O‘zbekiston | 23:32 / 16.11.2022
8728
5 daqiqa o‘qiladi

Tarixiy milliy liboslar va Turkiston avangardi namunalari Parijda namoyish etiladi

Keyingi hafta Parijda O‘zbekiston madaniyatiga doir ko‘rgazmalar ish boshlaydi. Ulardan biri Arab dunyosi institutida tashkil etiladi va unda XIX–XX asr o‘rtalariga oid milliy to‘qimachilik mahsulotlari, liboslar, bezaklar va rangtasvir asarlar namoyish etiladi. Saida Mirziyoyeva bu ko‘rgazma Yevropa jamoatchiligining qizg‘in e’tiborini qozonishiga ishonch bildirdi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

2022 yil 23 noyabrdan 2023 yil 4 iyungacha Parijdagi Arab dunyosi institutida “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazma tashkilotchisi – Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva madaniy tadbir oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Men ushbu ko‘rgazma Yevropa jamoatchiligining qizg‘in e’tiborini qozonishiga ishonaman.

Unda yurtimiz hunarmandlarining ajoyib ishlarini namoyish etib, an’analarimiz va qadimiy san’at maktablarimiz haqida tasavvur uyg‘otamiz. Ko‘rgazmada XIX–XX asr o‘rtalariga oid milliy to‘qimachilik mahsulotlari, liboslar, bezaklar, Buxoro amirligi davrining zardo‘zli choponlari, shuningdek, O‘zbekiston davlat muzeylari kolleksiyasidan to‘plangan Turkiston avangardiga oid rangtasvir asarlar o‘rin oladi.

Biz xalqaro auditoriyaga yurtimizning boy merosini taqdim etishdan benihoya xursandmiz. Umid qilamizki, ushbu loyiha xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi va shu orqali o‘zbek millatini butun dunyoga tanitishda o‘z hissasini qo‘shadi”, – deya yozdi Mirziyoyeva Telegram-kanalida.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 24 noyabridan 2023 yilning 6 martiga qadar Parijdagi Luvr muzeyida “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi.

Turkiston avangardining durdonalari

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmatiga ko‘ra, ko‘rgazma uchun eksponatlarni tanlab olishda fransiyalik mutaxassislar ham ishtirok etgan. Eksponatlar orasida Savitskiy muzeyidagi asarlar alohida ahamiyatga ega.

Eng qiziqarli eksponatlardan biri qoraqalpoq ayollarining XVII-XVIII asrlardagi an’anaviy bosh kiyimi – tobelik hisoblanadi. Tobelik marjon va firuza toshlari hamda kumush plastinalardan yig‘ilgan silindrsimon shaklga ega. U to‘y bosh kiyimi – saukele ustidan kiyiladigan qo‘shimcha bezak, o‘ziga xos toj vazifasini bajargan.

Qoraqalpoq ayollarining XVII-XVIII asrlardagi an’anaviy bosh kiyimi – tobelik
Xaykel

Ko‘rgazmada kimesheki ham taqdim etiladi. U ham ayollarning milliy bosh kiyimidir. Kimesheki boshni butunlay qoplaydi, yuz esa ochiq qoladi. Ba’zi jihatlariga ko‘ra “kapyushon”ni eslatadi. Turmush qurgan ayollar muayyan rangdagi kimesheki kiygan va shu orqali o‘z maqomiga urg‘u bergan.

Tanlab olingan eksponatlar orasidan O‘rol Tansiqboyev, Viktor Ufimsev, Nadejda Kashina mo‘yqalamiga mansub asarlar joy olgan. Aleksandr Volkov, Aleksey Isupov va boshqalarning asarlari ham bor. Mualliflarning o‘ziga xos rassomlik uslubiga qaramay, barcha asarlar bitta mavzu – Sharq va uning rang-barangligidan ilhomlanib yaratilgan va shu mavzu atrofida birlashtirilgan.

Nikolay Karaxan, “Qarag‘ay daraxtlari qurshagan hovuz bo‘yidagi choyxona”

Masalan, Nikolay Karaxanning “Qarag‘ay daraxtlari qurshagan hovuz bo‘yidagi choyxona” asarini ko‘rgan tomoshabin o‘sha davrdagi odamlarning qanday kiyinishi va dam olishi, ularning turmush tarzi, tabiatni darhol anglashi mumkin.

A.Isupov, “Sharq kafesi”
N. Kashina, “U Shir-Dora”
A.N Volkov, “Arba”
A.N Volkov, “Yo‘ldagi hordiq”
U.Tansiqboyev, “Qumg‘on”

“Umuman olganda, Savitskiy muzeyi tomonidan taqdim etilgan butun to‘plam Sharq madaniyati va xususan O‘zbekistonning rang-barangligi, o‘ziga xosligi va jozibasini ochib berishga mo‘ljallanganini alohida ta’kidlash lozim.

Va u Yevropaning mashhur poytaxtida joylashgan Arab dunyosi institutida taqdim etilishi katta ramziy ma’noga ega. Bu G‘arb va Sharqning birgalikda mavjud bo‘la olishi va bir-birini o‘zaro boyitishi mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi”, – deyiladi rasmiy relizda.

Mavzuga oid