O‘zbekiston | 12:32 / 11.11.2022
12685
7 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Turkiy tashkilotga a’zo mamlakatlar rahbarlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

11 noyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining “Turkiy sivilizatsiya yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tadbirda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, turizm, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlar o‘rtasida fan va ta’lim, texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida tinchlik va do‘stlik ramzi, fan va ma’rifat markazi bo‘lmish Samarqand shahrini “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani uchun sammit ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi.

– Qadim turkiy zamin ming yillar davomida Sharq va G‘arbni tutashtirib, jahon sivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirib, dunyo madaniyatlarini boyitib kelgan. Biz Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari ortib borayotgan sharoitda eng dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimiz umumiy yondashuvlarni belgilab olishi, sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirishi nihoyatda muhimdir.

O‘zbekiston rahbari Tashkilot faoliyatining chuqur tahlili asosida turkiy mamlakatlarning ulkan salohiyati va imkoniyatlarini ishga solishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik asoslarini mustahkamlash maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

– Mamlakatlarimiz o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdomizning atigi 4 foizini tashkil etadi. Uning qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Albatta, bunday holat hech birimizni qoniqtirmaydi, - deya ta’kidladi prezident.

Bu strategik yo‘nalishda vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun tashkilot doirasida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini”ni barpo etish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu maqsadga erishish uchun davlat rahbari har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazishni taklif etdi.  Forum doirasida “davlat va biznes” formatida qo‘shma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va davra suhbatlari, innovatsion loyihalar taqdimotlari va ko‘rgazmalarni o‘tkazish katta amaliy natija beradi.  Ushbu tadbirlar yakunlari bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaratilgan yillik “Yo‘l xaritalari” qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Kun tartibidagi yana bir strategik ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb masala – bu transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish. – Biz Transkaspiy xalqaro koridori haqida ko‘p gapiryapmiz, ammo sezilarli natijalarga erishish uchun ancha ishlar qilishimiz kerak, - dedi O‘zbekiston prezidenti.

Transport vazirlari asosiy e’tiborni mintaqamizdagi tranzit koridorlarining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratgan holda yil oxiriga qadar qo‘shma hamkorlikning aniq reja va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishi taklif etildi.

Bu yil Toshkentda o‘tkazilgan Birinchi Turkiy agroforum oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida nihoyatda katta salohiyat borligini yaqqol ko‘rsatgani ta’kidlandi. – Tashkilotimizning nafaqat o‘z mamlakatlarimizni, balki tashqi bozorlarni ham qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyati bor, - dedi O‘zbekiston rahbari.

Shu maqsadda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish samarali tizimini yaratish bo‘yicha Tashkilot doirasida ko‘p tomonlama bitim qabul qilish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan keng qamrovli sheriklikni o‘rnatish, Turkiy agroforumni muntazam o‘tkazib borish va uning ikkinchi anjumanida “aqlli” qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish lozim.

Prezident yosh avlodni har tomonlama rag‘batlantirish, ularning iste’dod va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida boshlagan xayrli ishlar izchil davom ettirilishini ta’kidladi. Kelgusi yili Turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini o‘tkazish taklif etildi. Uning doirasida innovatsiya va ta’lim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz, tashkilot oqsoqollarining keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. – Bu ishlarimizga tizimli tus berish va natijadorlikni ta’minlash maqsadida tashkilot bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish ayni muddao bo‘lar edi, - deya taklif bildirdi mamlakat yetakchisi.

Yana bir ustuvor yo‘nalish – mintaqada xavfsizlikni ishonchli ta’minlash. Terrorizm, ekstremizm, yoshlarning radikallashuvi, odam savdosi, narkotrafikka qarshi kurashish, jamoat va kiber-xavfsizlikni ta’minlash sohalarida huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlarimiz doimiy aloqada bo‘lishi hamda hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

– E’tiboringizni yana bir dolzarb masalaga qaratmoqchiman. Bugungi kunda yon qo‘shnimiz Afg‘onistondagi murakkab vaziyat barchamizni albatta jiddiy tashvishga soladi. Bu mamlakatdagi mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish masalasi hech qachon nazarimizdan chetda qolmasligi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, uning nufuzini yanada oshirish va hamkorlik salohiyatini to‘liq ishlatish maqsadida bu tuzilmada institutsional islohotlar o‘tkazishni taklif etdi. Ustuvor yo‘nalishlar bo‘lgan siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiya, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, axborot texnologiyalari, turizm, innovatsiya va ta’lim, tibbiyot, yoshlar va boshqa sohalar bo‘yicha vazirlar darajasida alohida qo‘mitalar tuzish taklifi bildirildi.

– Ularning faoliyatiga ekspert va olimlarni, jamoatchilik va xususiy sektor vakillari faol jalb etilishi katta samara berishi shubhasiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilish natijalari bo‘yicha tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

Mavzuga oid