Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ho‘rmuzdagi operatsiyani to‘xtatgan Tramp va Turkiyaning ilk ballistik raketasi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp yana so‘zidan qaytdi
5 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarni kuzatib borish operatsiyasini vaqtincha to‘xtatdi. U buni Eron bilan har tomonlama kelishuvga erishish yo‘lidagi «katta progress» bilan izohladi.
«Blokada to‘liq kuchida qolayotgan bir paytda, ‘Ozodlikʼ loyihasi — kelishuv yakunlanishi va imzolanishi mumkinligini tekshirish uchun qisqa muddatga to‘xtatiladi», deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqlarda.
Tramp jurnalistlarga bergan intervyusida Eronning harbiy kuchi «o‘yinchoq miltiqlar» darajasiga tushib qolganini va Tehron ommaviy po‘pisa qilishiga qaramay, aslida tinchlikni xohlayotganini aytdi.
Davlat kotibi Marko Rubio esa Oq uyda 28 fevral kuni Isroil bilan birgalikda boshlangan harbiy kampaniyada AQSh o‘z maqsadlariga erishganini aytdi. «'Epik g‘azabʼ operatsiyasi yakunlandi. Biz qo‘shimcha vaziyat yuzaga kelishini kutayotganimiz yo‘q», dedi AQSh bosh diplomati.
Ushbu mojaro noyabr oyidagi muhim oraliq saylovlar oldidan Tramp ma’muriyatiga bosim o‘tkazmoqda, chunki benzin narxining oshishi saylovchilar hamyoniga zarba bermoqda.
Chorshanba tongiga kelib, rasmiy Tehrondan hozircha hech qanday munosabat bildirilmadi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi tinchlik muzokaralari Pokiston vositachiligida hali ham davom etayotganini aytdi. Eron OAVlarining xabar berishicha, u chorshanba kuni ertalab xitoylik hamkasbi bilan mintaqaviy va xalqaro o‘zgarishlarni muhokama qilish uchun Pekinga yetib kelgan. Tramp ham shu oyda Xitoyga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Turkiyaning ballistik raketasi
Turkiya o‘zining birinchi qit’alararo ballistik raketasi — «Yildirimhan»ni taqdim etdi.
Gipersonik tezlikka ega raketa – Turkiya mudofaa vazirligi qoshidagi Tadqiqot va ishlanmalar markazi tomonidan ishlab chiqilgan. To‘rtta suyuq yonilg‘i dvigateliga ega raketa 3 tonna jangovar kallak bilan 6 000 kilometr masofaga ucha oladi. Uning nishonlarni urish tezligi — 9 dan 25 max'gacha boradi. Bu — raketa tovush tezligidan 25 barobar tez ucha olishini anglatadi.
Mazkur tizim ilk bor «SAHA 2026» ko‘rgazmasida ommaga ko‘rsatildi. Taqdimot vaqtida raketaning operatsion qo‘llanishi bo‘yicha boshqa tafsilotlar ochiqlanmadi.
Shuningdek, ko‘rgazmada Turkiya Mudofaa sanoati giganti — Aselsan yana 2 ta zamonaviy qurolni namoyish qildi.
«Qilich» kamikadze avtonom suvosti droni – u joriy yilda Turkiya dengiz flotiga kirishga tayyor. Yangi avlod «Tufan» og‘ir vaznli torpedasi esa sun’iy yo‘ldosh orqali nazorat qilinadi va 2027 yilda arsenalga kiritiladi.
Turkiya Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni admiral Erjument Tatlio‘g‘lu yangi texnikalarning topshirilishini dengiz kuchlari uchun muhim qadam deb atadi.
«Turkiyaning uch tomoni dengiz bilan o‘ralgani bizdan juda kuchli harbiy-dengiz kuchlariga ega bo‘lishni talab qiladi. Biz har kuni o‘z kuchimizga kuch qo‘shyapmiz. Hozirda bir vaqtning o‘zida 41 ta harbiy kema qurmoqdamiz», dedi u.
Rossiya–Ukraina hujumlarni kuchaytirdi
Seshanba oqshomida Ukraina sharqi bo‘ylab amalga oshirilgan Rossiya hujumlari oqibatida kamida 27 kishi halok bo‘ldi va yana o‘nlab insonlar jarohatlandi. Bu voqealar Kiyevning «sukunat rejimi» kuchga kirishidan bir necha soat oldin sodir bo‘ldi.
Xususan, Zaporijjya shahrida Rossiyaning boshqariladigan aviabombalar va dronlar bilan amalga oshirgan hujumi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, 20 kishi yaralandi. Boshqa qurbonlar esa Kramatorsk, Dnepr va Poltava oblastlarida kuzatildi.
Prezident Volodimir Zelenskiy Poltavadagi hujumni «pastkashlik» deb atadi. Chunki Rossiya tomoni voqea joyida qutqaruvchilar ishlayotgan vaqtda aynan o‘sha nishonga ikkinchi raketani uchirgan.
Ukraina ham o‘zi e’lon qilgan otashkesim boshlanishidan oldin Rossiya hududidagi nishonlarga, xususan, neft inshootlariga hujum qilishda davom etdi.
Xususan, Ukraina kuchlari frontdan 900 kilometr ichkariga — Cheboksari shahridagi harbiy-sanoat majmuasi obektlariga o‘zining «F-5 Flamingo» qanotli raketalarini uchirdi. Mahalliy pabliklar 2 kishi halok bo‘lgani va o‘nlab insonlar jarohatlanganini yozdi. Rasmiylar qurbonlar va zarar haqida gapirishdan tiyilmoqda.
Leningrad viloyati Kirishi shahridagi neftni qayta ishlash zavodida ham dronlar hujumi natijasida yong‘in kelib chiqdi. Rossiya okkupatsiya qilgan Qrimda Ukraina dronlari hujumi oqibatida 5 nafar tinch aholi halok bo‘lgani xabar qilindi.
Rossiya Mudofaa vazirligi mamlakatning 18 ta hududi bo‘ylab Ukrainaning jami 289 ta droni yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Ushbu hujumlar – tomonlar G‘alaba kuni munosabati bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqida bayonot berganidan keyin sodir bo‘lmoqda.
Ispaniya hantavirus tarqalgan kemani qabul qiladi
Ispaniya hantavirus tarqalgan «MV Hondius» kemasi yo‘lovchilarini «uch-to‘rt kunda» qabul qilishini e’lon qildi. Kruiz kemasi hantavirus aniqlanganidan so‘ng, ikki kundan beri Kabo-Verde qirg‘oqlari yaqinida langar tashlab turibdi. Uch nafar yo‘lovchi vafot etgan, yana bir necha kishi virusni yuqtirib olganlikda gumon qilinmoqda.
Endilikda kemaga Kanar orollariga to‘xtashga ruxsat beriladi, biroq Ispaniya hukumati aynan qaysi port ekanini ochiqlamadi.
«Kema u yerga yetib kelgach, ekipaj va yo‘lovchilar tegishli tartibda ko‘rikdan o‘tkaziladi, ularga tibbiy yordam ko‘rsatiladi va o‘z mamlakatlariga yuboriladi», dedi Ispaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi seshanba oqshomida.
Ispaniya tomoniga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kabo-Verde ushbu operatsiyani amalga oshirish imkoniyatiga ega emasligini tushuntirgan. «Kanar orollari zarur imkoniyatlarga ega bo‘lgan eng yaqin hududdir. Ispaniya bu odamlarga yordam berish bo‘yicha ma’naviy va huquqiy majburiyatga ega, yo‘lovchilar orasida bir necha Ispaniya fuqarolari ham bor», deyiladi bayonotda.
JSST tibbiy evakuatsiya rejalari ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Tashkilot vakilining aytishicha, evakuatsiya jarayonlaridan so‘ng kema Niderlandiya tomon «o‘z yo‘nalishini davom ettirishi» mumkin.
Sudan BAA va Efiopiyani aybladi
Sudan o‘zining asosiy aeroportiga dronlar orqali uyushtirilgan hujumlarda qo‘shni Efiopiya va Birlashgan Arab Amirliklarini aybladi.
Dushanba kuni poytaxt Xartumda joylashgan xalqaro aeroport va harbiy obektlar dron zarbalariga uchragandi. Hujumdan hech kim jarohat olmagan bo‘lsa-da, bu 3 yil deganda faoliyati tiklangan aeroport ishini yana to‘xtatdi.
Sudan armiyasi dronlar — Efiopiyadagi Bahir-Dar aeroportidan uchirilganiga oid «qat’iy dalillarga» ega ekanini da’vo qilmoqda. Dron esa BAA tomonidan jangarilarga yuborilgan bo‘lishi mumkin.
Ushbu hujumlar o‘tgan yili Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari (RSF) Sudan armiyasi tomonidan siqib chiqarilganidan keyin hukm surayotgan nisbiy tinchlik davrini buzdi. Sudan avval ham BAA va Efiopiyani jangarilarni qo‘llashda ayblagandi.
Sudan tashqi ishlar vaziri Efiopiya «birodar davlat» bo‘lishiga qaramay, bunday ishga qo‘l urganini qoralab, BAA va Efiopiya «noto‘g‘ri yo‘lni» tanlaganini aytdi.
Efiopiya esa aeroportga qilingan hujumda ishtirok etgani haqidagi ayblovlarni «asossiz» deb atadi. BAA hozircha izoh bermadi, biroq avvalroq Sudan mojarosiga aralashayotganini bir necha bor rad etgandi.
Mavzuga oid
14:11 / 05.05.2026
Ukrainadagi otashkesim, Ko‘rfazda yangi hujumlar va Oq uy yaqinida otishma – kun dayjesti
15:21 / 04.05.2026
AQShning Ho‘rmuzdagi operatsiyasi, JSST ogohlantirgan hantavirus va Marokashda yo‘qolgan askarlar – kun dayjesti
14:30 / 01.05.2026
AQShni ogohlantirgan Eron, hokimiyatni egallashda ayblanayotgan Tashiyev va G‘azoga yordam flotiliyasini to‘xtatgan Isroil – kun dayjesti
15:45 / 30.04.2026