1 trln 723 mlrd so‘mlik loyiha va vazir qarindoshlari
Davletov.uz kanali Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga aloqador shaxslar haqida yozdi.
«O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi uchun taxminan 1 trillion 723 mlrd so‘m sarflanishi ko‘zda tutilmoqda ekan. Markaziy bank kursi bilan hisoblaganda 161,5 mln dollarni tashkil qiladi.
Qurilish bilan «Trest-12» aksiyadorlik jamiyati shug‘ullanmoqda. Mazkur kompaniyaning ulushiga Toshkent shahar hokimligi bilan birga qurilish vaziri Botir Zokirovning qarindoshlari qisman egalik qiladi», — deya kuzatuvlarini ma'lum qildi u.
«Ayrim takrorlanuvchi xulosalar: agar Nigeriya bo‘lmasak» —iqtisodchi Otabek Bakirov ham yuqoridagi mavzu haqida fikrlarini yozib qoldirdi.
«Davletov.uz qiymati 1 trillion 723 milliard so‘mlik Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi qurilish vaziri Botir Zokirov bilan affillangan «Trest-12» aksiyadorlik jamiyatiga topshirilgani haqida yozdi. Oqshom Gazeta.uz bu axborotni qo‘shimcha ma'lumotlar bilan to‘ldirdi. Loyiha qiymati u boshlangandan buyon 4 karra qimmatlagan», — deb yozdi u.
Iqtisodchi qurilish sohasida bir qator o‘zgarishlar qilish kerakligini ta'kidladi.
«Birinchidan, qurilish ishlarini loyiha-smeta ishlari bilan baravar olib borishni butunlay to‘xtatish lozim. Prezident yo hukumat qarori degan lazeykani ham qoldirmaslik zarur. Tasdiqlangan loyiha yo‘qmi, loyihachida ham, buyurtmachida ham, pudratchida ham hech qanday mas'uliyat va javobgarlik bo‘lmaydi. Demak, cheksiz-chegarasiz o‘g‘irlash, o‘zlashtirish mumkin bo‘ladi. Loyiha qiymati karrasiga oshaveradi.
Ikkinchidan, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan va keyinchalik davlat ixtiyorida qoladigan obektlarni homiylik hisobidan qurishni to‘xtatish kerak. Qonun yo‘li bilan. Bu sxema milliardlarni o‘marib millionlarni sadaqa qiladigan muttaham oligarxlarning sxemasi. Aldov sxemasi. Bu yerda moral masalasi ham bor: o‘g‘ridan pul olib masjid qurmaslik kerak.
Uchinchidan, tijoriy bo‘lmagan, ijtimoiy ahamiyatga ega obektlarning qiymatini ma'qullash moliyalashtiriladigan manbaga qarab parlament va tegishli kengashlardan tasdiqlanishi lozim. Mayli, bu jarayonga bir necha oylar ketsin. E'tibor bering, Islom sivilizatsiyasi markazi qiymati konsolidatsiyalashgan budjetimizning 1 foizini tashkil etadi. Masalan, solishtirish uchun, fanni rivojlantirish dasturlariga budjetimizda bundan 10 barobar kamroq xarajat mo‘ljallangan. Qurilayotgan obektlar nomma-nom, loyihama-loyiha parlament va kengashlar tasdig‘idan o‘tmasa, ijro organi va hokimlar bilgan noma'qulini yeyaverishadi», — deb yozdi u.















