22:24 / 06.09.2022
13322

“Buni ta’lim tizimimizning aks-sadosi desak ham bo‘ladi” – vazirlik vakili maktab darsliklaridagi xatolarga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda turli sinf maktab darsliklarida xatolar o‘tgani rasmlari tarqalgandi. Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev tarqalgan xatolar hammasi ham haqiqat emasligi, ular o‘z tasdig‘ini topsa, mas’ullarga chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

6 sentabr kuni Xalq ta’limi vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida maktab darsliklarida o‘tayotgan grammatik, imloviy xatolar masalasi ko‘tarildi.

Kun.uz muxbiri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan 10-sinf biologiya, 2-sinf o‘zbek tili, 7-sinf o‘zbek tili darsligida imloviy xatolar borligi, darsliklar saviyasi va sifati ustidan vazirlik nazorati qay darajada degan mazmunda vazirlik vakillariga murojaat qildi.

Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayevning javob berishicha, darsliklarda o‘tkazib yuborilgan xatolarni ma’lum ma’noda ta’lim tizimiga tutilgan ko‘zgu desa ham bo‘ladi.

“Siz aytgan 10-sinf biologiya darsligida real kitobini qarasangiz, u yerda unaqa narsaning o‘zi yo‘q. Kanaliga kirsangiz ham real beti ko‘rsatilgan. Yoki 2-sinf darsligining yarmi ruscha yoki yarmi o‘zbekcha emas, bu birinchi beti chop etilish tili uchun mos bo‘lgan bet. Kitob tojik tilida bo‘lgani uchun shunaqa ketgan, lekin birinchi muqovadagi beti tojik tilida. Aytmoqchi bo‘lganim hamma narsaning haqiqiy yoki yo‘qligini ko‘rishimiz kerak.

Albatta, maktab darsliklarida xato bugun paydo bo‘lmadi. 10 yil oldingi kitobni ko‘tarsangiz ham, 5 yil oldingi kitobni ko‘tarsangiz ham bor. Ular ham, hozirgilar ham ekspertizadan o‘tgan. Afsuski, bu ham ta’lim sifatining qandaydir bir aks-sadosi desak ham bo‘ladi. Buni ham ekspertlar ko‘radi. Buning kengashi bor. Bir yoki ikki odam darslikni tasdiqlab, qo‘l qo‘ymaydi. Uni yozgan jamoadan tashqari ekspert kengashi bor. Ekspert kengashlari qo‘l qo‘yadi. Endi qandaydir xatolar o‘tgan bo‘lsa, ularga nisbatan qanaqadir choralar ko‘rilishi tabiiy bo‘lishi mumkin”, – dedi xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari.

Top