O‘zbekiston | 15:24 / 12.10.2022
19302
6 daqiqa o‘qiladi

«Muzey, ochiq kutubxona va anjumanlar zali» – Islom sivilizatsiyasi markazi qachon bitadi va unda nimalar bo‘ladi?     

Islom sivilizatsiyasi markazi binosining qurilishiga prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 15 iyun kuni tamal toshi qo‘ygan edi. Xo‘sh, ushbu markazdagi qurilish jarayonlari qachon yakunlanadi? Markazda nimalar bo‘ladi? Kun.uz muxbiri reportajida tanishing.

Markaz direktori Shoazim Minovarovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda 70 foiz qurilish jarayonlari nihoyasiga yetgan. Qurilish jarayonlarini 2023 yil oxirigacha bitirish hamda 2024 yilning 2-choragidan ziyoratchilarni qabul qilish rejalashtirilgan.

Toshkentning Eski shahar qismida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi 7 gektar maydonni egallaydi. Uch qavatdan iborat binoning uzunligi 161 metr, eni esa 118 metr, markaziy gumbaz balandligi 67 metrni tashkil etadi. Binoning jami foydalanish hududi 4 gektardan oshadi.

Ko‘p tarmoqli ilmiy-ma’rifiy maskan bo‘lishi kutilayotgan markazda Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi, kutubxona, qadimiy yozma manbalar va tarixiy ashyolarni restavratsiya qilish laboratoriyalari, qo‘lyozmalar va arxiv hujjatlari fondlari, anjumanlar zali hamda ilmiy-tadqiqot bo‘limlari bo‘ladi.

Muzeyga kirishdagi foye

Markazning asosiy atributlaridan biri – Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi Fransiya kompaniyalari bilan hamkorlikda rejalashtirilgan bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar asosida namoyish etiladigan, islom olamining bebaho merosiga oid turli noyob eksponatlarni o‘z ichiga oladi.

Shoazim Minovarov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori

«Binoni qurib qo‘yish bitta ish bo‘lsa, uni to‘ldirib, davlat rahbari o‘ylaganidek butun tariximizni bitta joyga to‘plash ancha vaqt oladi. Muzeyga kirishdagi foyeda 2,80x7 metr hajmdagi 12 ta ravoq bor. U yerda allomalar faoliyati toshlar yordamida miniatyuralashtiriladi.

Foyyeda gumbaz ostidagi juda katta zal – Qur’on zali bor. Zalning o‘rtasidan Usmon Mushafi joy oladi. Prezidentimiz boshidan aytganki, «O‘rtada Qur’on bo‘ladi, chunki hamma narsa Qur’ondan boshlangan». Uning atrofida o‘zimizda boshqa nodir mushaflar, qadimiy Qur’on kitoblari joylashadi. U yerda qo‘lyozmalarning tarixi haqida ma’lumotlar bo‘ladi», – deydi Shoazim Minovarov.

Muzeyning Qur’on zali va gumbaz. Qurilish ishlari davom etmoqda.

Qur’oni karim zali atrofida Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo, Markaziy Osiyoga Islomning yoyilishi, Ta’lim, Ilm-fan, Me’morlik va shaharsozlik, San’at va badiiy hunarmandlik, An’analar, Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston bo‘limlari o‘rin olgan.

Bundan tashqari, markaz binosi hududida Xalqaro islom akademiyasi magistr va ilmiy izlanuvchilari uchun o‘quv zallari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va markaz ma’muriyati, yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qila oladigan 550 o‘ringa mo‘ljallangan anjumanlar zali joylashadi.

«To‘g‘risi, kadrlar yetarli emas, lekin tayyorlayapmiz. Bunaqa markazni qurish, foydalanish tajribasi hech qayerda yo‘q. shuning uchun boshqaruvdan tortib, ilmiy xodimlargacha ishga olyapmiz. Lekin soha murakkab, zamon ilgarilab ketyapti. Kadrlar masalasi nafaqat bizda balki, butun dunyoda o‘ziga yarasha…

Bizga xattotlar, kitoblar bo‘yicha mutaxassislar va tarjimonlar kerak. Qo‘lyozma kitoblarimizni reyestr qilish masalasi juda mushkul ish ekanligini o‘zimiz to‘qnash kelganimizda tushundik. Hozir kadrlarga qo‘yayotgan talabimiz kamida bitta xorijiy tilni mukammal bilish va o‘zbek tilida yumshoq qilib aytganda savodli bo‘lish», – deydi markaz direktori.

Anjumanlar zalida qurilish jarayoni

Uchinchi qavatda islom tamadduniga oid 100 mingga yaqin qadimiy qo‘lyozma va toshbosma manbalarni qamrab olgan, shuningdek, barcha turdagi zamonaviy davriy nashr manbalariga ega bo‘lgan 224 o‘rinli kutubxona joylashadi.

O‘rta asrlar Markaziy Osiyo me’morchiligi uslubida loyihalashtirilgan binoning to‘rtta darvozasi to‘rt buyuk ulamolar: Mirzo Ulug‘bek, Imom Buxoriy, Al-Xorazmiy va imom Termiziylar nomiga qo‘yilgan. Hozircha bu nomlar yakuniy to‘xtam emas, ya’ni o‘zgarishi ham mumkin.

Shuningdek, bino to‘rt tomonidan ilmga targ‘ib qiluvchi, bag‘rikenglik va insonparvarlik mazmunidagi oyat va hadislar, Alloh taoloning go‘zal ismlaridan iborat xattotlik yozuvlari bilan bezatiladi.

Markazdagi yirik kutubxona ham jamoatchilik uchun ochiq bo‘ladi. Shuningdek, binoning atrofi ko‘kalamzorlashtirilib, Hazrati Imom majmuasida joylashgan Mo‘yi Muborak, Baroqxon madrasalari, Qaffol Shoshiy maqbarasi, Hazrati Imom masjidlari bilan birga yagona majmuani tashkil etadi.

«Biz ochiq bo‘lamiz, nafaqat kutubxona va muzeylarimiz, balki markazning atrofida ham yashil hududlar qilinadi. U yerda tarixiy-madaniy muhit yaratiladi. Atrofidagi eski shahar uylariga ham tegilmaydi, endi.

Odamlarimiz orasida har xil gaplar yuradi, kimdir qurib berarkan, degan ma’noda. To‘g‘ri homiylarimiz ham bor, vatanparvarlik nuqtayi nazaridan yordam beradi. Lekin bu uchun budjetdan ham mablag‘lar sarflanyapti. Chunki bu maskan xalqimiz ma’rifati uchun, uning kelajagi uchun investitsiya”, – deydi Shoazim Minavarov.

2020 yilda e’lon qilingan investitsiya dasturida Alisher Usmonovga tegishli kompaniya Islom sivilizatsiyasi markaziga 119 million dollar investitsiya kiritishi haqida yozilgan edi. 2021 yil oxirida loyiha quruvchisi Trest-12 bilan tuzilgan shartnoma qiymati 1 trillion 723 milliard so‘mga o‘zgartirilgan. Bu o‘sha vaqtdagi Markaziy banki kursi bo‘yicha 161 million dollardan oshadi.

Mavzuga oid