07:36 / 05.10.2019
0
12748

Shavkat Mirziyoyev islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi qaror imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining quyidagi tartibni o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi, unga muvofiq ishlab chiquvchi-tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtiriladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini jamoatchilik tomonidan muhokama qilish natijalari Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (ko‘rib chiqish uchun) kiritiladi, bunda, qoida tariqasida, kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqish natijalari ko‘rsatilishi majburiydir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etildi, bunda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:

xalqaro amaliyotda keng tarqalgan jamoatchilik nazoratining ta'sirchan shakllarini joriy etish;

jamoatchilik nazorati shakllarini amalga oshirish mexanizmlarini batafsil reglamentatsiya qilish, ularni amaliyotda samarali qo‘llash;

davlat organlari va tashkilotlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyati, tegishli sohalardagi ishlarning holatini yaxshilashda ularning roli va samarali ishtiroki masalalari.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi (R.S.Qosimov) ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish va moliyalashtirishni ko‘zda tutuvchi qarori loyihasini kiritadi, unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:

institut tomonidan har yili O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va uni rivojlantirish tendensiyalari to‘g‘risidagi ma'ruzani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashining ko‘rib chiqishi uchun kiritish va shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berish;

institut tomonidan fuqarolik jamiyati rivojlanishini, jamiyat institutlarining davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini, shuningdek, ularning mamlakatni sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy jihatdan rivojlantirishga, shu jumladan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish doirasida qo‘shgan hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2020 yil 1 yanvardan boshlab respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan 3 baravarigacha, viloyat nodavlat notijorat tashkilotlari uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytirilsin.
2020 yil 1 yanvardan boshlab faoliyatini tuman (shahar), shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklidagi mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti, shuningdek, tuman va shaharlar budjetlarining xarajatlariga qo‘shiladi.

Moliya vazirligi bir oy muddatda mazkur bandning talablaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Belgilanishicha, respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, ular faoliyatini moliyalashtirish manbalaridan qat'iy nazar, ushbu organ va tashkilotlarning budjetdan tashqari manbalari hisobidan majburiy tartibda ularning veb-saytlari yaratiladi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda:

davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytiga qo‘yiladigan asosiy talablarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqadi va taqdim etadi;

Internet tarmog‘ida respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarining, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning veb-saytlari mavjudligi va faoliyat yuritishini inventarizatsiyadan o‘tkazadi.

Inventarizatsiya natijalari veb-saytlarga nisbatan yangi talablarni inobatga olgan holda keyinchalik davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi veb-saytlarini yaratish va amaldagilarini modernizatsiya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish uchun ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” telekanalida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasidagi vazifalarni keng ko‘lamda tushuntirish va targ‘ib qilishga, aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun olimlar, sotsiologlar, tadqiqotchilar, ekspertlar, jamoat arboblari, xotin-qizlar, yoshlar va fuqarolar ishtirokida doimiy faoliyat yurituvchi “munozara maydonchasi”ni tashkil etishga qaratilgan teleko‘rsatuvlar turkumini tayyorlash va namoyish etishni nazarda tutuvchi “Jamoatchilik fikri” tahririyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Belgilab qo‘yilishicha, “Jamoatchilik fikri” tahririyatini moliyalashtirish O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining o‘z mablag‘lari hisobidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan teleradiokompaniyaga ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ikki hafta muddatda markaziy davlat telekanallarida mamlakatning sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy hayotiga oid eng muhim masalalarni muhokama qilish maqsadida doimiy asosda maxsus teleko‘rsatuvlar (jamoatchilik munozaralari) tashkil etilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasining Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tuziladi, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va shakllangan milliy huquqni qo‘llash amaliyoti asosida nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunchilikni kodlashtirish va tizimlashtirish uning asosiy vazifasi etib belgilanadi.

Ishchi guruh 2020 yil 1 fevralga qadar manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan O‘zbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan birgalikda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab to‘lov asosida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini muntazam ravishda tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi (A.X.Saidov) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan belgilangan tartibda kelishilgan quyidagi loyihalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi to‘g‘risidagi nizom;

Davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokining xalqaro standartlarini respublikada joriy etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top