“Svetoforni sun'iy intellekt boshqaradi”. O‘zbekistonlik muhandis avtomobillar tirbandligi muammosiga yechim topdi
“Sun'iy intellekt bilan boshqariladigan svetofor tirbandlikning oldini oladi. Bunda qurilma chorrahadagi mashina oqimini hisoblab, svetoforga buyruq beradi. Natijada yonishi zarur bo‘lgan chiroq bir xil belgilab qo‘yilgan vaqtda emas, kerakli daqiqalarda yonadi”, deydi muhandis Shuhrat Yo‘ldoshev.
Ayni kunlarda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan "Innoweek-2021"texnologiyalar haftaligida bir qancha yangi loyihalar taqdim qilinmoqda.
Ulardan biri — sun'iy intellekt yordamida ishlaydigan svetofor. Sun'iy intellekt va robototexnika bo‘yicha muhandis Shuhrat Yo‘ldoshevning aytishicha, bu qurilma mashinalar tirbandligini bartaraf qilishda katta samara beradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur startap avtomat rejimda ishlaydigan svetoforlarni sun'iy intellekt yordamida boshqarish orqali tirbandliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
“Hozirda viloyatlar va shaharlar markazlarida avtomobillar tirbandligi yuqori. O‘zbekistondagi barcha svetoforlar avtomat rejimda ishlaydi. Ular bir xil vaqt oralig‘ida chorrahalarni boshqaradi. Bu noto‘g‘ri. Shuning uchun ham vaqt yutqazilyapti, YTH sodir bo‘lmoqda, “probka”da yonilg‘i ko‘proq sarflanyapti...
Svetofor sun'iy intellekt yordamida boshqarilsa, tirbandlik muammosi hal bo‘ladi. Bunda chorrahaning to‘rt tomoniga kameralar o‘rnatiladi. Dastur ishga tushib, barcha tomonlardagi avtomobillar sonini hisoblaydi. Qaysi tomonga yashil yoki qizil chiroqni ko‘proq yoqish kerakligini aniqlaydi hamda svetoforga buyruq beradi. Natijada yonishi zarur bo‘lgan chiroq bir xil belgilab qo‘yilgan vaqtda emas, kerakli daqiqalarda yonadi. Shu orqali tirbandlikning oldi olinadi.
Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda bu texnologiyadan foydalanishadi. O‘rta Osiyoda esa hali yo‘q. Agar buni O‘zbekistonda qo‘llasak, yo‘l harakati xavfsizligini yaxshiroq ta'minlaymiz, vaqt, ekologiya va iqtisodga ham foyda bo‘ladi.
Faqatgina bu loyihamizni amalga oshirish uchun moliyaviy ko‘mak kerak. Innovatsiya vazirligi bizni moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlasa, bu sohani rivojlantiramiz”, dedi tadbirkor.
Mavzuga oid
18:47
Tramp mehmonxonasi yonida Cybertruck’ni portlatgan shaxs jinoyatga tayyorgarlik ko‘rishda ChatGPT’dan foydalangan
12:25 / 07.01.2025
G‘arb kabellar uzilishining oldini olish uchun sun’iy intellektdan foydalanadi
00:31 / 05.01.2025
Microsoft ma’lumotlarni qayta ishlar markazlarini yaratishga 80 mlrd dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda
20:17 / 27.12.2024