Join KUN.UZ Telegram kanaliga qo‘shiling va eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling! A'zo bo'lish
x
O'shlik yigit Yaponiyada tandir somsa "biznes"ini yo'lga qo'ydi
23:33 / 27.01.2017
30481
Фото: Sputnik

Tokiodagi aglomeratsiyalardan birida qirg'izistonlik Sherzod Satvaldiyev tandir yasab, O'sh somsalarini yopib sotmoqda. Sputnik (Qirg'iziston) muxbirining intervyu matni taqdim etiladi

Sherzod asli O'shda istiqomat qilgan, yaponiyalik qiz bilan tanishib qolib, u bilan kunchiqar mamlakatga qarab yo'l olgan. O'sha yerda oila qurib, 3 nafar o'g'ilning otasi bo'lgan. O'g'illarini Kavsar, Sofiyan, Alisher deya nomlagan. Bir yil avval Sherzod katta gultuvakdan tandir yasadi va endi unda patir va somsalar yopmoqda, hatto ularning sotuvini ham yo'lga qo'ydi. 

— Ayting-chi, bunday biznes bilan shug'ullanish g'oyasi qayerdan keldi?

— Shunchaki milliy taomlarimizni juda sog'indim. Gultuvakni tandirga moslashtirib oldim. Dastlab patirchalar, keyin esa o'sh somsalari yopa boshladim. Menga yoqdi. Bu haqida Yaponiyada yashaydigan qirg'izistonlik va o'zbekistonlik tanishlarimga aytdim. Ularga ham milliy taomlarimiz ta`mi xush keldi. Akam menga qiziqishni biznesga aylantirish g'oyasini berdi va men ijtimoiy tarmoqlar orqali somsaga buyurtma ola boshladim. 

— Yaponiyada ularni kim buyurtma qiladi?

— Bu yerga Markaziy Osiyodan tashrif buyurganlar - qirg'izlar va o'zbeklar. 

—  Yaponlar-chi?

— Bizning o'lkalarda bo'lgan va taomlarimizni totib ko'rgan yaponlar ham somsa qidirib kelishadi, albatta. Umrida somsa yemagan, biroq shu yerda tatib ko'rib doimiy mijozlarga aylangan kishilar ham bo'ldi. 

Foto: Sherzod Satvaldiyev
Foto: Sherzod Satvaldiyev
Foto: Sherzod Satvaldiyev

— Qanday go'shtdan foydalanasiz?

— Qo'y go'shtidan, lekin uning mazasi bizni o'lkalardagidan farq qiladi. Bu yerga Avstraliyadan go'sht keltiriladi. Bu Markaziy Osiyodagidek mazali emas. 

— Siz yopgan somsalar qanchadan?

— Agar qirg'iz somiga aylantiradigan bo'lsak, bir donasi 200 som atrofida. 

— Buyurtmalar ko'pmi?

— Haftasiga 2-3 marta.

— Bu sizning Tokiodagi asosiy daromad manbaingizmi yoki boshqa kasbingiz ham bormi?

— Men yuk mashinasi haydovchisi bo'lib ishlayman, turli tovarlarni tashiyman. Asosan, maishiy texnika. 

— Tokioda sizdan boshqa yana kimdir tandir somsa yopadimi?

— Hozircha eshitmadim. Hoynahoy, birgina men bo'lsam kerak. 

Top