Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi otashkesim, Ko‘rfazda yangi hujumlar va Oq uy yaqinida otishma – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh va Eron o‘rtasida keskinlik
Dushanba kuni AQSh va Eron Fors ko‘rfazida yangi hujumlarni amalga oshirdi. Raketa va dron hujumlari AQSh prezidenti Donald Trampning Ho‘rmuzda qolib ketgan kemalarni o‘tkazishga urinishidan so‘ng yuz berdi.
Fors ko‘rfazidagi bir nechta savdo kemalarida portlash va yong‘inlar kuzatildi. Fujayra neft portidagi yong‘indan so‘ng BAA hukumati Eronning hujumlarini jiddiy eskalatsiya deb atadi. Maktablarni xavfsizlik nuqtai nazaridan vaqtincha masofaviy ta’limga o‘tkazdi.
Eron davlat televideniyesi BAAga qilingan hujum «AQSh harbiylarining avantyurizmiga» javob ekanini tasdiqladi. Shuningdek, Eron AQSh harbiy kemasiga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzilganini ma’lum qildi.
AQSh harbiylari esa Eronning oltita kichik harbiy qayig‘ini yo‘q qilgan. Shuningdek, AQSh kuchlari ikkita savdo kemasi esminetslar ko‘magida bo‘g‘ozdan o‘tganini aytdi.
Mintaqadagi AQSh kuchlari qo‘mondoni, admiral Bred Kuper Eron kuchlariga AQSh harbiy aktivlaridan uzoqroq turishni «qat’iy tavsiya qildi».
Bu o‘tgan oydagi otashkesim e’lonidan keyin Ho‘rmuzni ochish uchun harbiy kuch ishlatishga bo‘lgan birinchi urinishdir. Eron Islom inqilobi muxofizlari korpusi bo‘g‘oz faqat ularning ruxsati bilan ochilishini aytgan.
Trampning so‘nggi qadami aks ta’sir ko‘rsatgan ko‘rinadi: bo‘g‘ozda savdo kemalari qatnovi ko‘paymadi, aksincha, Eron o‘z kuchini ko‘rsatdi. Eron har qanday keskinlashuvga AQSh bazalari bo‘lgan qo‘shni davlatlarga yangi hujumlar ila javob qaytarish bilan tahdid qilgan. Yirik yuk tashish kompaniyalari bo‘g‘ozni kesib o‘tishdan oldin harbiy harakatlar rasman to‘xtashini kutmoqda.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi dushanba kungi voqealar inqirozning harbiy yechimi yo‘qligini ko‘rsatganini aytdi. U tinchlik muzokaralari Pokiston vositachiligida davom etayotganini bildirdi. «Ozodlik loyihasi — bu “boshi berk ko‘cha” loyihasidir», deya Aroqchi Trampning loyihasini tanqid qildi.
Putin va Zelenskiyning otashkesim takliflari
Dushanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 8-9 may kunlari Ukraina bilan mojaroda ikki kunlik o‘t ochishni to‘xtatish tartibini e’lon qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi sulhni e’lon qilar ekan, Ukrainadan ham shunday qadamni kutishini ma’lum qildi. Rasmiy Moskva o‘z kuchlari g‘alaba tantanalarining xavfsizligini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishini bildirdi.
Shuningdek, vazirlik Ukrainaning bayram tantanalarini buzishga qaratilgan har qanday urinishi qat’iy javob choralariga sabab bo‘lishidan ogohlantirdi. «Kiyev rejimi G‘alabaning 81 yilligini nishonlashni buzish bo‘yicha o‘zining jinoiy rejalarini amalga oshirishga urinsa, Rossiya Qurolli kuchlari Kiyev markaziga ommaviy raketa zarbasi beradi», deyiladi bayonotda.
Rossiya tomoni ilgari ham bunday hujumni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lganini, biroq «humanitar sabablarga ko‘ra bunday harakatlardan tiyilib kelganini» qo‘shimcha qildi. Shuningdek, vazirlik Kiyev aholisi va xorijiy diplomatik missiya xodimlarini shaharni o‘z vaqtida tark etish zarurligi haqida ogohlantirdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bunga javoban harbiy harakatlarda o‘zining tanaffus variantini taklif qildi va u vaqtliroq — 6 mayga o‘tar kechasi boshlanishini bildirdi. Ukraina bu qadamni «inson hayoti har qanday yubiley tantanalaridan qadrli ekani» uchun tashlayotganini bildirgan.
Zelenskiy ushbu sulhning aniq muddatini ko‘rsatmadi, biroq Ukraina belgilangan vaqtdan boshlab «simmetrik harakat qilishini» aytdi.
Shuningdek, Zelenskiy Rossiyaning harbiy texnikasiz parad o‘tkazish rejasiga izoh berdi: «Ko‘p yillardan buyon ilk bor ular harbiy texnikaga qodir emasliklarini va Qizil maydon uzra dronlar uchib o‘tishidan qo‘rqayotganini ko‘ryapmiz. Bu ko‘p narsadan dalolat beradi», dedi Ukraina yetakchisi.
Isroil yana Livanga zarba berdi
Dushanba kuni Isroil Livan janubiga bergan zarbalari oqibatida 17 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu ikki hafta muqaddam e’lon qilingan sulh bitimidan keyingi eng qonli kunlardan biri bo‘ldi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan payshanba kunidan beri halok bo‘lganlarning umumiy soni 110 nafarga yetgan. Kechagi hujumda halok bo‘lganlarning ikki nafari va jarohatlanganlarning 14 nafari yosh bolalardir.
Isroil o‘z hujumlari bilan «Hizbulloh»ni nishonga olayotganini ta’kidlamoqda. Isroil ham ushbu davr mobaynida 17 nafar askari halok bo‘lganini bildirdi va «Hizbulloh»ni yuzlab raketa hamda dronlar uchirishda aybladi.
Isroil harbiylari ishg‘ol qilgan va chegara bo‘ylab 10 km ichkariga cho‘zilgan hududni sulh shartlariga kirmaydi deb hisoblaydi va u yerda amaliyotlarni davom ettirmoqda.
«Hizbulloh» ham bir qator hujumlar, jumladan, Isroil qo‘shinlariga qarshi «kamikadze-dronlar» va artilleriyadan foydalanganini tan oldi. Guruh buni Livan qishloqlarining bombardimon qilinishiga javob deb atadi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «Hizbulloh» dronlarining xavfi ortib borayotganini tan oldi va bu muammoni hal qilish uchun vaqt kerakligini aytdi.
2 mart kuni janglar boshlanganidan beri Livanda halok bo‘lganlarning umumiy soni 2 600 nafardan oshdi. «Hizbulloh» vakilining BBC’ga bildirishicha, ushbu davr mobaynida guruhning 1 000 nafardan kamroq jangchisi halok bo‘lgan.
Xitoyda portlash: 21 kishi halok bo‘ldi
Xitoyning Hunan provinsiyasidagi pirotexnika zavodida yuz bergan kuchli portlash oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi, 61 kishi jarohatlandi. Xitoy davlat OAVlariga ko‘ra, zavoddagi portlash dushanba kuni 16:40 atrofida yuz bergan.
Qutqaruvchilar zavod atrofidagi 3 km radiusda bo‘lgan barcha aholini xavfsiz joyga ko‘chirgan.
Hukumat qidiruv-qutqaruv ishlariga va yaradorlarga yordam ko‘rsatish uchun 500 ga yaqin mutaxassisni safarbar etdi. Binoda qolib ketganlarni topish uchun maxsus robotlardan foydalanildi.
Qutqaruv ishlari davomida zavod hududidagi ikkita porox ombori katta xavf tug‘dirgan.
Portlash shunchalik kuchli bo‘lganki, zavoddan taxminan 1 km uzoqlikda yashovchi aholi vakillari uylaridagi deraza romlari qiyshayib, po‘lat eshiklar ham kuchli bosimdan buralib qolganini aytdi.
Politsiya portlash sabablarini o‘rganmoqda. Pirotexnika kompaniyasi rahbariga nisbatan «ehtiyot chorasi» qo‘llangan va u nazoratga olingan.
Oq uy yaqinida otishma
Dushanba kuni AQSh Maxfiy xizmati xodimlari Oq uy yaqinida qurollangan va «shubhali shaxs» bilan to‘qnash keldi. Ushbu shaxs xodimlarga qarata o‘q uzib, piyoda qochishga uringan, so‘ngra huquq-tartibot idoralari tomonidan otib yaralangan.
Hodisa sababli Oq uyda qisqa muddatli xavfsizlik blokadasi e’lon qilindi.
Maxfiy xizmat direktori o‘rinbosari Metyu Kuinning ma’lum qilishicha, Oq uy majmuasining tashqi perimetrida patrullik qilayotgan agentlar «yonida o‘t ochish quroli bor va shubhali shaxs»ni payqagan.
Maxfiy xizmat xodimlari yaqinlashganida, gumonlanuvchi piyoda qochishga urinib, ularning yo‘nalishida o‘q uzgan. Xodimlar javob qaytarib, gumonlanuvchiga o‘q uzgan. U yaralangan va shifoxonaga yotqizilgan.
Otishma yuz bergan vaqtda prezident Donald Tramp Oq uy binosi ichida bo‘lgan. Vitse-prezident J.D. Vensning korteji esa voqeadan biroz avval ushbu hududdan o‘tib ketgandi.
Hozircha gumonlanuvchi aynan Vensning kortejiga hujum qilmoqchi bo‘lganiga oid hech qanday dalil yo‘q. Shuningdek, hodisaning Trampga qarshi qilingan boshqa suiqasdlarga aloqadorligi ham tekshirilmoqda.
O‘tgan haftada Tramp qatnashgan tadbirdagi otishma tufayli Vashingtonda huquq-tartibot idoralari yuqori shaylik holatiga keltirilgan.
Mavzuga oid
15:21 / 04.05.2026
AQShning Ho‘rmuzdagi operatsiyasi, JSST ogohlantirgan hantavirus va Marokashda yo‘qolgan askarlar – kun dayjesti
14:30 / 01.05.2026
AQShni ogohlantirgan Eron, hokimiyatni egallashda ayblanayotgan Tashiyev va G‘azoga yordam flotiliyasini to‘xtatgan Isroil – kun dayjesti
15:45 / 30.04.2026
Rossiyaning otashkesim taklifi, Erondagi urush narxi va Qodirovni qo‘llagan Putin – kun dayjesti
14:30 / 29.04.2026