Chekish inson salomatligi uchun ziyon ekani hech kimga sir emas. Buni nafaqat o‘tkazilgan tadqiqotlar, balki yon-atrofimizni kuzatish orqali ham bilib olishimiz mumkin. Bugungi kunda har beshinchi yigit, har yigirmanchi qiz tamaki chekuvchi hisoblanadi, doimiy kashandalarning har o‘ntadan to‘qqiztasi bu zararli odatni 25 yoshigacha orttirib olgan.

Tahlillarga ko‘ra, dunyo aholisining 780 millionga yaqini chekishni tashlashni xohlaydi va buning uchun bir qancha usullardan ham foydalanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ham bu borada o‘z tavsiyalari mavjud. Koronavirus xavf solgan yillarda tamaki chekuvchilar uchun ikki hissa sinov bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz. Sababi virusning eng og‘ir alomati nafas a’zolarini zararlash bo‘lgani uchun kashandalarning u siz ham nosog‘lom o‘pkasi bu «sinov»ni juda og‘ir asoratlar bilan o‘tkazdi.

Xo‘sh, bugungi kunda ushbu zararli odat bilan kurashish, uning qaramligidan insonlarni qutqarish qay darajada amalga oshirilmoqda. Bu borada mutaxassis shifokor Hilola Jumayevaning fikrlariga quloq tutamiz.

Tamaki o‘pkani qanday zararlaydi?

Dastlab, o‘pka zararlana boshlaydi va nafas yo‘llarining yallig‘lanishi yuzaga keladi. Bizning nafas yo‘limizda tashqaridan kirib keladigan zarrachalar va turli mikroorganizmlarni tutib qoladigan mikroskopik «kiprikcha»lar mavjud. Tamaki chekuvchi insonda, eng avvalo, ana shu «kiprikcha»ning faoliyati buziladi va u o‘z vazifasini bajara olmay qoladi. Natijada o‘pkaning himoya qatlami yo‘q bo‘lib, endi zararli mikroorganizmlar to‘g‘ridan to‘g‘ri nafas yo‘liga tushib qolishi mumkin.

Bundan tashqari, katta nafas yo‘li ko‘p miqdorda shilimshiq ajratadi va bu o‘z navbatida yo‘talni paydo qiladi. Doimiy yo‘tal esa o‘z-o‘zidan surunkali obstruktiv o‘pka kasalligining alomatidir. Agar chekishni shu tarzda davom ettirsangiz, sekin-astalik bilan quyidagi alomatlar ham paydo bo‘la boshlaydi:

  • Nafas olish yo‘llari torayib, nafas olish va chiqarish qiyinlasha boshlaydi.
  • Havo yetishmay qolishi tez-tez bezovta qila boshlaydi.
  • O‘pkaning havo «qop»lari – alveolalari sekin-astalik bilan yemirilib boradi. Aynan ular qon aylanish tizimini qon bilan ta’minlab turadi. Agar alveolalar vayron bo‘lsa, o‘pkaning organizmni qon bilan ta’minlash funksiyasi pasayib boradi.
  • Sport, raqs, qo‘shiq va yaxshi nafas olishni talab qiladigan boshqa mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish tobora qiyinlashadi.