Jahon | 14:27
1721
9 daqiqa o‘qiladi

Saudiyaning Eronga maxfiy zarbalari va «Tolibon»ni Bryusselga taklif qilgan Yevroittifoq – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Saudiya ham Eronga maxfiy zarbalar bergan

Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqdagi urushda qirollik hududiga amalga oshirilgan hujumlarga javoban Eronga nisbatan ko‘plab e’lon qilinmagan zarbalar berdi. Bu haqda Reuters nashri masaladan xabardor bo‘lgan G‘arbdagi va Erondagi rasmiylarga tayanib ma’lum qildi.

G‘arb rasmiylariga ko‘ra, Saudiya Harbiy-havo kuchlari amalga oshirgan ushbu hujumlar mart oyi oxirida yuz bergan, deb baholanmoqda. Ulardan biri bu harakatlarni shunchaki «Saudiya zarbaga uchraganiga javoban qaytarilgan, o‘xshash zarbalar» deb atadi.

AQSh bilan chuqur harbiy aloqalarga ega bo‘lgan Saudiya Arabistoni 10 haftalik urushda AQShning «harbiy soyaboni»ni teshib o‘tgan hujumlar qarshisida zaif qolgandi.

Reuters agentligi aniq nishonlar nima bo‘lganini tasdiqlay olmadi.

Manbalarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni amalga oshirilgan zarbalar haqida Eronni xabardor qilgan. Buning ortidan intensiv diplomatik aloqalar va qattiqroq qasos haqidagi tahdidlar kuzatilgan. Bu esa ikki davlat o‘rtasida vaziyatni yumshatish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga olib kelgan.

Saudiya va Eron tashqi ishlar vazirliklari ushbu xabarlarga izoh bermadi.

Dushanba kuni WSJ nashri BAA ham Eronga harbiy zarbalar berayotganini yozgandi. Biroq ularning yondashuvi bir xil emas: BAA qat’iyroq pozitsiyani egallab, Eronga og‘ir tovon to‘latishga intilmoqda. Riyod esa Eron bilan aloqalarni saqlab turibdi.

Tramp Xitoyning yordami kerakmasligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushni tugatish uchun Xitoyning yordamiga ehtiyoji yo‘qligini aytdi.

«Eron masalasida bizga biron-bir yordam kerak deb o‘ylamayman. Biz tinch yo‘l bilanmi yoki boshqacha, baribir g‘alaba qozonamiz», dedi Tramp Pekindagi muhim sammit oldidan.

O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganiga bir oy bo‘lgan bo‘lsa-da, tomonlar urushni butunlay to‘xtatish masalasida hech qanday siljishga erisha olmadi.

Manbalarga ko‘ra, Eron mintaqadan neft va suyultirilgan tabiiy gazni tashish bo‘yicha Iroq va Pokiston bilan kelishuvlar imzolab, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan o‘z nazoratini mustahkamlayapti. Boshqa davlatlar ham shunga o‘xshash bitimlarni ko‘rib chiqmoqda, bu esa Tehronning suv yo‘li ustidan nazoratini doimiy asosda qonuniylashtirishi mumkin.

Tramp payshanba va juma kunlariga rejalashtirilgan uchrashuvlarda Si Jinpingni Tehronni Vashington bilan bitim tuzishga ko‘ndirishga undaydi.

Bundan tashqari, urush xarajatlari ortib borayotgan bir paytda, Tramp amerikaliklarning moliyaviy qiyinchiliklari unga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini aytdi.

Jurnalistning amerikaliklarning iqtisodiy qiyinchiliklari uni Eron bilan kelishuvga erishishga qanchalik undayotgani haqidagi savoliga Tramp: «Zarracha ham emas», deb javob berdi.

«Men amerikaliklarning moliyaviy ahvoli haqida o‘ylayotganim yo‘q. Men hech kim haqida o‘ylamayapman. Men faqat bir narsa haqida o‘ylayman: biz Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Bo‘ldi. Meni harakatga keltiradigan yagona narsa shu», dedi Tramp Xitoyga jo‘nab ketishdan oldin.

Noyabr oyidagi oraliq saylovlar oldidan bu so‘zlar tanqidchilar diqqat markazida bo‘lishi aniq.

Pentagon urush xarajatlarini hozircha 29 milliard dollarga baholadi, bu o‘tgan oy oxiridagi hisob-kitobdan 4 milliard dollarga ko‘pdir.

Yevroittifoq «Tolibon»ni Bryusselga taklif qildi

Yevropa Komissiyasi «Tolibon» vakillarini Afg‘oniston fuqarolarini deportatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun Bryusselga taklif qildi.

Ushbu taklif shu yilning yanvar oyida Afg‘onistonda bo‘lib o‘tgan «texnik muzokaralar» bo‘yicha dastlabki uchrashuvdan so‘ng yuz berdi. Yevropa Komissiyasi matbuot kotibi Markus Lammert ushbu muhokamalarni «davomiy uchrashuv» deb tasnifladi.

Lammertning ta’kidlashicha, Yevropadan yo jinoyat sodir etgani uchun hukm qilingan, yo xavfsizlikka tahdid deb topilgan afg‘onistonliklar majburiy qaytariladi. Shvetsiya va Germaniya ushbu masalada faollik ko‘rsatayotgan davlatlar qatorida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bryusselga taklif qilinishi «Tolibon»ni Afg‘oniston hukumati sifatida «tan olishni anglatmaydi». Yevropa Ittifoqi 2021 yilda NATO qo‘shinlari olib chiqilgach hokimiyatga qaytgan «Tolibon» rahbariyatini rasman tan olmagan.

Rossiya–Ukraina urushi

Ukraina Qurolli Kuchlari Orenburg viloyatidagi gaz sanoati obektlariga hujum qildi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 12 may oqshomidagi fuqarolarga yo‘llagan videomurojaatida ma’lum qildi. «Ukrainadan bir yarim ming kilometrdan ortiq masofada joylashgan Rossiya gaz sanoati obektlari» dedi Zelenskiy, ammo aynan qaysi obekt ekanini aytmadi.

«Ukraina Rossiya harakatlariga javoban “ko‘zgu kabi” yo‘l tutishini ma’lum qilgandi. Biz sulh taklif qildik. Afsuski, uch kunlik nisbiy sukunatdan so‘ng yana dron zarbalari, yana aviabombalar. Frontdagi faollik yuqoriligicha qolmoqda. Shuning uchun biz javob qaytaryapmiz», deb ta’kidladi Ukraina rahbari.

12 may kuni rus pabliklari Orenburg viloyatidagi obektlarga, xususan Chelyabinsk rux zavodiga zarbalar berilgani haqida xabar berdi. Orenburg viloyati gubernatori mintaqada havo mudofaasi 9 ta dronni urib tushirganini, dron parchalari turar joy binosi va yaqin atrofdagi maktabga ham zarar yetkazganini yozdi.

Rasmiylar gaz obektlariga berilgan zarbalar haqida to‘xtalmagan. Ukraina o‘tgan yili ham hujum qilgan Orenburgdagi gazni qayta ishlash zavodi dunyodagi eng yirik gaz-kimyo majmuasi hisoblanadi.

Oldinroq Rossiya kuchlari Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatiga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgani xabar berilgandi.

Viloyat gubernatori Aleksandr Ganjaning aytishicha, Rossiya hujumlarida Krivoy Rogdagi ko‘p qavatli turar joy binosi shikastlangan va Sinelnikovo shahri yaqiniga aviabomba tashlangan.

Hantavirus aniqlangan holatlar ko‘payishi mumkin

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori, doktor Tedros Adanom butun dunyo bo‘ylab jami 11 kishida kruiz kemasidagi voqeaga aloqador hantavirus aniqlanganini yoki unga shubha borligini ma’lum qildi. Ushbu ko‘rsatkich infeksiya natijasida vafot etgan uch kishini ham o‘z ichiga oladi.

Uning ta’kidlashicha, yo‘lovchilar o‘rtasidagi o‘zaro muloqot tufayli hantavirus bilan kasallanganlar soni dastlabki hisob-kitoblardan ko‘proq bo‘lishi mumkin.

«Yashirin inkubatsiya davri ham olti haftadan sakkiz haftagacha davom etadi. Ular kemada bo‘lgan vaqtlarida o‘zaro muloqotda bo‘lganliklari sababli... biz yana yangi holatlar aniqlanishini kutmoqdamiz», dedi u.

Shuningdek, hantavirus epidemiyasi markazida bo‘lgan kruiz kemasidagi 18 nafar amerikalik seshanba kuni Qo‘shma Shtatlarda karantinga olindi.

Ikki yo‘lovchi — ulardan biri kasallik alomatlariga ega, Atlantadagi Emori universitetining biologik cheklash bo‘limiga yuborildi. Alomatlar kuzatilgan shaxsdan olingan tahlillar hantavirusning «Andes» variantiga manfiy natija berdi. Bu virusning odamdan odamga yuqishi ma’lum bo‘lgan yagona turidir. AQSh rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning qolgan qismi uchun xavf darajasi pastligicha qolmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid