Jahon | 08:17
1005
3 daqiqa o‘qiladi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozida harbiy taranglik yana avj oldi

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Ho‘rmuz bo‘g‘ozi tomon harakatlangan Eronning to‘rtta kamikadze-droni urib tushirilganini ma’lum qildi. Vashington ushbu uchuvchisiz apparatlar mintaqadagi xalqaro kemachilik harakati uchun bevosita tahdid tug‘dirganini ta’kidlamoqda.

Foto: AP

CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, 6 iyun kuni AQSh harbiy kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi tomon uchirilgan to‘rtta Eron dronini havoda yo‘q qilgan. Amerika harbiylari ushbu dronlar dengiz transporti xavfsizligiga tahdid solganini bildirgan.

Shundan so‘ng AQSh kuchlari Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi Goruk hududi va Keshm orolida joylashgan sohil radiolokatsiya stansiyalariga zarba bergan. Amerika tomoni bu harakatni ehtimoliy keyingi hujumlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilgani bilan izohladi.

CENTCOM bayonotida AQSh harbiylari o‘zini himoya qilish maqsadida Eron tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday tajovuzga javob qaytarishga tayyor ekani ta’kidlangan.

Ayni paytda Kuvayt ham o‘z hududiga qarshi yangi raketa va dron hujumlari amalga oshirilgani haqida xabar berdi. Mamlakat armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, havo mudofaasi tizimlari dushman nishonlarini to‘sib qolish uchun ishga tushirilgan. Mahalliy aholi eshitayotgan portlash ovozlari aynan havo hujumidan mudofaa tizimlarining faoliyati bilan bog‘liq ekani qayd etildi.

Bu voqealar AQSh va Eron o‘rtasida 8 aprel kuni erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyingi eng yirik harbiy to‘qnashuvlardan biri sifatida baholanmoqda. Avvalroq Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Quvayt va Bahrayndagi AQSh harbiy obektlarini nishonga olganini bildirgan edi. Vashington esa Keshm orolidagi Eron harbiy obektiga zarba berganini ma’lum qilgan.

Mutaxassislar fikricha, bu kabi hodisalar Fors ko‘rfazi mintaqasidagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin. Ayniqsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, dunyo nefti, suyultirilgan gaz va o‘g‘itlar eksportining muhim qismi aynan shu yo‘lak orqali amalga oshiriladi.

Kuzatuvchilarning qayd etishicha, harbiy to‘qnashuvlar urushni to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemachilik harakatini to‘liq tiklash bo‘yicha muzokaralar qiyinlashayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid