O‘zbekiston | 23:03 / 02.06.2026
2649
3 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva madaniyat va san’at sohasi rivoji uchun mo‘ljallangan farmonni olqishladi

Madaniyat rivoji uchun nafaqat ilhom, balki ijodiy g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish imkonini beruvchi shart-sharoitlar ham juda muhim, deb yozdi u.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva «Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonning qabul qilinishini olqishladi.

«Madaniyat rivoji uchun nafaqat ilhom, balki ijodiy g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish imkonini beruvchi shart-sharoitlar ham juda muhim. Kreativ industriyani shakllantirish esa real qo‘llab-quvvatlashni talab etadi. Bugun Prezidentimiz tomonidan ana shunday ko‘makni taqdim etuvchi tarixiy farmon imzolandi.

Unga ko‘ra, “Ijodga investitsiya” davlat maqsadli jamg‘armasi ta’sis etilmoqda. Istiqbolli ijodiy loyihalarni moliyalashtirish uchun ushbu jamg‘armaga har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Endi konsert tashkilotchiligi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar, film va serial tasvirga oluvchi kinokompaniyalar, bolalar uchun kontent ishlab chiqaruvchilar, xususiy teatr va studiyalar, madaniyat sohasidagi xususiy ta’lim muassasalari qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma, yer, mulk soliqlari hamda xodimlarning ish haqidan olinadigan jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod etiladi.

Xorijiy kino kompaniyalari uchun ham qulay sharoitlar yaratiladi: ularning O‘zbekiston hududida kino mahsulotlarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari norezidentlarning daromadi sifatida soliq bazasiga kiritilmaydi.

Nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi: gran-pri va birinchi o‘rin uchun tegishli ravishda 300 va 100 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 200 va 50 million so‘m, uchinchi o‘rin uchun esa 100 va 25 million so‘m beriladi.

Pedagoglar ham qo‘llab-quvvatlanadi: g‘oliblarni tayyorlagan o‘qituvchi va konsertmeysterlarga yil davomida oylik maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama to‘lanadi.

Bundan tashqari, har yili madaniyat, san’at va ijod sohalari vakillari orasidan uy-joyga muhtoj bo‘lgan ming nafar xodimga ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi», deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid