Jahon | 15:18 / 24.12.2021
46903
14 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukraina chegarasida qo‘shin to‘plashda davom etayotgani aytilmoqda. Urush baribir bo‘ladimi?

G‘arb va Ukraina razvedka xizmatlarining ma’lumotlariga ko‘ra, Putin Rossiya armiyasi va mamlakat xavfsizlik xizmati kuchlarini harakatlanish eng qulay bo‘lgan nuqtalarga joylashtirmoqda. Yangi urush 2022 yilning boshida boshlanishi mumkinligi aytilmoqda. Ammo bir qancha omillar ochiq harbiy harakatlar boshlanishini inkor etadi.

Bloomberg agentligi harbiy-razvedka sohasidagi Janes kompaniyasining sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlariga asoslanib xabar qilishicha, Rossiya Ukraina bilan chegaraga harbiy texnika va askarlarini siljitishda davom etmoqda.

Unga ko‘ra, noyabr oyidan buyon chegara hududiga yana tanklar, artilleriya qurilmalari va havo hujumidan mudofaa tizimlari olib kelingan. Janes vakillarining so‘zlariga ko‘ra, chegaradagi harbiylar soni cheklangan bo‘lishiga qaramay, Rossiya yirik bo‘linmalarni poyezdlar va samolyotlarda yuborib, tez fursatda bu kuchlar miqdorini oshirishi mumkin bo‘ladi.

Ukraina harbiylari ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva Ukraina chegarasiga 200 kilometr masofada 122 ming harbiy xizmatchisini joylashtirib bo‘lgan.

Ukrainaning joylashuvi

Ukraina ham, Yevropa Ittifoqi ham Rossiya bilan bevosita chegaradosh. Sobiq sovet respublikasi sifatida Rossiya bilan chuqur ijtimoiy va madaniy aloqalarga ega, mamlakatda rus tilida so‘zlashuvchi aholi qatlami salmoqli o‘rinni egallaydi. Tarixga nazar solsak, Ukraina aslida Rossiyaning ona vatani bo‘lib, ilk rus davlatchiligi va slavyan xalqlarining pravoslav mazhabiga kirishlari aynan shu hududdan boshlanadi.

Keyinchalik hududlar kengayishi va bosqinchilik urushlari natijasida aslida bir ildizga ega bo‘lgan ikki millat shakllanadi. Ukraina geografik jihatdan ikki sivilizatsiya kesishmasida joylashgani (ya’ni G‘arbiy Ukraina katolik sivilizatsiyasi, Sharqiy Ukraina esa pravoslav madaniyati ostida) mamlakatning ikkiga bo‘linib ketishiga va Rossiyaning doimiy ravishda Sharqiy Ukrainaga da’vo qilishiga sabab bo‘lmoqda.

Rossiya-Ukraina munosabatlari keskinlashuvi

Ukrainada 2014 yilning 22 fevralida rusparast prezident Viktor Yanukovich hokimiyati ag‘dariladi. Vaziyatdan foydalangan Rossiya Ukrainada tuzilgan yangi muvaqqat hukumatni noqonuniy deb topadi va Qrim yarimorolidagi rus aholisi hamda Rossiyaga tegishli bo‘lgan harbiy bazalarni Ukrainadagi vaziyat iziga tushguncha himoya qilish bahonasida mamlakat hududiga qo‘shin kiritadi. Shuningdek, ruslar va rusparast ayirmachilar ustun bo‘lgan Donbassda (Donetsk va Lugansk) bir tomonlama mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng ayirmachilar va Ukraina armiyasi o‘rtasida 2014 yildan beri to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Shuningdek, Rossiya uzoq vaqtdan beri Ukrainaning Yevropa institutlari tomon harakatlanishiga qarshilik qilib keladi. Endilikda Moskva o‘z qo‘shnisidan G‘arb mamlakatlari harbiy ittifoqi bo‘lmish NATOga qo‘shilmaslik kafolatini talab qilmoqda.

Paul Kirbining BBC'da e’lon qilingan maqolasida so‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina munosabatlarida sodir bo‘layotgan asosiy o‘zgarishlar keltirib o‘tilgan.

Rossiya bosqinchiligining xavfi qay darajada?

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiya ayirmachilar nazorati ostidagi hududlarga tanklar, artilleriya va snayperlar yuborgan. Ammo bu eng xavotirli jihat emas. Ikki davlat chegarasida joylashgan Rossiya qo‘shinlarining tobora ortib borayotgani eng ko‘p tashvishli holat sifatida baholanmoqda. G‘arb razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, ularning soni taxminan 100 mingga yetadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hech qanday tahdid mavjud emasligi, ammo G‘arbning agressiv yondashuvi davom etsa, «harbiy-texnik choralar» bilan tegishli javob qaytarilishini ma’lum qilgan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov esa ayni paytdagi keskinlik AQSh va sovet ittifoqini yadroviy to‘qnashuvga yaqinlashtirgan 1962 yildagi Kuba inqiroziga o‘xshash holatga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

G‘arb va Ukraina razvedka xizmatlarining fikricha, yangi bosqinchilik urushi 2022 yilning boshida sodir bo‘lishi mumkin. «2022 yilning yanvar oyi oxirida eskalatsiyaga tayyor bo‘lish shart», degan Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov.

AQSh razvedkasi yanvar oyidayoq chegaradagi rus harbiylarining miqdori 175 mingga yetishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byornsning fikricha, Putin Rossiya armiyasi va mamlakat xavfsizlik xizmati kuchlarini harakatlanish eng qulay bo‘lgan nuqtalarga joylashtirmoqda.

Rossiya tomoni nima deydi?

Rossiya dastlab Qrim va mamlakat sharqidan unchalik uzoq bo‘lmagan hududda Ukraina qo‘shinlari to‘plana boshlaganini ko‘rsatuvchi sun’iy yo‘ldosh suratlarini xavotirli deb baholagandi. Keyinchalik mamlakat qurolli kuchlari rahbari Valeriy Gerasimov OAVda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqidagi ma’lumotlarni to‘liq inkor qilib chiqdi.

Biroq ozgina vaqtdan so‘ng prezident Putin «adekvat harbiy-texnik javob choralarini ko‘rish va do‘stona bo‘lmagan qadamlarga nisbatan xuddi shunday qattiq munosabat bildirish» bilan tahdid qildi.

Moskva Ukrainani sharqda armiyasining teng yarmini (125 ming kishi) joylashtirganlikda ayblab, Kiyev Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ayirmachilar nazoratidagi hududlarga hujum qilishni rejalashtirayotganini da’vo qilmoqda. Ukraina hukumati esa bu ayblovni Rossiyaning o‘z rejalarini yashirish uchun bildirilgan «tashviqot safsatalari»dan boshqa narsa emas deb hisoblaydi.

Shuningdek, Rossiya, NATO davlatlarini Ukrainani qurol bilan «shishirayotganlik»da ayblamoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 6 dekabr kuni front chizig‘iga keldi / EPA

O‘z navbatida, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlar uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan «da’vosi» ham mavjud.

Rossiya Federatsiya kengashi xalqaro aloqalar qo‘mitasining ikkinchi raqamli vakili Vladimir Jabarov dekabr oyi boshida ayirmachilar nazoratidagi hududlarda 500 mingga yaqin ukrainalik Rossiya pasportiga egaligi, agar ular Rossiyadan yordam so‘ragan taqdirda Rossiya o‘z fuqarolarini og‘ir vaziyatga tashlab qo‘ya olmasligi haqidagi bayonot bilan chiqdi.

Rossiya nima xohlaydi?

Putin G‘arbni ikki o‘rtadagi «qizil chiziqlar»ni kesib o‘tmaslik haqida ogohlantirmoqda. Xo‘sh, bu qizil chiziqlar deganda Rossiya prezidenti nimalarni nazarda tutadi?

Putinning talablaridan biri – NATOning Ukraina va Gruziyani o‘z ichiga olgan sharqda kengayish rejalarini to‘xtatishdir.

Bundan tashqari, Rossiya NATOning Sharqiy Yevropadagi harbiy faoliyatidan voz kechishini istaydi. Bu NATO jangovar bo‘linmalarini Polsha va Boltiqbo‘yi respublikalari: Estoniya, Latviya va Litvadan olib chiqib ketilishi, Polsha va Ruminiya kabi mamlakatlarda raketalar joylashtirmasligini anglatadi.

Qisqacha aytganda, Putin NATOning 1997 yildan oldingi chegaralariga qaytishini istaydi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya qon to‘kilishining oldini olish va diplomatik yo‘l topishni maqsad qilgan, biroq buning uchun bir qancha talablar bajarilishi kerak.

Rossiya Ukraina sharqidagi Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan kuchlarga qarshi Ukrainaning turk dronlaridan foydalana boshlagani va G‘arbning Qora dengizdagi harbiy mashg‘ulotlaridan jiddiy xavotirda. AQShning Kiyevga harbiy yordamini Putin «uyimiz ostonasida» amalga oshirilayotgan tahdid deb baholagan.

2021 yilning iyulida Rossiya rahbari o‘z hisobotida ruslar va ukrainlarni «bir millat» deb e’tirof etgan va Ukrainaning amaldagi rahbarlarini «Rossiyaga qarshi loyiha»ni amalga oshirayotgan shaxs deya ta’riflagandi.

Shuningdek, Rossiya 2015 yilda imzolangan va Ukraina sharqidagi mojaroni to‘xtatishga qaratilgan Minsk tinchlik kelishuvi amalga oshmay qolganidan ham noroziligini bildirgan.

Rossiya uchun Qrim yarimoroli qanday ahamiyatga ega?

Rossiyaning Qrimni o‘ziga qo‘shib olishi kelajakda shunga o‘xshash tanlovlar masalan, Boltiqbo‘yi davlatlarida etnik ruslarni «ozod qilish» uchun qo‘shin yuborishini baholash uchun juda muhim ahamiyatga ega edi. Natijada Rossiya G‘arb unga nisbatan qanday choralar ko‘rishi mumkinligini bilib oldi.

Qrimning bosib olinishi NATOning Rossiya g‘arbiy chegarasi bo‘ylab yanada kengayish xavfini kamaytiradi. Bundan tashqari, yarimorolning bosib olinishi Rossiyaning sovet ittifoqining sobiq hududlarini asta-sekin qaytarib olish bo‘yicha loyihasining bir qismi sifatida baholanadi. Putin sovuq urush tugaganidan keyin Rossiya obro‘si tushishini hech qachon qabul qilmagan. Shuningdek, Rossiyaning Qora dengizdagi harbiy bazalari uchun Sevastopol juda muhim hisoblanadi.

NATO Ukrainaga qanday yordam bermoqda?

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukraina masalasida har qanday harbiy yordam berilishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

Buyuk Britaniya Ukrainaga ikkita harbiy-dengiz bazasi qurishda yordam bermoqchi. Bu Qora dengizdagi Ochakiv va Azov dengizidagi Berdyansk harbiy-dengiz bazalari hisoblanadi. AQShning tankka qarshi Javelin raketalari ham Ukrainaga yuborilgan, Qo‘shma Shtatlar Sohil xavfsizlik xizmatining ikkita patrul kateri ham Ukraina dengiz flotiga taqdim qilingan.

Rossiya Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qattiq kurashayotgan bo‘lsa-da, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy alyansdan a’zolik uchun aniq vaqt jadvalini so‘ramoqda.

«Ukrainaning o‘zi va NATOning qolgan 30 ta ittifoqchisi mamlakat qachon alyansga qo‘shilishi mumkinligini hal qiladi. Rossiya veto huquqiga ega emas va bu jarayonga aralashishga umuman haqqi yo‘q», deya munosabat bildirgan Stoltenberg.

G‘arb Ukrainani qay darajada qo‘llab-quvvatlashi mumkin?

AQSh Ukrainaga «suveren hududini» himoya qilishda har qanday ko‘rinishda yordam berishga tayyorligini bildirmoqda. Avvalroq, Jo Bayden agar Ukrainaga hujum qilinsa, «misli ko‘rilmagan» choralarni qo‘llash haqida gapirgandi.

G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi ko‘proq Rossiyaga o‘ta og‘ir moliyaviy sanksiyalar joriy etish va mamlakat armiyasini qurol-yarog‘lar bilan ta’minlashdan iborat bo‘lishi mumkin.

Iqtisodiy choralarning eng og‘iri Rossiya bank tizimini xalqaro SWIFT to‘lov tizimidan uzib qo‘yish tahdidi hisoblanadi. Bu har doim eng oxirgi chora sifatida ko‘rib kelingan.

SWIFT – banklararo ma’lumot almashish va to‘lovlarni amalga oshirish tizimi bo‘lib, unga dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridagi 11 mingdan ortiq yirik tashkilot ulangan.

Yana bir asosiy tahdid «Shimoliy oqim-2» gaz quvurining Germaniyada ochilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lib, Germaniyaning energetika regulyatori ham buni tasdiqlamoqda. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya yana qandaydir eskalatsiyaga qo‘l ursa, bu gaz quvuri ishga tushmasligi mumkin.

Shuningdek, Rossiya banklarida rublni xorijiy valutaga konvertatsiya qilish cheklanishi mumkin.

G7 davlatlari ham Ukrainaga qarshi keyingi harakatlarga javoban Rossiyani «katta oqibatlar va og‘ir xarajatlar» kutib turgani haqida ogohlantirgan.

Rossiya–Ukraina o‘rtasida qurolli harakatlar boshlanish ehtimoli qay darajada?

Bir qancha omillar ikki o‘rtada ochiq harbiy harakatlar boshlanish ehtimolini kamaytirishi mumkin.

Birinchidan, Ukraina tomoni Rossiya bilan urushga tayyorligini bot-bot takrorlayotgan bo‘lsa-da, ikki tomonning ochiq harbiy harakatga kirishishi ehtimoli kam. G‘arb mamlakatlari Rossiyaga nisbatan iqtisodiy va siyosiy sanksiyalar qo‘llashi mumkin, ammo Ukraina tufayli Rossiyadek yadroviy davlat bilan ochiq ziddiyatga kirishishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, pandemiya davridagi og‘ir vaziyatda Rossiya uchun ham yangi harbiy harakatlar kerak emas. 

Ikkinchidan, yangi urush harakatlari boshlanadigan bo‘lsa, Rossiyaning yakkalanib qolish ehtimoli katta. Bu yerda rus hukumati uchun potensial ittifoqdosh mamlakat mavjud emas va mamlakat eksportining katta qismi (xususan, gaz) Yevropa mamlakatlari bozorlariga bog‘langan. YeI bilan o‘zaro aloqalarning yanada yomonlashuvi esa mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarba beradi.

Uchinchidan, kuchlar mutlaqo teng emas. Ukraina birinchi bo‘lib harbiy harakatlarni boshlashi Rossiyaga hatto o‘ziga xos imkoniyatlar ham yaratadi. Chunki Ukraina harbiylarini osongina mag‘lub etib, bu hududni endi qonuniy egallab olishga zamin yaratiladi va bu holda endi Rossiyani ayblash mumkin bo‘lmay qoladi. Har ikki tomon urush masalaning yechimi emasligini yaxshi anglaydi. Qolaversa, zamonaviy urushlar hududiy masalalarga uzil-kesil nuqta qo‘ymaydi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Ukraina munosabatlar fonida Rossiyaning G‘arb mamlakatlari bilan aloqasining tobora yomonlashuvi O‘zbekiston uchun ham jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Rossiya iqtisodiy jihatdan O‘zbekistonning ikkinchi eng katta hamkori hisoblanadi va uning yanada og‘irroq G‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lishi bevosita ham, bilvosita ham O‘zbekistonga ta’sir qiladi.

Mavzuga oid