O‘zbekiston | 13:55 / 23.12.2019
13406
4 daqiqa o‘qiladi

«Ovozlarni sanash jarayoni qanday o‘tdi?» - Xorazmdagi saylov uchastkasidan fotoreportaj

22 dekabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar o‘tkazildi.

Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz o‘z fuqarolik burchini ado qilib, saylovlarda ishtirok etib, partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishdi. Jarayon OAV orqali keng miqyosda yoritildi.

Saylovdan keyingi ovozlarni sanab chiqish bosqichi omma e'tiboriga havola qilinmagan. Ammo bu yilgi saylovda Kun.Uz mazkur jarayonda ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada, odatda parda ortida qoladigan voqealarni o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashish imkoniyati tug‘ildi.

Eslatib o‘tish joizki, ovozlarni sanash bosqichida har bir partiyadan kuzatuvchilar, xalqaro kuzatuvchilar, matbuot xodimlari ishtirok etishi mumkin. Ammo ular jarayonga aralashmaydi.

Xorazm viloyati, Urganch shahridagi 117-okrug, 28-saylov uchastkasi. Soat 20:00, saylovda ovoz berish jarayoni yakunlandi. Komissiya raisi bu haqda e'lon qildi.

Saylov uchastkasining eshigi yopildi. Endi saylovchilarning ichkariga kirishi mumkin emas. Ovozlarni sanash jarayonida faqat saylov komissiyasi a'zolari qatnashadi, partiya vakillari, matbuot xodimlari kuzatib turadi.

Komissiya raisi saylov byulletenlari solingan qutilardagi tamg‘alarning butligini va raqamlarining bayonnomaga mos kelishini tekshirdi.

Saylovda ishtirok etgan va byulleten olgan saylovchilar soni sanab chiqildi. Ularning miqdori bayonnomada ko‘rsatildi. 

Muhim! Saylovchilarga berilmagan, ya'ni saylovda foydalanilmagan byulletenlarning yuqori chap qismi qirqib tashlandi – ular yaroqsiz holatga keltirildi.

Saylovda foydalanilmagan, yaroqsiz holatga keltirilgan byulletenlar qoplarga solib, tamg‘alandi.

Saylov qutilari ochildi, barcha byulletenlar stolga to‘kildi. Qayd qilish joizki, jomadon ko‘rinishidagi ko‘chma quti ham mavjud bo‘lib, u saylovda ishtirok etishga qiynaladigan, keksa yoki bemor saylovchilar uchun mo‘ljallangan. Komissiya a'zolari bunday saylovchilarning uyiga borib, ovoz berishlari uchun imkoniyat yaratishdi.

Dastlab, komissiya a'zolari saylov byulletenlarini turlarga ajratdilar: Oliy Majlis qonunchilik palatasi, viloyat va shahar/tuman kengashlari uchun berilgan ovozlar alohida taxlandi.

So‘ngra har bir nomzod uchun berilgan ovozlar sanab chiqildi. Shuningdek, qoidaga muvofiq to‘ldirilmagan, ya'ni buzib qo‘yilgan byulletenlar alohida ajratib olindi.

Jarayonni xalqaro kuzatuvchilar, matbuot xodimlari, partiyalar vakillari kuzatib turishdi. Ishonchli bo‘lishi uchun ovozlar takroran sanab chiqildi.

Barcha ovozlar sanab chiqilgandan so‘ng, bayonnoma to‘ldirildi. Unda uchastkadagi saylovchilarning umumiy soni, uchastka saylov komissiyasi olgan byulletenlar soni, saylovchilar olgan byulletenlar soni, muddatidan oldin ovoz bergan saylovchilar, saylov qutilaridagi byulletenlar, foydalanilmagan, buzib qo‘yilgan, bekor qilingan, shuningdek haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar soni ko‘rsatildi.

Bayonnomaning birinchi nusxasi okrug saylov komissiyasiga yuborildi. Ikkinchi nusxasi xalqaro kuzatuvchilar, matbuot xodimlari, partiyalar vakillariga berildi.

Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said

Mavzuga oid