Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp amerikaliklarning iqtisodiy qiyinchiliklari uni Eron bilan kelishuvga undamasligini aytdi
Donald Tramp Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borar ekan, amerikaliklarning moliyaviy qiyinchiliklari uning qaror qabul qilishida omil emasligini aytdi. Trampga ko‘ra, Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uning asosiy ustuvor vazifasi.
Foto: Reuters
12 may kuni AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoyga safari oldidan jurnalistlar undan «Amerikaliklarning moliyaviy ahvoli uni Eron bilan kelishuvga erishishga qay darajada undayotgani» haqida so‘radi.
«Zarracha ham emas. Eron haqida gapirayotganimda muhim bo‘lgan yagona narsa — ularda yadro quroli bo‘lishi mumkin emas», dedi Tramp Oq uyni tark etarkan.
President Trump said he doesn't think about Americans' financial situations as he negotiates with Iran, "not even a little bit," as he took questions from reporters before leaving for China.
— CBS News (@CBSNews) May 12, 2026
"The only thing that matters when I'm talking about Iran, they can't have a nuclear… pic.twitter.com/Yb2ErKl8t2
«Men amerikaliklarning moliyaviy ahvoli haqida o‘ylayotganim yo‘q. Men hech kim haqida o‘ylamayapman. Men faqat bir narsa haqida o‘ylayman: biz Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Bo‘ldi. Meni harakatga keltiradigan yagona narsa shu», deya qo‘shimcha qildi AQSh yetakchisi.
Reutersʼning yozishicha, Trampning bu so‘zlari hukumat – geosiyosiy maqsadlar va amerikaliklarga bo‘lgan iqtisodiy ta’sir o‘rtasida muvozanatni saqlashi kerak deb hisoblaydigan tanqidchilar tomonidan katta e’tirozlarga sabab bo‘lishi kutilmoqda. Ayniqsa, AQShda noyabr oyidagi oraliq saylovlar oldidan yashash narxi bilan bog‘liq xavotirlar saylovchilar uchun asosiy masala bo‘lib qolmoqda.
Prezidentning so‘zlariga izoh berish so‘ralganda, Oq uy aloqa bo‘limi direktori Stiven Chung Trampning «asosiy mas’uliyati amerikaliklarning xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash» ekanini aytdi. «Eron yadro quroliga ega bo‘la olmaydi va agar chora ko‘rilmaganida, ular bunga erishgan bo‘lardi. Bu esa barcha amerikaliklarga tahdid soladi», dedi Oq uy rasmiysi.
Trampga bosim va Eronning maqsadlari
Nashrning yozishicha, Donald Tramp respublikachi safdoshlari tomonidan kuchayib borayotgan bosimlar ostida qolmoqda. Ular:
- urush keltirib chiqargan iqtisodiy qiyinchiliklar partiyaga qarshi keskin norozilik uyg‘otishi;
- bu esa noyabr oyida Vakillar palatasi hamda ehtimol Senat ustidan nazoratni yo‘qotishga olib kelishidan qo‘rqmoqda.
Eron mojarosi bilan bog‘liq energiya xarajatlarining oshishi AQShda benzin narxining ko‘tarilishiga va inflatsiyaning o‘sishiga olib keldi.
Xususan, seshanba kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda iste’mol inflatsiyasi aprel oyida so‘nggi uch yildagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
Tramp o‘z yondashuvini milliy va global xavfsizlik masalasi sifatida ta’riflamoqda. Biroq, masaladan xabardor manbalarga ko‘ra, AQSh razvedka baholashlari Eronning yadro qurolini yaratishi uchun kerak bo‘ladigan vaqt o‘tgan yozdan beri o‘zgarmaganini ko‘rsatmoqda. Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha baholashlar hatto ikki oylik urushdan keyin ham deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda.
Eron esa yadro qurolini yaratishga intilayotganini inkor etadi va o‘z dasturi tinch maqsadlarga yo‘naltirilganini aytib keladi.