O‘zbekiston | 21:22 / 18.04.2026
678
3 daqiqa o‘qiladi

Transport vazirligi xalqaro yuk tashuvchilarning ruxsatnomalari bilan bog‘liq muammo bo‘yicha izoh berdi

Bojxona organida O‘zbekiston – Xitoy yo‘nalishidagi elektron ruxsatnomalar hamda O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy koridori bo‘yicha qog‘oz shaklidagi ruxsatnoma blankalari (dozvol) seriya raqamlarining bir-biriga o‘xshash ekanligi bilan bog‘liq fors-major holati yuzaga kelgan.

Transport vazirligi o‘zbek milliy tashuvchisi tomonidan olingan Xitoy elektron ruxsatnoma blankasi bojxona organlari tomonidan tekshirilganda ishlatilgan bo‘lib chiqayotganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar bo‘yicha izoh berdi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, 2026 yildan e’tiboran O‘zbekiston Transport vazirligi Xitoy Transport vazirligi bilan hamkorlikda avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida elektron ruxsatnoma blankalari (E-permit) tizimini joriy etgan.

Shu bilan birga, ayni damda E-permit tizimi bilan bir qatorda O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy transport koridori bo‘yicha an’anaviy qog‘oz shaklidagi ruxsatnoma blankalari ham amalda qo‘llanilmoqda.

“O‘rganishlar jarayonida O‘zbekiston – Xitoy yo‘nalishidagi elektron ruxsatnomalar hamda O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy koridori bo‘yicha qog‘oz shaklidagi ruxsatnoma blankalari (dozvol) seriya raqamlarining bir-biriga o‘xshash (bir xil) ekanligi bilan bog‘liq fors-major holati yuzaga kelganligi oydinlashdi. Mazkur ruxsatnoma blankalarini chiqarish uchun mas’ul 2026 yilda raislik qiluvchi Xitoy tomoni ekanligini bildiramiz”, deyiladi vazirlik izohida.

Qo‘shimcha ravishda bildirilishicha, ikki tomonlama elektron ruxsatnomalar (E-permit) quyidagi formatdagi seriyaga ega: UZ-CN-2026-C-XXXX (unikal raqam).

O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy yo‘nalishi bo‘yicha qog‘oz shaklidagi ruxsatnoma blankalari (dozvol) faqat raqamli ko‘rinishda bo‘lib, harfli seriyaga ega emas.

Vazirlikning qayd etishicha, aynan bojxona organida hujjatlarni tekshirish jarayonida Xitoy elektron ruxsatnoma blankasining to‘liq seriya raqamlari bilan tizimga kiritilmaganligi natijasida fors-major holati yuzaga kelgan. Ya’ni E-permit unikal raqami O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy yo‘nalishi bo‘yicha ishlatib bo‘lingan qog‘oz shaklidagi ruxsatnoma blanka raqami bilan bir xil bo‘lib chiqqan. Natijada tizim elektron ruxsatnoma ishlatib bo‘lingan degan xulosani bergan.

Ayni damda Transport vazirligi Xitoy vakolatli organlari bilan hamkorlikda ushbu vaziyatni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

Vazirlik xalqaro yuk tashuvchi transport vositalari haydovchilariga chegara va bojxona organlari xodimlariga murojaat qilib, ruxsatnoma hujjatlarining to‘liq seriya raqamlarini tizimga kiritish va tekshirishni so‘rashni tavsiya etgan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid