O‘zbekiston | 20:10 / 15.05.2026
1985
2 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyojmand oilalarga beriladigan kompensatsiya miqdorlari oshiriladi

Elektr energiyasi uchun bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt·soatgacha beriladigan kompensatsiya 30 ming so‘mdan 37,5 ming so‘mga hamda tabiiy gaz uchun isitish mavsumida bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha kompensatsiya 200 ming so‘mdan 225 ming so‘mga oshiriladi.

Foto: O‘zA

Ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun davlat tomonidan ajratilayotgan kompensatsiya to‘lovlari davom ettiriladi, deb ma’lum qildi Ijtimoiy himoya milliy agentligi.

Agentlikning qayd etishicha, prezident qaroriga muvofiq, ehtiyojmand oilalarga har oyda iste’mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun davlat tomonidan kompensatsiya to‘lovlari to‘lab borilmoqda.

Elektr energiyasi uchun oyiga bazaviy me’yor (200 kVt·soat) oshgan qismdan keyin 150 kVt·soatgacha hamda tabiiy gaz uchun qish oylarida bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha, boshqa oylarda esa 150 kub metrgacha bo‘lgan qismi uchun kompensatsiya beriladi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz yangi tariflari joriy etilishi munosabati bilan ehtiyojmand oilalar uchun ajratiladigan kompensatsiya miqdorlari ham oshiriladi.

Yangi tartibga muvofiq, elektr energiyasi uchun bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt·soatgacha beriladigan kompensatsiya 30 ming so‘mdan 37,5 ming so‘mga hamda tabiiy gaz uchun isitish mavsumida bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha kompensatsiya 200 ming so‘mdan 225 ming so‘mga oshiriladi.

Boshqa mavsumlarda bazaviy me’yordan oshgan 150 kub metrga kompensatsiya 120 ming so‘mdan 135 ming so‘mga oshiriladi.

Kompensatsiya olish uchun mahalladagi ijtimoiy xodimga, tumandagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga yoki Agentlikning «1140» koll-markaziga murojaat qilish mumkinligi eslatilgan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid