Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BAAning Eronga ehtimoliy hujumi va pul yuvishda ayblanayotgan Andrey Yermak – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
«Jon talvasasidagi» sulh
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi «jon talvasasida» ekanini aytdi. Trampga ko‘ra, Eronning javobi 7 apreldan beri amalda bo‘lgan sulh maqomiga tahdid solmoqda.
«Ular bizga yuborgan chiqindi bo‘lagini o‘qib chiqqach, men buni hozirgi vaqtdagi eng zaif holat, deb atagan bo‘lardim. Men uni oxirigacha o‘qib ham o‘tirmadim», dedi sulhni tugatish bilan bir necha bor tahdid qilgan Tramp.
Barcha frontlarda urushni to‘xtatishga chaqirgan va tovon talab qilgan Eron esa dushanba kuni o‘z pozitsiyasini himoya qildi. «Bizning talabimiz qonuniy», dedi tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy. Parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof Eron qurolli kuchlari har qanday «tajovuzkorlik harakati»ga qat’iy javob berishga tayyorligini eslatdi.
G‘olibof shuningdek, AQShdagi ortib borayotgan norozilik haqida eslatdi: «ular qancha ko‘p vaqtni cho‘zishsa, Amerika soliq to‘lovchilari shuncha ko‘p badal to‘laydi», deb yozdi u.
AQSh esa dushanba kuni Erondan Xitoyga neft tashishda yordam berayotgan shaxslar va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Bu Tehronning harbiy va yadroviy dasturlarini moliyalashtirishni to‘xtatishga qaratilgan harakatlarning bir qismi ekani aytilmoqda.
Urushda vositachilar qatoriga Turkiya ham qo‘shilishi mumkin. Xususan, tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan seshanba kuni Qatarda mojaro va bo‘g‘ozda navigatsiya xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.
BAAning Eronga ehtimoliy hujumi
Birlashgan Arab Amirliklari Tehron tomonidan amalga oshirilgan hujumlarga javoban o‘tgan oyda Eronga harbiy zarbalar bergan. Bu haqda Wall Street Journal nashri vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib ma’lum qildi. Qayd etilishicha, ushbu vaziyatda BAA urushning faol ishtirokchisi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Rasmiy Abu-Dabi hozirgacha Eronga qilingan hujumlarni tan olmagan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, BAA Qurolli Kuchlarining zarbalaridan biri aprel oyi boshida Eronning Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodiga berilgan. Taxminan o‘sha vaqtda AQSh prezidenti Eron bilan sulh e’lon qilgandi.
O‘shanda Eron Lavandagi zavod «dushman hujumi»ga uchraganini ma’lum qilgan, keyin BAA hamda Kuvaytga raketa va dron zarbalari yo‘llagandi.
Suhbatdoshlarga ko‘ra, AQSh Lavan oroliga qilingan hujumdan norozilik bildirmagan. Chunki Vashington tomonidan e’lon qilingan sulh hali kuchga kirmagan edi. Shu bilan birga, AQSh Ko‘rfaz davlatlarining jangovar harakatlardagi ishtirokini «ortiqcha shovqin-suronsiz olqishlaydi».
BAA TIV vakili Lavan oroliga berilgan ehtimoliy zarba yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi. Biroq avvalroq berilgan rasmiy bayonotlarga ishora qildi. Unda Abu-Dabi har qanday dushmanona harakatlarga, jumladan, harbiy yo‘l bilan javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishi aytilgandi. Pentagon ham BAAning urushdagi ishtiroki bo‘yicha izoh bermadi.
WSJ hisob-kitoblariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Eron BAAga jami 2800 ta dron va raketa bilan hujum qilgan. Bu har qanday boshqa davlatga, jumladan, Isroilga qilingan hujumlardan ham ko‘proq ekani aytilmoqda.
BAAda kuchli harbiy aviatsiya — Fransiyaning Mirage va AQShning F-16 qiruvchi samolyotlari mavjud.
Andrey Yermak pul yuvishda ayblanmoqda
Ukraina Milliy aksilkorrupsiya byurosi va Ixtisoslashtirilgan prokuratura mamlakat prezidenti ofisining sobiq rahbari Andrey Yermak jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘larni legallashtirishda gumonlanayotganini bildirdi.
Gap Kiyev yaqinidagi elita qurilishda taxminan 8,9 million yevro miqdoridagi mablag‘larni «yuvish» haqida bormoqda.
Tergovchilarning fikricha, Andrey Yermak uyushgan guruh tarkibida harakat qilgan. Ukrainaning aksilkorrupsiya organlari ushbu guruhni «Midas» deb nomlangan maxsus operatsiya doirasida fosh etgan.
«Ukrainskaya pravda» nashrining qayd etishicha, Yermakning o‘zi korrupsiyaga oid jinoyatlarga aloqadorligini inkor etmoqda va «faqat bitta mashina va bitta kvartirasi borligini» aytmoqda.
Andrey Yermak 2020 yil fevralidan buyon Ukraina prezidenti ofisiga rahbarlik qilib kelayotgandi. U Volodimir Zelenskiyning eng yaqin safdoshlaridan biri va mamlakatda davlat rahbaridan keyingi ikkinchi eng nufuzli shaxs hisoblangan.
Zelenskiy Yermakni 2025 yil 28 noyabrda prezident ofisi rahbari lavozimidan bo‘shatgan. Bungacha Yermakning o‘zi «Energoatom» kompaniyasi atrofidagi korrupsion mojaro va uyida o‘tkazilgan tintuvlar fonida iste’fo so‘rab ariza yozgandi.
Yevroittifoq yahudiy ko‘chmanchilarga qarshi sanksiyalar kiritadi
Dushanba kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari G‘arbiy sohildagi zo‘ravon yahudiy ko‘chmanchilarga, shuningdek, Hamas yetakchilariga qarshi yangi sanksiyalar bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda ittifoqning tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas ma’lum qildi.
Ushbu sanksiyalar paketi hali shaxsi ommaga ochiqlanmagan uch ko‘chmanchi va to‘rtta ko‘chmanchilar tashkilotini nishonga oladi. Bunga qadar saylovlarda mag‘lub bo‘lgan Vengriyaning avvalgi hukumati bu sanksiyalarni oylar davomida bloklab kelgandi.
Yevropa hukumatlari G‘arbiy sohilda falastinliklarga nisbatan yahudiy ko‘chmanchilar tomonidan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar ko‘payib borayotganidan xavotir bildirgan. «Turg‘unlikdan natijaga o‘tish vaqti kelgan edi. Ekstremizm va zo‘ravonlik o‘z oqibatlariga ega», deb yozgan Kallas xonim.
Isroil bosh vaziri idorasi va tashqi ishlar vaziri Gideon Tsaar Yevropaning bu harakatlarini qoralagan. Ular o‘z fuqarolari Hamas yetakchilari bilan bir qatorga qo‘yilganidan g‘azabda.
O‘z navbatida Hamasning yuqori martabali mulozimi Basim Naim ham Yevropa vazirlarining o‘z guruhiga qarshi harakatini tanqid qilib, Yevroittifoqni siyosiy ikkiyuzlamachilikda aybladi.
«Ular genotsid va etnik tozalash sodir etish bilan maqtanadiganlar — har qanday xalqaro qonunni buzuvchi yovuz davlatni, barcha qonun va nizomlarga muvofiq o‘zini himoya qilayotgan jabrdiydalar bilan tenglashtirmoqda», dedi u.
JAR prezidenti iste’fo chaqiriqlarini rad etdi
Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa unga nisbatan impichment jarayonini qayta tiklagan Konstitutsiyaviy sud qarorini hurmat qilishini, biroq o‘zini himoya qilishga tayyorligini bildirdi.
Siyosiy tahlilchilarning fikricha, Ramafosa o‘ziga nisbatan bildirilayotgan ayblovlarga qarshi kurashishga urinadi, biroq noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan munitsipal saylovlar oldidan unga nisbatan bosim kuchaymoqda.
2020 yilda prezidentning fermasidagi divan ichidan 580 000 dollar o‘g‘irlangan. Ammo sobiq razvedka mulozimining ta’kidlashicha, o‘g‘irlangan mablag‘ kamida 4 million dollarni tashkil etgan.
Ushbu o‘g‘irlik Ramafosa buncha naqd pulni qayerdan olgani borasida savollarni keltirib chiqardi.
2018 yildan beri davlat rahbari bo‘lib kelayotgan Ramafosa har qanday qonunbuzarlikni doim inkor etib keladi. Prezident bo‘lgunga qadar boy tadbirkor bo‘lgan Ramafosa bu pullar buyvollarni sotishdan tushgan daromad ekanini aytgan. Markaziy bank tekshiruvi uning valuta nazorati qoidalarini buzmaganini aniqlagan.
Mahalliy OAV tomonidan «Farmgeyt» deb nomlangan ushbu mojaro 2022 yilda fosh bo‘lganidan beri Ramafosa uchun katta sharmandalik bo‘lib kelmoqda. Chunki u korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z partiyasi imijini tozalash va’dasi bilan hokimiyatga kelgandi.
Mavzuga oid
14:15 / 11.05.2026
Eronning taklifini rad etgan Tramp va Pokistonda terrorchilik hujumi – kun dayjesti
13:51 / 08.05.2026
AQSh va Eron o‘rtasida otishma, Xitoyda o‘limga hukm qilingan vazirlar va Hamas rasmiysining o‘g‘lini o‘ldirgan Isroil – kun dayjesti
15:39 / 07.05.2026
AQSh–Eron kelishuvga yaqinlashdi, Yevropada Kremlga qarshi tribunal tuzilyapti – kun dayjesti
15:49 / 06.05.2026