Hafta davomida havo issiq bo‘lishi kutilmoqda
Bugun O‘zbekiston bo‘ylab issiq havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat kunning ikkinchi yarmida ayrim tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kunduzi 35-38 daraja issiq bo‘ladi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, ertadan boshlab janubdan Turkmaniston orqali juda issiq havo oqimlari chiqishi boshlanadi. O‘zbekiston hududida kundan kunga issiq kuchayib, payshanba kuni 38-39 daraja issiq atrofida, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida 40-42 daraja issiqqacha bo‘ladi, bu ushbu davr uchun me’yordan 5-6 darajaga yuqoridir.
Juma kuni O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan kuchsiz havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda. Hududning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat tog‘oldi va tog‘li hududlarining ayrim joylarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Bu kuni havo harorati 32-37 daraja issiq bo‘ladi.
7-9 iyun kunlari shimoliy va cho‘l hududlarida shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi, 10 iyunda respublika bo‘ylab ba’zi joylarda chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin.