Jamiyat | 19:20 / 05.07.2019
71363
6 daqiqa o‘qiladi

Bolalarda uchraydigan nutq nuqsonlari kasalligini butunlay davolab bo‘ladimi?

Foto: Depositphotos

Kun.uz “Sog‘lom hayot” loyihasining navbatdagi sonida ba'zi bolalarda uchraydigan nutq nuqsonlari kasalligining kelib chiqishi, davolash va oldini olishga qaratilgan muolajalar hamda ota-onalarga foydali tavsiyalar berib o‘tishni maqsad qildi.

Nutq kamchiligi o‘z-o‘zidan barham topmaydi, balki vaqt o‘tgan sari yanada mustahkamlanib, zo‘rayib boradi. Nutq kamchiligiga ega kishilar logopedik yordamga muhtoj bo‘ladilar. Og‘ir nutq kamchiliklari bolaning nafaqat nutqiga, balki uning umumiy rivojlanishiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Shuning uchun nutq nuqsonlari kasalligini davolash va oldini olish yo‘llari haqida logoped Nasiba Rustamova bilan suhbatlashdik.     

YouTube

Tas-IX

Nutq nuqsonlarining kelib chiqish sabablari

Mutaxassislar nutqning o‘z vaqtida rivojlanmasligi yoki keskin   sekinlashuvining sabablari juda ko‘p ekanligini aniqlashgan.

1.Homiladorlik davri (perinatal davri);

2.Tug‘ruq davri (natal davri);

3.Tug‘ruqdan keyingi davr (postnatal davr).

 1. Homiladorlik davrida turli xil kasalliklarni boshdan kechirish, turli xil infeksiyalar, intoksikatsiya, homila toksikozi, gepoksiya yoki kislorod yo‘qotish, qon bosimining oshishi, homilador ayol va homila qon guruhining mos kelmasligi. Homiladorlik paytida sigaret, alkogol va giyohvandlik moddalarini iste'mol kilish, o‘z-o‘zini davolash, ya'ni ayrim dori-darmonlarni qabul qilish. Homiladorning homila uchun xavfli bo‘lgan joylarda ishlashi (radiatsiya).

2. Tug‘ruq davrida akusherlik patologiyalari ya'ni, tos suyagining kichkinaligi, homilaning kindik o‘qiga o‘ralishi. Tug‘ruqdan oldin suv ketishi, homilaning noto‘g‘ri joylashishi, tug‘ruq jarayonida bosh miyaning jarohatlanishi, tug‘ruq jarayonidagi asfiksiya natijasida bolaning ko‘karib tug‘ilishi.

3. Tug‘ruqdan keyingi davr - 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan davrda bosh miyadan turli xil jarohatlarni olish, bosh miyadagi infeksiyalar, turli xil yuqumli kasalliklar sababli yuzaga keladi.

Nutq nuqsonlarini tasniflashda birinchi navbatda bolaning ruhiy, aqliy va eshitish idroki tekshirib olinadi. Nutq nuqsonlari og‘ir-yengilligiga qarab guruhlarga ajratiladi.

1. Dislaliya – bu artikulyatsion apparat a'zolari normal innervatsiyasida yuzaga kelgan logopatsiya bo‘lib, asosan tovushlar talaffuzidagi kamchiliklar va ba'zan fonematik idrok rivojlanmaganligi bilan namoyon bo‘ladigan yengil nutq nuqsoni.

2. Dizartriya - bu artikulyatsion apparat a'zolari innervatsiyasining organik jarohatlanishi natijasida yuzaga keladigan og‘ir nutq nuqsoni bo‘lib, juft neyronlarning shikastlanishi natijasida yuzaga keladi. Falajlanish asosan bir tarafdan, chap yoki o‘ng tarafdan bo‘ladi. Bola tili asosan paretik falajlangan bo‘shashgan yoki spastik, ya'ni tarang falajlanishda bo‘ladi.

3. Alaliya- bu bosh miyaning organik jarohatlanishi natijasida yuzaga keladigan og‘ir nutq nuqsoni bo‘lib, bu tashxis eshitishi va zakovati me'yorda bo‘lgan shaxslarga qo‘yiladi.

Alaliya nutqning 3ta komponenti rivojlanmaganligi bilan namoyon bo‘ladi.

4. Afaziya- bu bosh miyaning organik jarohatlanishi natijasida shakllangan nutqning yo‘qolishi. Bolalar afaziyasi tajribada kam uchraydi. Afaziya asosan insultdan keyin uchraydi. Bolalarda esa miya infeksiyalari, miya rivojlanishi davrida turli xil kuchli travmalar natijasida yuzaga keladi.

5. Rinolaliya - bu artikulyatsion apparat a'zolarida tug‘ma yoki orttirilgan nuqsonlarning bo‘lishi yoki artikulyatsion apparat a'zolarida burun, burun halqum sohasida falajlanishlarning kuzatilishi, burun suyagining qiyshayishi, burun sohasidagi turli xil o‘simtalar, odenoidlar, poliplar bo‘lishi natijasida yuzaga keladigan og‘ir nutq nuqsonlari hisoblanadi.

6. Duduqlanish - bu og‘zaki nutq jarayonida artikulyatsion apparat a'zolari muskullarining tortishishi sababli og‘zaki nutqning tempritmik o‘zgarishi natijasida yuzaga keladi.

Duduqlanish kelib chiqishiga ko‘ra 2 xil bo‘ladi:

1. Nevrotik duduqlanish (logonevroz) bolaning kuchli ruhiy kechinmalari, stress, depressiya, qo‘rquv, haddan tashqari qattiqqo‘llik, chapaqaylikdan o‘ng qo‘lga o‘rgatish, oiladagi ikki tillilik, duduqlanuvchiga taqlid qilish natijasida.

2. Nevrozsimon duduqlanish - bu bosh miyaning organik jarohatlanishi, bosh miyadagi turli xil o‘simtalar , dizartriya, tayanch harakat a'zolari kasalliklari, DsP natijasida.

Duduqlanish o‘z vaqtida bartaraf etilmasa bolaning ruhiy rivojlanishiga salbiy ta'sir etadi. Bola o‘z fikrini mustaqil bayon eta olmasligi natijasida tengdoshlari bilan muloqotga kirisha olmaydi.

 Nutq nuqsonlari quyidagi mezonlar asosida tekshiriladi.

1. Gugulash davri (3 oylikdan)

2. 1 yosh 6 oylikda 10-15 ta so‘z.

3. 2 yoshda 300 ta so‘z

3. 3 yoshda 1000 ta so‘z.

4. 6-7 yoshga kelib 4000 dan 5000 gacha so‘z lug‘at boyligida bo‘lishi lozim.

Nutq nuqsonlarini bartaraf etish yo‘llari

1.          Artikulsiya, nafas, mayda qo‘l muskullarini rivojlantiruvchi mashqlar.

2.          Logomassaj (nuqtali , bo‘shashtiruvchi, tetiklashtiruvchi massaj)

3.          Muammoli tovushni nutqqa qo‘yish (taqlid va mexanik usulida)

4.          Nutqni rivojlantiruvchi didaktik o‘yinlar.

Logoped tavsiyalari

Bolaning nutqi kechikayotganini yoki tovushlarni noto‘g‘ri talaffuz qilayotganini, duduqlanayotganini sezganingiz zahoti mutaxassislarga murojaat qilishingiz lozim. Qancha erta murojaat qilsangiz, nutq nuqsonlari shuncha samarali bartaraf etiladi.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid