15:59 / 14.04.2021
46677

Qanday amallar ro‘zani buzadi, qaysilari buzmaydi? - Ramazonga doir savol-javoblar

Muborak Ramazon oyiga bag‘ishlangan jonli efirdagi ilk suhbatimizda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid ro‘zani buzuvchi amallar haqida ham ma'lumot berdi.

Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid

– Ro‘zani buzadigan amallar haqida aytadigan bo‘lsak, bular yeb-ichish, ya'ni tanaga ozuqa kirishi hamda oilaviy munosabatlar, ya'ni o‘z ahliga yaqinlik qilish. Mana shu ikkala masala ro‘zani buzadi, bularga amal qilinmasa insonning ro‘zasi qabul bo‘lmaydi. Shuningdek, saharlikni kechiktirib vaqtidan o‘tkazib yuborish ham bo‘lmaydi.

Bilmasdan, xayolidan ko‘tarilib yeb-ichib yuborish ham ro‘zani ochmaydi, lekin xayoliga ro‘zadorligi kelishi bilan yeb-ichishni to‘xtatishi kerak. Shu o‘rinda bir masala, agar uzri bor holatida ham bir keksa odam ro‘za tutsa-yu, parishon bo‘lib nimadir yeb-ichayotgan bo‘lsa, uni to‘xtatish kerak emas deydi, ulamolar. Chunki unga ro‘za tutish farz emas, lekin himmat qildi. Ozgina yeb olgan narsasi qari insonga mador bo‘ladi. Lekin ro‘zadorligini o‘zi eslashi bilan to‘xtashi kerak bo‘ladi.

Og‘izni tish pastasi bilan yuvish masalasi. O‘zi aslida xushbo‘ylik ro‘zani ochmaydi. Hozirgi ko‘p tish pastalari o‘ta xushbo‘y bo‘lib, uning hidi dimoqqa urilib insonga rohat bervoradi. Bu esa makruh bo‘ladi. Shuning uchun og‘iz yopishdan avval tishni bir marotaba chayqab olish kifoya qiladi. Misvoqni bemalol ro‘zador holda ham ishlatish mumkin yoki zarurat tug‘ilsa, ro‘zador odam tish cho‘tkasiga pasta qo‘shmasdan, suvni o‘zida yuvsa ham bo‘ladi.

Suvdan foydalanish masalasida. Ba'zilar ariqni ichiga tushib olib, suzib yuradi-da, ro‘zam ochilmaydi deydi. Soylarda yoki basseynlarda suzganda og‘iz va burundan suv kirib, ro‘zaning ochilib ketishi ehtimoli juda yuqori. Bulardan saqlanish kerak. Lekin bo‘yingacha bo‘lgan chuqurlikdagi suvga tushib yursa, bunday holda ro‘za ochilmaydi. Isib ketgan vaqtda boshdan suv quysa yoki dush qabul qilsa ham ro‘za ochilmaydi.

Agar ro‘zaning mashaqqati tanaga zararli bo‘lmasa, uning mashaqqatini ko‘tarish ro‘zaning savobini ko‘paytiradi. Toqatdan tashqari holatlarda tananing haqqi oldinga chiqib qoladi. Ya'ni tanaga ortiqcha og‘irlik yo‘q – sabr qilasiz, savob olasiz. Lekin tanaga mashaqqat og‘irlashib ketganda, endi uning haqqini ado qilish – sovitish kerak. Bunday holatlarda qiyinchilikka targ‘ib va talab qilinmaydi.

Boshqa masalalarda, ayollar uchun muhim bo‘lgan ovqatni tuzini ko‘rishda, agar ozgina ovqatni tilga tekkizib, ta'mini bilib olsa, tupurib yuborsa ro‘za ochilmaydi. Lekin olgan ovqati tomog‘iga ketib qolsa, ro‘zasi ochilib ketadi.

Ko‘pchilik so‘raydigan ukol masalasida ulamolar yon tarafdan, ya'ni muskuldan ukol olsa, ro‘za ochilmaydi, degan. Lekin tomirdan qilingan ukollar, ayniqsa ozuqa bo‘lsa, ro‘zani buzishi aytiladi. Turli kasalliklarga qarshi vaksinalar ham muskul orqali qilinadi va bunday holatlarda ham ro‘za ochilmaydi. Lekin, yana ham taqvo qilaman desa, turli ukollarni og‘iz ochilgan vaqtlarda olgani afzal.

Endi yuqorida aytganlarim, ommaning ro‘zasiga taalluqli. Keyingi darajada barkamol ro‘za tutaman, ro‘zaning savoblariga to‘liqroq erishaman degan kishilar esa nafaqat yeb-ichishdan tiyilishlari, balki butun ta'na a'zolarini gunohdan tiyishlari kerak bo‘ladi. Ko‘zni harom qilingan narsalarga qarashdan, tilni aytish harom qilingan so‘zlar – turli haqorat, yolg‘on, tuhmat va bo‘htonlardan, qo‘l va oyoqni turli gunohlarni qilishdan tiyish kerak bo‘ladi. Mana bular a'zolarning ro‘zasi bo‘ladi. Shunday tutilgan ro‘zada ko‘zlangan maqsad tugal hosil bo‘ladi.

Rasululloh alayhissalom aytganlar: «Kim ro‘za tutsa-yu, yolg‘on gap va tuhmatni qo‘ymasa, uning och qolib, chanqaganiga Alloh muhtoj emas». Aslida inson taqvo qilsa ham Alloh unga muhtoj bo‘lmaydi. Lekin, bu hadisda aytilyaptiki, Alloh nazarda tutgan haqiqiy ro‘za bu emas, Shuning uchun ro‘zador og‘zini beposhna so‘zlardan ham tiyishi kerak.

Yana ham xos kishilarning ro‘zasi ham bo‘ladi. U qalbning ro‘zasidir. Bunda qilish u yoqda tursin, gunoh qilish xayoliga ham kelmaydi, bandaning qalbi Allohning zikri bilan band bo‘ladi. Agar inson harakat qilib, bu darajalarga erishsa, Ramazon ro‘zasi u uchun haqiqatda poklovchi bo‘lib, ruhiy yuksalishga sabab bo‘ladi.

  • Barcha savol-javoblar bilan to‘liq video orqali tanishishingiz mumkin. Suhbat davomida, shuningdek og‘iz ochish va yopish vaqtlarini aniqlashdagi ixtiloflar, kimlarga ro‘za farzligi va kimlarga yengillik berilgani, Ramazonda qilish mumkin bo‘lgan ishlar, iftorlik va saharlikda taomlanish odoblari kabi mavzularda so‘z boradi.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top