O‘zbekiston | 15:04 / 30.08.2022
6523
4 daqiqa o‘qiladi

Ekoqo‘m Milliy bog‘dagi qurib qolgan va shikast yetkazilgan daraxtlar bo‘yicha ma’lumot berdi

Qo‘mita mutaxassislari bilan o‘rganishda bo‘lgan agronom Atirgul Xolmirzayevaga ko‘ra, hududdagi ko‘plab daraxtlar zudlik bilan yordam ko‘rsatilmagan taqdirda to‘liq yo‘qotilishi mumkin.

Foto: KUN.UZ

29 avgust kuni Kun.uz saytida 5 yildan keyin qayta ochilgan Milliy bog‘ hududidagi ko‘plab daraxtlarning qurib qolgani, yana ayrimlariga qurilish ishlari davomida shikast yetkazilganiga oid xabar e’lon qilingan edi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi holat bo‘yicha munosabat bildirdi. Ammo qo‘mita xabarida shikast yetkazilgan va qurib qolgan daraxtlar soniga aniqlik kiritilmagan.

“Holat Davlat ekologiya qo‘mitasi rahbariyati, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi mas’ullari va bog‘ ma’muriyati ishtirokida tuzilgan ishchi guruh ishtirokida joyiga chiqib o‘rganildi.

Ta’kidlash lozim, O‘zbekiston milliy bog‘ida juda keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari bajarildi. Buning natijasida ushbu bog‘ yanada fayzli va tarovatli ko‘rinish oldi. Bu jarayonda sug‘orish tizimi to‘liq shakllantirilgan holda daraxt va buta ko‘chatlari ham ekilib, yashil hudud barpo qilindi.

O‘rganishlar davomida hududdagi mavjud daraxtlar xatlovdan o‘tkazilganda ularning ayrimlariga qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida qisman shikast yetkazilganligi aniqlandi. Qo‘mita huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti va Botanika instituti ilmiy xodimlari jalb etilib, daraxtlarni parvarish qilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Ayni paytda Davlat ekologiya qo‘mitasi xodimlari tomonidan hududdagi qisman shikastlangan daraxtlarni agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlash ishlari davom ettirilmoqda.  

Holat yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi Ekoqo‘m Telegram-kanalida berilgan xabarda.

Kun.uz muxbiri o‘rganish natijalari bo‘yicha to‘liqroq ma’lumot olish uchun jarayonda qatnashgan agronom Atirgul Xolmirzayeva bilan ham bog‘landi.

Agoronomga ko‘ra, bog‘ ta’mirga olingan yillardagi qarovsizlik va suvsizlik sabab qurib qolayozgan daraxtlarni saqlab qolishga hali umid bor. Buning uchun ularga zudlik bilan kerakli ishlov va ozuqalarni berish zarur.

“Avvalo Milliy bog‘ning qayta ochilganidan xursandman. Ko‘p yil qarovsiz yotgan bog‘ni ancha chiroyli holatga keltirishibdi. Ammo ko‘ryapsiz, hududning katta qismiga asfalt to‘shalgan. Endi bu yerda kerakli haroratni ta’minlash uchun katta va baland bo‘yli daraxtlar kerak.

Bu yerdagi ko‘p yillik daraxtlar suvsizlik, qarovsizlikdan charchagan. Hozir bu daraxtlarni saqlab qolish uchun qurib qolgan qismlarini qirqib tashlab, tomiridan ozuqa berish kerak. Shunda ular o‘zini tiklashi mumkin. Bu tadbirlar zudlik bilan qilinmasa, biz o‘nlab ko‘p yillik daraxtlarni yo‘qotamiz.

Milliy bog‘da shuningdek, tez o‘sadigan va tez soya beradigan daraxtlar ekishni ko‘paytirish zarur.

Siz balki bilmassiz, biz bilamiz, bu yer bir paytlar daraxtlar bilan  qalin qoplangan bog‘ edi. Bog‘ qayta ochildi, lekin bizga ko‘proq daraxtlar kerak. Bilishimcha, o‘tgan vaqt davomida bog‘dagi 50 foiz daraxt yo‘qotilgan”, – dedi Xolmirzayeva.

Mavzuga oid