O‘zbekiston | 20:36 / 18.08.2023
48615
8 daqiqa o‘qiladi

Prezident tadbirkorlar uchun qanday yengilliklarni e’lon qildi?

18 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ko‘plab yangiliklarni e’lon qildi. Kun.uz davlat rahbari bildirgan tashabbuslarni sanab o‘tadi.

«Tax gap» tizimi bekor qilinadi

Hozirda tadbirkorlarni xavf guruhiga kiritish tizimi yopiq bo‘lib, intizomli soliq to‘lovchilar ham qaysidir hamkori qachonlardir xato qilgan bo‘lsa, uning uchun ham javob bermoqda.

O‘tkazilgan so‘rovlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning 70 foizi ushbu soliqni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash, ya’ni «tax gap»tizimi adolatsiz ekanini bildirgan.

Soliq tizimidagi korrupsiya bilan bog‘liq shikoyatlar haddan tashqari ko‘payib ketgani ham aynan «tax gap»bilan bog‘liq.

1 oktyabrdan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti, ya’ni «tax gap» bekor qilinadi. 

Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi va biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy qiladi.

Bunda, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar:

  • barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi;
  • ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.

Tadbirkorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi

Tadbirkorning soliq idoralari bilan bo‘ladigan barcha nizolari ma’muriy sud vakolatiga o‘tkaziladi. Shuningdek, tadbirkorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi.

Soliq bo‘yicha tadbirkorlarga nisbatan da’vo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga tushiriladi. 

Hozirgi kunda tadbirkorlar 140 dan ortiq hisobot doirasida 8 mingga yaqin ko‘rsatkichlarni 16ta davlat idorasiga topshirishga majbur. Oqibatda 500 ming tadbirkor har yili bunday turli hisobotlarni tayyorlashga 300 milliard so‘m sarflamoqda.

Shu bois 2024 yil 1 yanvardan boshlab:

  • bir-birini takrorlovchi va eskirgan hisobotlar tugatiladi;
  • barcha hisobotlarni yagona elektron tizim orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yilib, ularning qog‘oz shakli bekor qilinadi (hozirda 15 foiz hisobotlar qog‘ozda topshiriladi).

Qishloq qurilish bank Biznesni rivojlantirish bankiga aylantiriladi

«So‘nggi yillarda mamlakatda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha katta amaliy ishlar qilindi. Natijada bugun har bir mahallada kamida 40-50 nafar yangi tadbirkorlar paydo bo‘lib, minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Lekin kichik biznesni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida qulay muhit hali to‘liq shakllanib ulgurmadi», dedi davlat rahbari.

Kichik tadbirkorlar «oyoqqa turib olishi» va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlar joriy qilinadi. Xususan, ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit ekotizim yaratiladi.

Qishloq qurilish bank Biznesni rivojlantirish bankiga aylantiriladi. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha bo‘ladi.

Jumladan, bank huzurida har bir hududda jami 14ta kichik biznes markazlari tashkil etiladi. Markazlar tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi, o‘z hisobidan yangi loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni o‘qitadi, yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi, tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.

Yirik xorijiy brendlarni jalb qilgan korxonalarga grant beriladi

Prezident eksportni kengaytirish bo‘yicha yana bir katta imkoniyat bu –  nufuzli xorijiy brendlarni jalb qilish ekanini ta’kidladi.

Yillik bozori 100 milliard dollardan oshadigan dunyoning eng mashhur 50 ta brend korxonalari O‘zbekiston bilan ishlashga katta qiziqish bildirgan. Ispaniya, Germaniya, Polsha, Turkiyaning yirik brendlari bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Ular mahalliy korxonalarga 3 milliard dollarlik buyurtma berishga hozirning o‘zida tayyor.

Bunda 3 ta eng katta masala hal qilinadi. Jumladan:

  • ishlab chiqarishga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash talablari joriy etiladi. Buning uchun mahalliy korxonalarning mutaxassislari ularning talabi asosida o‘qitiladi;
  • mahalliy korxonalardagi ishchilarga munosib mehnat sharoitlari yaratib beriladi;
  • brendlarning mahsulotlarini olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona rejimi joriy qilinadi.

Yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga 50 million so‘mdan grant ajratiladi.

Prezident Germaniyaning «Digel» brendini jalb qilgan Namangandagi «Fazman tekstil» korxonasiga hamda AQShning «Nike» brendini jalb qilgan Andijondagi «Sino International» korxonasiga birinchi bo‘lib ushbu grantni berishni taklif qildi.

Kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirish qat’iyan taqiqlanadi

Ochiq muloqotda hozirda kameral nazorat to‘laqonli soliq tekshiruviga aylanib ketgani va bu korrupsiyaga ham yo‘l ochib berayotgani alohida ta’kidlandi.

Endilikda kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirish qat’iyan taqiqlanadi.

Shuningdek, alohida ochiq-oshkora platforma yaratilib, soliqchilar ko‘rsatgan xizmatlar sifatiga tadbirkorlarning o‘zi baho beradigan tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, hozirda soliqqa oid bitta huquqbuzarlik uchun tadbirkor sifatida moliyaviy jarima, jismoniy shaxs sifatida ma’muriy jarima qo‘llanmoqda. Bunday amaliyot bekor qilinishi ta’kidlandi.

Tadbirkorlarga qo‘llanayotgan jarimalar ular faoliyatining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lmasligi zarurligi qayd etildi.

Shu nuqtayi nazardan uch oyda barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilib, adolatli me’yorlar belgilanadi.

Tadbirkorlarga «140 ta ilg‘or sanoat korxonasi» loyihalari taqdimot qilindi

Xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda elektrotexnika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, polimer, kimyo va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 140 ta tayyor loyiha ishlab chiqildi.

Ushbu loyihalarning jami qiymati 10 milliard dollarga teng bo‘lib, ularda 60 mingta ish o‘rinlarini yaratish, yiliga 5 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 2,5 milliard dollarlik eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Mazkur 140 ta loyiha elektron platformaga qo‘yilib, tadbirkorlarga ochiq-oshkora shartlar asosida taklif qilinmoqda.

Dasturga kirgan korxonalarga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 10 yil muddatga past foizli kreditlar ajratiladi.

Hududlardagi kichik biznes markazlarida o‘qigan tadbirkorlarning loyihalari moliyalashtiriladi

Hududlardagi kichik biznes markazlarida o‘qigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlarda moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investitsiya kiritsa, 45 foiziga Biznesni rivojlantirish bankining o‘zi, qolgan 45 foizi uchun davlat ko‘magida resurs yo‘naltiriladi.

Kreditlar tadbirkorlarga 5-7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablag‘larning 150 million dollari bo‘yicha kredit liniyalari 1 oktyabrdan ochiladi.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, «kredit va soliq tarixi» toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.

 Shuningdek, loyiha doirasida olib kiriladigan asbob-uskunani sug‘urtalash, xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlari markazlar tomonidan qoplab beriladi.

Umuman, dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes korxonalari faoliyatini uch yilgacha tekshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid