Jahon | 15:26
1370
9 daqiqa o‘qiladi

Ho‘rmuzdagi vaziyat, Qozog‘istonda Turkiya dronlari va Hindistonda halokatli dovul – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp va Si uchrashuvining birinchi kuni

14 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy yetakchisi Si Jinping Pekinda muzokaralarni boshladi. Muzokaralarning ilk kuni dabdabali marosimlar, savdo hamda bahsli masalalarga daxldor bo‘lgan uchrashuvlar bilan o‘tdi.

Uchrashuv vaqtida Xitoy bojxona boshqarmasi Amerikaning bir necha yuzlab kushxonalariga Xitoyga mol go‘shti eksport qilish uchun litsenziyalarni tasdiqladi. Tramp o‘zining dastlabki bojlarini joriy qilganidan so‘ng Xitoy ushbu litsenziyalarning muddatini tugatgandi.

Shu bilan birga, umumiy savdo munosabatlari noaniqligicha qolmoqda. Ammo Amerika biznes delegatsiyasi a’zolari birinchi uchrashuvdan so‘ng xushkayfiyatda ko‘rindi. Nimalarga erishilgani haqidagi savolga Ilon Mask «Ko‘plab yaxshi narsalarga», deb javob berdi.

Si yopiq muzokaralar chog‘ida Trampni – Tayvan oroli bo‘yicha kelishmovchiliklar, agar noto‘g‘ri hal qilinsa, dunyoning hukmron kuchlarini «to‘qnashuvlar va hatto mojarolar» sari yetaklashi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Ammo davlat kotibi Marko Rubio AQShning Tayvanga nisbatan siyosati «o‘zgarmas» ekanini aytdi.

Trampning o‘zi Fox Newsʼga bergan intervyusida Si urushni hal qilishda shaxsan yordam taklif qilganini aytdi. «U Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishini xohlaydi», - dedi Tramp. «U agar biror-bir yordamim tegsa, yordam berishni xohlar edim, deb aytdi». Ammo Xitoyning Eron bilan strategik sherikligini hisobga olsak, bu nima anglatishi tushunarsiz qolmoqda.

Shuningdek, Si AQShdan 200 ta Boeing samolyotini sotib olish bo‘yicha majburiyat olishiga ishora qilgan. Si shaxsan o‘zi Trampni Pekindagi mashhur Osmon ibodatxonasi bo‘ylab aylantirdi, uning sharafiga dabdabali banket uyushtirdi.

Tramp Xitoy yetakchisini 24 sentabrda Vashingtonga taklif qildi, bugun ham uchrashuvlar davom etmoqda.

Qozog‘istonda Turkiya dronlari

Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasida ANKA uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etiladi.

Bu haqidagi xujjat 14 may kuni Ostonada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning tashrifi chog‘ida imzolangan.

ANKA bo‘yicha kelishuv To‘qayev va Erdo‘g‘an o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha almashilgan 17 ta hujjatlar to‘plamidan joy olgan.

Dron bo‘yicha loyiha tafsilotlari, jumladan, investitsiyalar hajmi, korxonaning joylashuvi, ishga tushirish muddatlari ochiqlanmadi.

ANKA Turkiyaning TUSAŞ mudofaa sanoati kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Avvalroq Qozog‘iston ushbu dronlarning birinchi xorijiy ishlab chiqarish bazasi bo‘lishi kerakligi, hamkorlik esa qo‘shma ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va texnologiyalarni uzatishni o‘z ichiga olishi haqida xabar berilgandi.

ANKA – razvedka-zarba beruvchi dron toifasiga kiradi. Uning maksimal uchish og‘irligi 1700 kg, foydali yuk 350 kggacha ko‘taradi, havoda 30 soatgacha tura oladi va 9 ming metr balandlikka ko‘tarila oladi.

Ho‘rmuzdagi vaziyat

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron harbiylari tomonidan BAA qirg‘oqlari yaqinida kema qo‘lga olingani haqidagi xabarlardan so‘ng Tehronga nisbatan sabr-toqati tugab borayotganini aytdi.

«Mening ortiqcha sabr qilishga niyatim yo‘q. Ular kelishuvga erishishlari kerak», dedi Tramp Xitoyda turib intervyu berarkan.

Eronning boyitilgan urani yashirin zaxiralariga to‘xtalar ekan, Tramp bu zaxiralar AQSh tomonidan faqat PR maqsadida nazoratga olinishi kerakligiga ishora qildi.

«Menimcha, bu jamoatchilik bilan aloqalar nuqtai nazaridan boshqa narsaga kerak emas. To‘g‘risi, u menda bo‘lsa, o‘zimni yaxshiroq his qilardim. Lekin nazarimda, bu boshqa narsadan ko‘ra ko‘proq PR uchun», dedi u.

Chorshanba kuni Ummon qirg‘oqlari yaqinidagi suvlarda Afrikadan BAAga chorva mollari olib ketayotgan Hindiston yuk kemasi cho‘ktirildi. Hindiston hujumni qoraladi va ekipajning barcha 14 nafar a’zosi Ummon qirg‘oq qo‘riqlash xizmati tomonidan qutqarilganini ma’lum qildi.

Alohida holatda, payshanba kuni BAAning Fujayra porti yaqinida langar tashlagan kema Eron tomonidan nazoratga olingani xabar berildi.

Eron o‘z shartlarini qabul qilgan mamlakatlarning ayrim kemalariga bo‘g‘ozdan o‘tishga ruxsat berish bo‘yicha ko‘proq bitimlar tuzmoqda. Eron Inqilobiy gvardiyasi chorshanba oqshomidan beri bo‘g‘ozdan 30 ta kema o‘tganini ma’lum qildi. Bu urushdan oldingi odatiy kundagi 140 tadan ancha kam, ammo tasdiqlansa, bu sezilarli o‘sishdir.

AQSh o‘tgan oyda Eronga hujumlarini to‘xtatdi, biroq mamlakat portlarini blokada qilishni boshladi. Buning ortidan mojaroga chek qo‘yishga qaratilgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Rossiya–Ukraina urushi

Rossiya Ukrainada so‘nggi ikki kunlik davr ichida o‘zining eng yirik havo hujumlaridan birini amalga oshirdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, chorshanbadan beri Rossiya 1567 ta dron uchirgan, kamida 27 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi.

«Bular, shubhasiz, urush tugashiga ishonadiganlarning harakati emas. Hamkorlarimiz ushbu zarba haqida sukut saqlamasliklari va osmonimiz himoyasini qo‘llab-quvvatlashda davom etish muhimdir», dedi Zelenskiy.

Uning aytishicha, tungi zarbalarning asosiy nishoni Kiyev bo‘lgan. Favqulodda xizmatlar xabariga ko‘ra, poytaxtda kamida 21 kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘lgan. Shahar meri Vitaliy Klichko juma kunini motam kuni deb e’lon qildi. Payshanba kungi hujumlar yuzasidan Moskva hozircha hech qanday izoh bermadi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, jami 180 ta obektga, jumladan, 50 dan ortiq turar joy binosiga zarar yetgan. Ukrainaning ikkinchi yirik shahri Xarkovda 28 kishi, jumladan, uch nafar bola yaralangan. Ukraina energetika vazirligi 11 ta viloyatda elektr ta’minoti uzilganini bildirdi.

Zelenskiy buning ortidan harbiylarga Rossiyaning yirik havo hujumiga javob variantlarini tayyorlashni topshirdi. «Ukraina mudofaa kuchlari va maxsus xizmatlarga Rossiyaning ushbu zarbasiga javob berishimizning ehtimoliy shakllarini taklif etishni topshirdim», dedi u.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa uchun raketalarni izlash Ukraina uchun asosiy vazifa.

Hindistonda halokatli dovul

Payshanba kuni Hindistonning aholi eng zich joylashgan Uttar-Pradesh shtatida yomg‘ir va do‘l aralash kuchli dovul sodir bo‘ldi. Qutqaruv xizmati rasmiylariga ko‘ra, oqibatda kamida 104 kishi halok bo‘ldi.

Shimoliy shtatlarda mussongacha — issiq mavsumda bunday bo‘ronlar odatiy hol hisoblanadi. Biroq chorshanba kungi dovul oqibatida halokatli bo‘ldi. Qurbonlardan tashqari, 59 kishi jarohatlandi, 87 ta uy zarar ko‘rdi va 114 bosh chorva moli ham nobud bo‘lgan.

«Biz yashaydigan butun hudud taxminan yarim soat davomida qop-qorong‘i bo‘lib qoldi», deydi guvohlardan biri.

Televideniye orqali ko‘rsatilgan tasvirlarda bo‘rondan so‘ng daraxtlar ildizi bilan qo‘porilgani, reklama taxtalari avtomobillar ustiga qulagani va yo‘l chetidagi do‘konlarning mebellari sochilib ketganini ko‘rish mumkin.

Ayrim o‘lim holatlari daraxtlar ag‘darilishi va devorlar qulashi oqibatida yuz bergan.

Shtat rasmiylari omon qolganlarga yordam bermoqda, ularga 24 soat ichida moliyaviy ko‘mak ham tarqatiladi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid