Jamiyat | 19:50 / 23.02.2019
92187
4 daqiqa o‘qiladi

Boshqacha Toshkent: City'lar qurshovidagi Eski shahar (fotojamlanma)

O‘zbekistonda bir yoqdan turizmga, boshqa tomondan zamonaviy uslubdagi shahar qismlari – city'lar qurishga e’tibor kuchayib borayotganiga barcha guvoh.

Xorijlik sayyohlarning katta qismi tarixiy shaharlarga – Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon, Marg‘ilon va boshqa manzillarga safar qilishadi. Mehmonlarni baland oynavand imoratlar, bir xil tusdagi ko‘pqavatli uylar bilan lol qoldirib bo‘lmaydi, ular yog‘och darvozali, naqsh, ganch, bezaklarga boy toq va shiftli, uzum ishkomli xonadonlar, samimiyat hamda odamoxunlikka shinavanda hisoblanadi.

Bu haqda ko‘p yillar O‘zbekistonda yashagan, «O‘tkan kunlar» romanini ingliz tiliga o‘girgan tarjimon Mark Edvard Ris shunday deydi:

- Toshkentni sevadigan bir inson sifatida shuni ayta olamanki, albatta, ayrim binolar buzilishi mumkindir. Binolar ustiga yangi qiyofa yopayotgan turk kompaniyasini nazarda tutmayapman... Biroq Eski shahar sayyohlar uchun qiziqroq. Bu haqiqatga yaqinroq (shaharning tarixiy qiyofasiga) va u yerdagi aholi o‘sha eski qo‘ni-qo‘shnilari sog‘inadi, xotirlaydi. Fikrimcha... vaqti kelganida loyihani rejalashtirayotganlar Dubayga o‘xshagan soxta qadimiy shaharlarni qurishayotganini anglab yetishadi va bu (yasama) Disney ertaklar olamiga o‘xshab qoladi. Yana, kulguli ignabargli daraxtlardan voz kechishda ikkilanmang. Mintaqaga xos chinorga o‘xshash daraxtlarni ekish zarur!

Bugun tarixga aylanib borayotgan mahallalar, xonadonlarni asrash, ularni obodonlashtirish nafaqat xorijlik mehmonlarni jalb etish uchun, balki kelajak avlodga ham madaniy meros va qadriyatlarni yetkazishda muhim o‘rin tutadi.

Kun.uz yangi fotoloyiha – O‘zimizning mahalla loyihasini taqdim etadi. Ilk manzil – Toshkent shahridagi «Zarqaynar» mahallasi.

Tarixiy Toshkentning markaziy qismi – Chorsu bozori yaqinidagi ushbu mahalladan Forobiy, Sag‘bon, Langar, Shoshiy, Qo‘shtut, Oqartirish, Tarix, Qiziltut, Maqola, Olcha, Zarqaynar ko‘chalari o‘tadi.

Aholi uylari g‘isht, guvala, sinchlardan ko‘tarilgan. 

Xonadonlarning katta qismida yog‘och darvozalar o‘rnatilgan. 

Ko‘chalarda asosan nuroniylar, onaxonlar, jajji bolakaylar uchrab qoladi.

Eski shaharda bodom gullagan. 

 Beixtiyor Oybekning «Fanorchi ota» hikoyasi yodga tushadi.

Afsuski, darvozalar va devorlarga turli yozuvlar sepib ketishgan. 

 Katta yoshlilardan farqli ravishda bolakaylar fotokameradan cho‘chishmaydi. 

Choyxona. Guzar. Otalar oromgohi. 

Tarix ko‘chasi.  

Xastimom gumbazlari. 

Toshkentning ushbu qismidagi keksalar zamondoshlarimizning ko‘pchiligidan farqli ravishda salomga alik bilan javob beradi, kichiklari esa samimiy, yordamga tayyor. Ko‘chalardan esa tarix va tarbiyaning nafasi kelib turadi.

Zero, odamiylik va tarbiya, xalq qiyofasi ko‘tarilayotgan baland va hashamdor uylar-u koshonalarning viqori bilan emas, balki kundalik turmushda halollik, hurmat va vijdon tushunchalariga qanchalik sodiq qolayotganimizda aks etadi.

O‘zbekistonda tarixiy shaharlar ko‘p, tarixi bor shaharlar talay. Kun.uz sayti ijodkorlari O‘zimizning mahalla loyihasi davomida sizning shahringiz, mahallangizda ham bo‘ladi. Kuting va biz, albatta, boramiz.

Mirzayor Erkinov 

Mavzuga oid