Jahon | 13:51
777
8 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Eron o‘rtasida otishma, Xitoyda o‘limga hukm qilingan vazirlar va Hamas rasmiysining o‘g‘lini o‘ldirgan Isroil – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh va Eron o‘rtasida otishma

Payshanba kuni AQSh va Eron o‘rtasida yana otishma ro‘y berdi. Bu bir oy davom etgan sulh davridagi eng jiddiy sinov bo‘ldi.

Eron harbiy qo‘mondonligi AQShni Eron neft tankeri va yana bir kemani nishonga olganlikda aybladi. Shuningdek, AQSh kuchlari Ho‘rmuzdagi Keshm oroli va materikdagi ikkita aholi punktlariga havo hujumlari uyushtirgan. Eron harbiylari bunga javoban bo‘g‘ozning sharqiy qismida va Chobahor porti yaqinida suzayotgan AQSh harbiy kemalariga hujum qilgan.

Eron harbiy vakili ularning zarbalari «sezilarli zarar» yetkazganini aytdi. Biroq AQSh Markaziy qo‘mondonligi o‘zining birorta obekti shikastlanmaganini ma’lum qildi.

CENTCOM'ning bildirishicha, Eron uchta harbiy kemani nishonga olgan hujumda raketa, dron va kichik qayiqlardan foydalangan. AQSh bunga javoban raketa va dron bazalari hamda boshqa nuqtalarga zarba bergan.

Eron tomoni yana hujumga uchrasa, qat’iy javob qaytarishini bildirdi. «Eron har qanday tajovuzga ikkilanmasdan javob qaytaradi», deyiladi bayonotda. Keyinroq Eron davlat OAVlari bir necha soatlik otishmadan so‘ng vaziyat normal holatga qaytganini xabar qildi.

Prezident Donald Tramp jurnalistlarga sulh hali ham kuchda ekanini aytdi va to‘qnashuvning ahamiyatini pasaytirishga harakat qildi. «Ular bugun biz bilan hazillashdi. Biz esa ularni yakson qildik», dedi Tramp.

Shuningdek, Tramp payshanba kungi harbiy harakatlarga qaramay, Tehron bilan muzokaralar davom etayotganiga ishora qildi. Uning ta’kidlashicha, Eron uning «hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmaslik» talabiga rozi bo‘lgan. «Ularda yadroviy qurolga nol imkoniyat bor. Ular buni bilishadi. Buni imzolashadimi yoki yo‘qmi, ko‘ramiz», dedi u.

Xalqaro moliyaviy bozorlar esa tinchlik kelishuvi haqidagi umidlarga qarab keskin tebranib turibdi.

Zelenskiy: Paradga bormang

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning G‘alaba paradi munosabati bilan e’lon qilgan cheklangan sulhini tanqid qildi.

«Moskva shunchaki o‘z paradini o‘tkazishni — yilda bir marta bir soatga maydonga xavfsiz chiqib olishni, so‘ngra yana odamlarimizni o‘ldirishda davom etishni istaydi», dedi Zelenskiy tungi videomurojaatida.

Zelenskiyga ko‘ra, bu Rossiya rahbariyati tomonidan juda g‘alati va mutlaqo nomunosib harakat:

«Ruslar allaqachon 9 maydan keyin zarbalar haqida gapirmoqda. Bu Rossiya rahbariyatining g‘alati mantig‘i va noxolisligidan. Rossiyaga yaqin bo‘lgan ba’zi davlatlar vakillari Moskvada bo‘lishi haqida xabarlar bor. Tavsiya qilmaymiz», deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Kreml bu yil ilk bor paradni harbiy texnikalarsiz o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, parad vaqtida butun Moskvada mobil aloqa ham cheklanishi kutilmoqda.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya avvalroq Kiyev tomonidan taklif qilingan 5-6 may kunlaridagi sulh rejasiga amal qilmagan. Ukraina o‘sha kunlarda tinchlik o‘rniga «faqat yangi zarbalar va yangi tahdidlar» olganini bildirdi.

Hozircha, sulh muddati boshlangandan so‘ng Rossiya tomonidan zarbalar yoki boshqa harbiy faollik haqida xabarlar berilmadi. Tartib kuchga kirishidan oldingi soatlarda Ukrainaning ayrim hududlarida havo hujumi haqida ogohlantirishlar e’lon qilingandi.

Ayni vaqtda Ukrainaning bosh muzokarachisi Rustem Umerov tinchlik bitimi bo‘yicha AQSh vakillari bilan uchrashish uchun Mayamiga yetib borgan.

Isroil Hamas bosh muzokarachisining o‘g‘lini o‘ldirdi

Isroil havo hujumi natijasida Hamasning G‘azo kelajagi bo‘yicha muzokaralardagi bosh vakili Xalil al-Xayyaning o‘g‘li halok bo‘ldi. Bu voqea Hamas yetakchilari Qohirada muzokaralar o‘tkazayotgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, Xalil al-Xayyaning o‘g‘li Azzam al-Xayya chorshanba oqshomida amalga oshirilgan hujumda jarohat olgan. U payshanba kuni vafot etgan. Reutersʼning yozishicha, Azzam — Xalilning Isroil hujumlaridan halok bo‘lgan to‘rtinchi o‘g‘lidir.

Al-Xayya o‘g‘lining o‘limi e’lon qilinishidan oldin Al-Jazeera'ga bergan intervyusida Isroil — AQShning «Tinchlik kengashi» tomonidan nazorat qilinayotgan G‘azo rejasini barbod qilishga urinayotganini aytgandi. Isroil harbiylari ushbu holat yuzasidan izoh bermadi.

Bundan tashqari, payshanba kuni kechroq G‘azo shahriga berilgan Isroil zarbasi natijasida kamida uch nafar politsiya xodimi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi jarohatlangan.

Isroil harbiylari G‘azo sektori shimolida Hamasning qo‘mondonlik markaziga zarba berganini va u yerda «hujumlarni rejalashtirayotgan»larni yo‘q qilganini bildirdi. Isroil so‘nggi vaqtlarda Hamas nazoratidagi politsiya kuchlariga hujumlarni kuchaytirgan.

Mahalliy shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, oktyabrdagi sulh kelishuvidan beri Isroil kamida 830 nafar falastinlikni o‘ldirgan.

Xitoyda sobiq vazirlar o‘limga hukm qilindi

7 may kuni Xitoyning ikki sobiq mudofaa vaziri korrupsiya ayblovlari bilan kechiktirilgan o‘lim jazosiga hukm qilindi.

Davlat OAVlariga ko‘ra, harbiy sud Vey Fenxe va Li Shanfuni ikki yillik imtiyozli davr bilan o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu ularning o‘lim jazosi ikki yildan keyin umrbod qamoq jazosiga almashtirilishini anglatadi. Biroq jazo muddatini qisqartirish yoki muddatidan oldin shartli ozod qilish imkoniyati mavjud bo‘lmaydi.

Birinchi mulozim Vey Fenxe 2018 yildan 2023 yilgacha Xitoy mudofaa vaziri bo‘lib ishlagan. Li Shanfu esa 2023 yilda Veyning o‘rniga kelgandi.

Xitoyda bu ikki oliy harbiy mulozim – pora sifatida «juda ko‘p miqdorda pul va qimmatbaho buyumlar» qabul qilish hamda «kadrlarni joylashtirishda noqonuniy manfaatlar olishga yordam bergani» aytilmoqda. Ularning barcha shaxsiy mol-mulklari ham musodara qilingan.

Fevral oyida Xitoy raisi Si Jinping tozalash ishlariga kamdan kam uchraydigan ochiq munosabat bildirib, armiya «korrupsiyaga qarshi kurashda inqilobiy chiniqishni boshdan kechirganini» aytgandi.

Tanqidchilarning fikricha, Si bu kampaniyalardan siyosiy raqiblarni chetlatish uchun qurol sifatida ham foydalanmoqda.

Singapurda hantavirus gumoni

Singapur Yuqumli kasalliklar agentligi payshanba kuni hantavirus epidemiyasi tarqalgan kemada bo‘lgan ikki nafar fuqarosi ajratilgani va testdan o‘tkazilayotganini aytdi.

Agentlik bayonotiga ko‘ra, agar test manfiy chiqsa, ular virus bilan oxirgi marta muloqotda bo‘lgan sanadan boshlab 30 kunlik karantinga olinadi.

Agar test musbat chiqsa, erkaklar nazorat va davolanish uchun shifoxonada qoldiriladi.

Dunyo bo‘ylab ko‘plab davlatlar hantavirus yanada keng tarqalishining oldini olish maqsadida ushbu kemada bo‘lgan yo‘lovchilarni kuzatib bormoqda.

Kruiz kemasidagi epidemiya oqibatida uch kishi — gollandiyalik er-xotin va Germaniya fuqarosi vafot etgandi. Yana sakkiz kishi virusni yuqtirgan deb taxmin qilinmoqda.

Hantavirus odatda kemiruvchilar orqali tarqaladi, kamdan kam hollarda odamdan odamga o‘tishi mumkin.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid