Jahon | 21:00 / 17.05.2026
1312
10 daqiqa o‘qiladi

Tramp Xitoyga bordi, Yamal qo‘lida Falastin bayrog‘i – hafta dayjesti

Hafta davomida Tramp Xitoyga bordi, Putin xavotirli hujjat imzoladi, AQShning Tayvan bo‘yicha pozitsiyasi keskin o‘zgardi. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Tramp Xitoyda

Haftaning eng muhim voqeasi AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoyga tashrifi bo‘ldi. Unda savdo bitimlari, vazirlar qanaqadir hujjatlarni imzolashi kuzatilmadi. Umuman, dunyodagi eng qudratli ikki davlat liderlari hech qanday hujjat imzolagani yo‘q. Va odatda bunaqa uchrashuvlarda har qanday bitimlardan muhimroq masalalar muhokama qilingan bo‘ladi. Ta’sir doirasini belgilab olish, keyinchalik qanday harakat qilish, kim qayerda asosiy bo‘lishi kabi masalalar muhokama qilinadi.

Esingizda bo‘lsa, Tramp ikkinchi muddatiga kirishganda butun dunyoga qarshi o‘z iddaolarini baland ovozda aytayotgan, Xitoy bilan ham savdo urushini qayta boshlab yuborgandi. Lekin Tramp prezidentligining bir yili o‘tgach, o‘zining ta’biri bilan aytganda to‘qqizta urushni tugatishga ulgurgan bir vaqtda Xitoyga kuchsiz pozitsiyada bordi. Bu tashrif mazmunini tushunish uchun shunchaki kim kimning uyiga borganiga qarashning o‘zi kifoya.

Trampning tashrifini uning jamoasi katta voqelikdek ko‘rsatishga urindi, lekin umuman olganda, amerikaliklar bu tashrifni muvaffaqiyatli deb hisoblayotgani yo‘q. Tramp va Si uchrashuvida asosan Erondagi urush va Tayvan muhokama qilingan. Uchrashuvdan keyin Xitoyning yaqin ittifoqchisi Eron taslim bo‘lgani yo‘q, amerikaliklarga boyitilgan uranni bochkaga solib bermadi ham, qaytanga Tramp ortga qaytgach Eronga qayta zarbalarni muhokama qilishi aytildi. Buni Tramp Erondagi urushni tugatishda yordam so‘ragan va Pekin rad etgan deb talqin qilish ham mumkin.

Tramp Oq uyga qaytgan chog‘ida o‘ziga ishonchi juda baland edi, «Amerika qaytdi, bizni yana hurmat qilishyapti, biz buyukmiz, biz zo‘rmiz», dedi. Maduroni vertolyotga solib olib qochishganda uning o‘ziga ishonchi yana oshdi. Keyin Eronda urush boshladi, yarim asrdan buyon Amerikaga la’nat aytayotgan davlatning qirq yillik rahbarini o‘ldirtirdi.

Diplomatik maydonda «Tinchlik kengashi» degan tashkilot tuzib, uni go‘yoki BMTdan kuchliroq tashkilotdek ko‘rsatishga urindi. Lekin ajoyib kunlarning birida qarasa, Amerikaday qudratli davlat iqtisodiyoti, katta-katta bizneslar, trillion dollarlik loyihalar Tinch okeanining huv narigi chekkasidagi Xitoy degan davlatga rad etib bo‘lmaydigan darajada bog‘lanib qolgan ekan.

Oddiy misol, Trampga hamrohlik qilgan Ilon Maskning Tesla'si bozordagi yarim mahsulotini Xitoyda ishlab chiqaradi, Apple'ning eng ko‘p mahsuloti ham Chinda teriladi. Shunday ekan, Amerika bu davlat bilan savdo urushiga kirishishi avvalo amerikaliklar uchun zarar bo‘ldi. Xitoy raisi ham Trampga raqib emas, hamkor bo‘laylik dedi.

Aytgancha, Trampning Xitoyga tashrifini «ular dunyoni bo‘lib oldi» degan qabilda talqin qilish kerak emas. Dunyo juda katta, ikkitagina davlat uchun og‘irlik qiladi. Bular shunchaki o‘z manfaatlari to‘qnashgan masalalarni gaplashib olgan. Mening nazdimda Trampning Xitoyga tashrifi Amerika endilikda dunyoda yana bir qudratli qutb borligini tan olganini anglatadi.

Putin ham Xitoyga boradi

Donald Tramp Xitoyga borganidan bir hafta o‘tib Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Si Jinping taklifiga binoan Xitoyga borarkan. Biroq Putinning Xitoyga tashrifi Trampnikidan tantanaliroq ruhda o‘tsa kerak. Chunki ular eski ittifoqchi, raqobatchi emas. Putinning tashrifi ikki soat emas, ikki kun davom etarkan. Konspirologlar uchun gap topildi: avval Tramp Xitoyga bordi, endi Putin boryapti, kattalar dunyoni bo‘lib olmoqda!

Aytgancha, Tramp Oq uyga qaytganida Floridadagi qarorgohida katta-katta uchrashuvlar o‘tkazayotgan, u yerni «dunyo siyosatining markazi» deb ham atagandi. Ilon Mask ham u yerda yashab yurdi axir. Chindan Mar-a-Lagoda katta masalalar hal bo‘ldi. Endi esa jiddiy masalalar Floridada emas, Pekinda hal bo‘layotgan ko‘rinadi...

Tramp Xitoy bilan urushmoqchi emas

Trampning Xitoyga tashrifi davomida Pekin Tayvan masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Hatto ochiqchasiga «Vashington orol mustaqilligini qo‘llashi Xitoy va Amerika o‘rtasida qurolli to‘qnashuv keltirib chiqarishi mumkinligidan» ogohlantirdi. Qaysidir davlat Donald Tramp borgan vaqtda uni nimadandir urush bilan ogohlantirsa, Amerika prezidenti unga qanday javob bergan bo‘lishini tasavvur qilavering. Lekin Tramp Xitoyning ochiq tahdidomuz ogohlantirishiga javob bermadi. Hatto amerikalik jurnalistlar Tramp Sining yonida turganida Tayvan haqda so‘raganda, u jim turdi.

Amerikaga qaytgach, Tramp FOX News'ga intervyu berdi va Tayvan bo‘yicha Vashingtonning pozitsiyasi keskin o‘zgarganini ko‘rsatdi: «Vaziyatga to‘g‘ri baho beradigan bo‘lsak, Xitoy juda katta va qudratli davlat, Tayvan esa juda kichik orol. Xitoy Tayvandan 59 mil narida, biz 9500 mil olisda. Biz 9500 mil bosib jang qilishimiz kerakmi? Men buni istamayman, kimdir mustaqil bo‘lishi uchun harakat qilmoqchi emasman».

Amerika Tayvanni qalin ittifoqchi deb bilar, hatto harbiy yordam berardi. Lekin endi Tramp menga baribir, deyapti. Aytgancha, Tramp Tayvanni chip ishlab chiqarish bo‘yicha raqobatchi deb atab, bu davlat rivojlanib ketishida o‘zidan oldingi prezidentlarni aybladi. Bu gaplar yaxshi yoki yomon demoqchi emasman, shunchaki hozirgi reallik shunaqa: Xitoy dunyodagi eng kuchli davlat liderini Pekinga chaqirib, o‘zining eng asosiy muammosi Tayvan masalasida juda muhim bayonot berishiga erisha oldi.

Kuba uch kunda?

Tramp Xitoyga borib yurgan bir vaqtda Amerika Kuba atrofida harbiy, siyosiy, razvedkaviy faollikni oshirdi. Hafta davomida MRB direktori Jon Retkliff Gavanada kubalik hamkasblariga Trampning «fundamental o‘zgarishlar evaziga iqtisodiy masalalarni muhokama qilishga tayyor ekani» haqida xabarni yetkazgan.

Yil boshida AQSh Kubaga nisbatan energetik blokada joriy etgan va shu sabab mamlakat bir necha oydan buyon energetik inqirozni boshdan kechirmoqda. Kubaliklar Venesueladan neft olardi, Maduro qo‘lga olingach, endi bu davlatdan neft kelmayapti.

Kelib chiqishi kubalik bo‘lgan davlat kotibi Marko Rubio ham oxirgi vaqtlarda ota yurti haqida ko‘p gapirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kuba «odamlar chiqindidan ovqat topib yeydigan davlatga aylanib qolgan». Amerika aralashmasa, bu davlatdagi ahvol yomon bo‘lib ketadi, demoqchi janob Rubio. Qiziq, hozirgi inqiroz qaysi davlat blokadasidan keyin kelib chiqqanikin?

Ukrainada korrupsion mojaro

Ukraina va korrupsiya so‘zlari juda ko‘p yonma-yon tilga olinadi, azaldan shunaqa bo‘lgan. Mamlakat urush holatida ham korrupsiya botqog‘idan chiqib ketolmayapti. Ukrainadagi prezidentdan ham mustaqil ishlaydigan aksilkorrupsiya idoralari Zelenskiy ma’muriyatining sobiq rahbari Andrey Yermak ustidan ish ochdi. Urush davrida «Ukrainaning ikkinchi odami» bo‘lgan, o‘z vakolatiga kirmaydigan ishlar bilan, xususan, tashqi siyosat bilan shug‘ullanib yurgan, «Zelenskiyni boshqarishda» ham ayblangan Yermak endi sud tomonidan elit qurilish binolari atrofidagi jinoyatda, xususan, pul yuvishda ayblanmoqda. Biz bu mavzuga hafta davomida alohida to‘xtalamiz.

Rossiyada shov-shuvli qonun

Rossiya parlamenti mamlakat prezidentining vakolatlarini yanada oshirdi. Endilikda Rossiya prezidenti qaysidir davlatda biror rossiyalikka nisbatan ish ochilsa, o‘sha davlatga armiyani olib kirish huquqiga ega bo‘larkan. Va shu haftada Putin Moldovaning Dnestrbo‘yi hududida yashaydiganlar uchun Rossiya fuqaroligi olishni yengillashtiruvchi hujjatni imzoladi.

Hozir urush bo‘layotgan hududlarda ham Rossiya o‘z vaqtida fuqarolik berishni osonlashtirilgandi. Xullas, juda xavotirli huquqiy yurishlar bo‘ldi Putin tomonidan. Moldovaning Dnestrbo‘yi hududi bir vaqtlar «DXR» va «LXR» bo‘lgan holatda ekani inobatga olinsa, xavotir yanada oshadi. Va Moldova Ukraina kabi kuchli davlat emas, buni unutmaslik kerak.

Yamal qo‘lida Falastin bayrog‘i

«Barselona» futbolchisi ispaniyalik Lamin Yamal jamoa La Liga chempionligini nishonlayotgan paradga Falastin bayrog‘ini ko‘tarib chiqdi. Musulmon futbolchi shu tariqa Falastin davlatini qo‘llashini bildirdi. Isroil mudofaa vaziri Israyel Kats Yamalning harakatlari «terrorni qo‘llash ekanini» aytib chiqdi. Ispaniya bosh vaziri Sanches esa isroillik mulozimga javob qaytarib, «Aqli bor odam bunaqa bayonot bermaydi, biz Yamalni to‘liq qo‘llaymiz va faxrlanamiz», dedi.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid