19:06 / 18.04.2017
26209

Toshkentda adiblar xiyoboni barpo etiladi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida adiblar xiyoboni barpo etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli qarori e'lon qilindi. Qaror matni O‘zA saytida keltirilgan.

Qarorda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i mustaqillik yillarida xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan tobora chiroy ochib borayotgani, 1991 yili Milliy bog‘ hududida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning muazzam haykali barpo etilib, o‘tgan davr mobaynida ulug‘ ajdodimiz tarannum etgan yuksak gumanistik g‘oyalarga hamohang ravishda, aniq me'moriy reja asosida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani qayd etib o‘tilgan.

Ushbu hududda 2007 yili O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor, 2010 yili O‘zbekiston xalq yozuvchisi Oybek, 2013 yili O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad va taniqli shoira Saida Zunnunova xotiralariga bag‘ishlab yodgorlik majmualari o‘rnatilgan.

Barpo etiladigan xiyobonda O‘zbekiston Qahramoni, atoqli olim va jamoat arbobi Ozod Sharafiddinov, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov va O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmualari o‘rnatiladi. Shuningdek, xiyobon hududiga Hamid Olimjon haykali (Mirzo Ulug‘bek tumanida), Zulfiya haykali (O‘zbekiston davlat san'at muzeyi yonidagi xiyobonda) va O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulom haykali (G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘rnatilgan) ko‘chirib o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Toshkent shahar hokimligi, Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida bog‘ning umumiy ko‘rinishi va Alisher Navoiy haykali bilan uyg‘un ravishda Adiblar xiyobonining yaxlit me'moriy ansambl shaklidagi loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun kiritadi. Adiblar xiyoboni hududida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun zamonaviy yangi bino quriladi.

Mazkur hududda joylashgan O‘zbekiston madaniyati va san'ati ko‘rgazmasi binosi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tasarrufiga o‘tkaziladi va bu yerda doimiy ravishda kitoblar ko‘rgazmalari va taqdimotlari, turli adabiy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan adabiy markaz tashkil etiladi.

Top