10:20 / 28.05.2017
22074

«Qadimiy Buxoro» loyihasi: Prezidentning Buxoroga oid qarorida nimalar nazarda tutilgan?

2017 yil 19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «2017–2019 yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyati sayyohlik salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2980-sonli qaror qabul qilindi. 

Buxoro — Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri, Buyuk Ipak yo‘lidagi eng yirik va mashhur markazlardan hisoblanadi. Shahar minglab yillar bilan o‘lchanadigan o‘zining boy va unikal barpo etilish tarixi, madaniy-ma'rifiy va ma'naviy-diniy qadriyatlarning rivojiga qo‘shgan hissasi bilan bilan butun jahonga dong‘i ketgan.

1993 yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Bugungi kunda Buxoro viloyatidagi turizm sanoati va infratuzilmasini rivojlantirish bilan shug‘ullanayotgan sub'yektlar soni ishonchli tarzda ortib borayotganiga qaramasdan, hududning sayyohlik salohiyatidan yetarli tarzda samarali foydalanilmayotganini qayd etish zarur, deyiladi prezident qarorida.

Qarorga ko‘ra, Buxoro shahri va Buxoro viloyatida shahar tansport infratuzilmasi, sayyohlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sub'yektlar va Yevropa, Afrika, Osiyo va MDH davlatlaridan sayyohlar oqimini samarali jalb etish uchun zamonaviy mehmonxonalar sonini oshirish borasida kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish talab etiladi. 

Prezident qaroriga ko‘ra, «2017–2019 yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyati sayyohlik salohiyatini jadal rivojlantirish Dasturi» tasdiqlangan va uni amaliy tatbig‘ini quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda samarali tarzda amalga oshirish ta'minlanadi:

- yangi mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar markazlar va turizmni rivojlantirish uchun zarur sharoitlarga ega boshqa sayyohlik infratuzilmalari obektlarini qurish;

- umumiy ovqatlanish tizimini takomillashtirish, jumladan, zamonaviy restoranlar qurish, madaniy meros obektlarida o‘zbek milliy musiqasi teatrlashtirilgan tomoshalarini o‘tkazish, milliy uof-odatlarni namoyish qilish hisobidan sayyohlarning kechki dam olishi uchun sharoitlar yaratish;

- transport xizmatini yaxshilash, avia va temiryo‘l infratuzilmasini aviareyslar soni va «Afrosiyob» elektropoyezdi reyslari sonini oshirish yo‘li bilan rivojlantirish, Buxoro shahrining tarixiy qismi atrofida sayyohlarga xizmat qiladigan maxsus kompaniya tuzish, sayyohlik namoyishi obektiga olib boradigan avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish;

- Buxoro shahri hududini obodonlashtirish Buxoro shahrining markaziy qismining detallashtirilgan yangi rejasi loyihasini tasdiqlash, shahar markazida suvenir va sovg‘alar do‘konlarining maxsus tarmog‘idan iborat yangi «savdo» ko‘chasini yaratish, sayyohlik infratuzilmasi obektlariga bankomat va terminallar o‘rnatish, valyuta ayirboshlash shoxobchalari tashkillashtirish, sayyohlar ommaviy yig‘iladigan joylarda xalqaro Internet axborot tarmog‘iga ulanish imkoniyatini beradigan Wi-Fi zonalar tashkil etish;

- «Ipak va ziravorlar», «Qovun sayli», «Shahar kuni», «Sharq taomlari», «Buxoro hunarmandlari» kabi festivallar tashkil etish orqali Buxoro shahri brendini olg‘a siljitish va mashhur qilish yuzasidan keng ko‘lamli reklama kampaniyasi o‘tkazish, xorijiy sayyohlik tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun info-turlar tashkillashtirish, shuningdek, ommabop xorijiy telekanallarda va maxsus veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda shaharning tarixi va osori atiqalariga bag‘ishlangan ma'lumotlar joylashtirish orqali sayyohlik salohiyatini ilgari surish;

- Buxoro shahri va Buxoro viloyati turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash;

- yangi sayyohlik yo‘nalishlari yaratish va turizmning yangi ko‘rinishlarini rivojlantirish, jumladan, Shofirkon tumanidagi «Agutma» ko‘li atrofida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, «Jayron» ekologik markazi «Tashrif markazi»da kapital ta'mirlash o‘tkazish va uning atrofida zoologik bog‘ barpo etish, Peshku tumanining «Qoraqir» ko‘lida ov, plyaj va sport turizmi bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlarni ta'minlash, «Afshona» muzeyi atrofidagi hududni obodonlashtirish hamda maxsus davolash uylari qurish;

- 2017–2021 yillar mobaynida sayyohlik xizmatlari hajmini 2,1 martaga, sayyohlar sonini — 1,9 martaga oshirishga erishish.

Dasturning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun Ishchi guruh tuzilgan va unga bosh vazir A.N.Aripov rahbar etib tayinlangan. 

Buxoro viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi arxitektura va qurilish bo‘yicha Davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorlikda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi arxitektura-shaharsozlik Respublika kengashiga uch oy ichida o‘rnatilgan tartibda Buxoro shahri markaziy qismining detallashtirilgan rejasi loyihasini taqdim etadi;

YuNeSKO va xalqaro moliya institutlari ko‘magida Buxoro shahrining tarixiy qismini uzoq muddatli rejalashtirish va moddiy madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish uchun Yevropa davlatlaridan yetakchi ekspert-maslahatchilar jalb qilinadi.

Qaror matniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Buxoro viloyat hokimligi, tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki va «Asaka» aksiyadorlik-tijorat bankining quyidagi takliflari ham ma'qullangan:

- Buxoro shahrida «Qadimiy Buxoro» sayyohlik markazi tashkil etish, uning hududida kam qavatli zamonaviy mehmonxonalar, xorijlik sayyohlarning kunu-tun hordiq chiqarishini ta'minlaydigan madaniy-sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar markazlar barpo etish;

- Buxoro shahrining tarixiy qismi («Shahriston» bozori hududi) da milliy me'morchilik an'analariga xos stilistik, dekorativ usullarni qo‘llagan va hunarmandlar rastasi va yopiq bozor tarixiy ko‘rinishini saqlagan holda ikki qavatli hunarmandchilik ustaxonalari va milliy suvenir mahsulotlari, zardo‘zlik buyumlari, kitob mahsulotlari, meva va sabzavotlar, shirinliklar va sayyohlar o‘rtasida mashhur boshqa mahsulotlar bilan savdo qiluvchi do‘konlar qurish.

Qarorga ko‘ra, ushbular belgilab qo‘yilmoqda:

- O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki «Qadimiy Buxoro» sayyohlik hududi qurilishi» loyihasini moliyalashtirish sxemasini tashkillashtiruvchi vakolatli bank hisoblanadi, shu jumladan, rossiyalik ishbilarmon A.B.Usmonovning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari va xayriya mablag‘laridan ham foydalaniladi.

- «Asaka» aksiyadorlik-tijorat banki «Buxoro shahrining tarixiy qismida hunarmandlar kvartali qurish» loyihasini amalga oshirish doirasida vakolatli bank hisoblanadi va hunarmandlar hamda qurilgan obektlarni xarid qilish istagida bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari uchun imtiyozli tijorat va ipoteka kreditlari ajratilishini ta'minlaydi.

«Qadimiy Buxoro» turizm zonasi hududida faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub'yektlari hamda investitsiya kompaniyalari 2020 yilning 1 yanvariga qadar:

- yer solig‘i, foyda solig‘i, yuridik shaxslarning mulk solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek, VM huzuridagi Respublika yo‘l fondiga hamda O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligi qoshidagi ta'lim va tibbiyot muassasalarining byudjyetdan tashqari moddiy-texnik bazasini rivojlantirish fondiga majburiy ajratmalardan ozod etiladi. 

Shuningdek, ular o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatilgan tartibdagi ro‘yxatga ko‘ra olib kirayotgan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, xomashyo, butlovchi buyumlar, qurilish va boshqa materiallar uchun bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari) dan ozod qilinadi.

Buxoro viloyati hokimligiga ikki oy ichida kamida 10 gektar maydonga ega bo‘luvchi «Qadimiy Buxoro» turizm zonasi hamda hunarmandlar kvartalining aniq chegaralarini aniqlashtirish, shuningdek, investitsiya kirituvchi kompaniyalarga qurilish uchun yer maydonlari ajratib berish vazifasi topshirilgan.

Qarorga ko‘ra, 2021 yiga qadar «Ark» kompleksi to‘liq restavratsiyadan chiqariladi, uning ichki hovlisining vayron qilingan qismi qayta tiklanadi (tozalanadi).

O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda Buxoro shahri va Buxoro viloyatiga sayyohlar oqimini ko‘paytirish vazifasi yuklatilgan. Bu yo‘lda Sharq gavhari, deya tan olingan unikal muzey-shahar sifatida Buxoro brendini ishlab chiqish, 2017–2019 yillarda «Muqaddas Buxoro — Islom ma'rifati o‘chog‘i» shiori ostida keng qamrovli reklama kampaniyasini tashkil etish va bu yo‘lda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarini jalb qilish ishlarini amalga oshirish belgilab qo‘yilgan. 

Mavzuga oid
Top