra, Livanni “tinch qo‘yish” kerakligini urg‘ulaydi. Isroil esa hozircha Livan janubidagi harbiy ishtirokini qat’iy davom ettirmoqda. Natijada, Eronning proksilar bilan aloqalari va ularning Isroilga qarshi harakatlari aynan Isroil siyosatiga bevosita bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi paytlarda Isroil ichida ham tanqidlar kuchaygan. Bosh vazir Binyamin Netanyahuning muxoliflari 2023 yildan beri olib borilgan siyosat natijalarini savol ostiga qo‘ymoqda. G‘azo vayron qilindi, Livan janubida harbiy harakatlar davom etmoqda, Suriya hududida operatsiyalar olib borildi va Eron bilan keskinlik oshirildi. Ammo bu harakatlarning aniq strategik natijasi nima, degan savol ochiq qolmoqda.
Tanqidchilarga ko‘ra, Isroil xalqaro maydonda jiddiy imij yo‘qotishiga duch keldi. G‘azoda o‘n minglab insonlar halok bo‘ldi, infratuzilmaning katta qismi vayron qilindi, hududning katta qismi deyarli yer bilan yakson etildi. Shunga qaramay, Isroil bu hudud ustidan yuridik yoki siyosiy jihatdan to‘liq nazorat o‘rnatgani yo‘q.

















