22:18 / 15.08.2023
7539

Soxta hujjatlar uchun grin-karta bekor qilinadi - AQSh elchixonasi

AQSh elchixonasi Green Card yutib olgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi. 

Foto: Getty Images

Qo‘shma Shtatlarning Toshkentdagi elchixonasi Diversity Visa (Green Card) dasturi g‘oliblarini suhbat chog‘ida soxta hujjatlar taqdim etmaslikka chaqirdi. Aks holda viza olish huquqidan umrbod mahrum bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. 

«Viza olishda soxta hujjatlar yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etishni maslahat beradigan uchinchi shaxslarga ishonmang. Viza olishdan umrbod mahrum qilinishingiz mumkin», deyiladi elchixona bayonotida. 

2022 yilda Green Card uchun butun dunyodan jami 7 milliondan ortiq ariza kelib tushgan. Ularning 2 foizdan kamrog‘i immigratsiya huquqini olgan – 119 262 kishi. O‘zbekiston tasdiqlangan Green Card soni bo‘yicha Misr va Jazoirdan keyin jahonda uchinchi o‘rinni egalladi: 5511 nafar o‘zbekistonlik Amerikaga ko‘chib o‘tish huquqiga ega bo‘ldi. 

Green Card - bu doimiy rezident maqomini tasdiqlovchi shaxsiy guvohnoma. Hujjat ishlash yoki shaxsiy biznesni ochish, ta’lim olish, sug‘urta va ijtimoiy ta’minotdan foydalanish huquqini beradi. Green Card bilan mamlakatda 5 yil yashaganidan so‘ng, uning egasi AQSh fuqaroligini olishi mumkin.

Top