20:30 / 01.07.2020
65289

IIV Akademiyasi hayoti, qabul va ichki ishlar tizimi haqida Bahodir Matlyubov bilan suhbat

O‘zbekistondagi barcha oliy ta'lim muassasalarida qabul jarayonlari qizg‘in kechmoqda, xususan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ham. Shu munosabat bilan Ichki ishlar akademiyasi rahbari, kursantlari va vakillari bilan ichki muhit, davlat qabul imtihonlari va tahsil jarayonlari xususida suhbatlashdik.

Dastavval, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati borasida bizni qiziqtirgan savollar bilan akademiya rahbari, general-leytenant Bahodir Ahmedovich Matlyubovga yuzlandik. Quyida ushbu suhbatning mazmuni bilan tanishishingiz mumkin.

Qabul jarayoni, bu yilgi o‘zgarishlar haqida

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar akademiyasi tizim uchun kadrlar yetkazib beruvchi yagona o‘quv yurti hisoblanadi. Akademiyada qabul masalasi oxirgi 10 yil ichida bir necha marotaba o‘zgardi. 2004 yilgacha qabul ikki bosqichda amalga oshirilar edi. Birinchisi: tibbiy ko‘rik, jismoniy imtihon va yozma ish; Ikkinchisi: shu tekshiruvlardan o‘tganlar keyin imtihon topshirishar va kimning ko‘rsatkichi yuqori bo‘lsa qabul qilinar edi. Oxirgi yillarda esa, ikkinchi bosqich suhbat tarzida o‘tadigan imtihonga o‘zgartirildi. Uch yil oldin eng ko‘p, 20 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirgan edi. O‘shanda, akademiya jamoasiga juda qiyin bo‘lgan, chunki kvota soni 600 kishi edi. Bundan tashqari, oxirgi yillarda qizlarning ham o‘rnini ko‘paytirish maqsadida 5 foizlik kvotani 10 foizga ko‘paytirdik.

Karantin bois qabuldagi o‘zgarishlar haqida

15 martdan karantin choralari qo‘llanilgan bo‘lsa, abituriyentlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi boshqacha bo‘ldi. Ya'ni gigiyena qoidalari, karantin talablariga rioya qilingan holda o‘tkazildi. Bundan tashqari, prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan endilikda Ichki ishlar akademiyasiga faqatgina akademik litsey bitiruvchilari qabul qilinishi kerak. Imtihon olish joyiga ham o‘zgartirish kiritildi. Imtihonlar har bir akademik litsey hududida olinadigan bo‘ldi. Sababi litsey hududida imtihon uchun zarur bo‘lgan barcha jihozlar bor. Abituriyentlar litseyga olib kelinadi. Ular uchun yotoqxonalar, oziq-ovqatlar, o‘qish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Keyin imtihonlar bosqichma-bosqich olinadi. Imtihon olishda ushbu soha mutahassislari jalb qilinadi. Ya'ni jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, tarixdan imtihon bo‘lsa tarix o‘qituvchisi va shu tariqa. Bu o‘qituvchilar birga o‘tirib, maslahatlashib umumiy ballni qo‘yadi.

Imtihon jarayonlari qayd etiladi

Oxirgi 4 yildan beri hamma joyga kameralar o‘rnatilgan, imtihonlar ovozlari bilan yozib olinadi. Apellyatsiyaga berilganida isboti bilan ko‘rsatiladi. O‘zR IVV akademiyasi o‘quv jarayonini monitoring qilish markazi ikkita asosiy maqsadni ko‘zlab tashkil qilingan. Bular: kursantlarning o‘qishga bo‘lgan tayyorgarligi va ishtiroki, keyingisi professor o‘qituvchilarning darslarni tashkil etishini monitoring qilish uchun.

O‘quv zallari 300dan ortiq kameralar bilan jihozlangan. Ayni paytda akademiyaning kunduzgi ta'lim shakliga 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari o‘tkazilmoqda. Bunda barcha sinov imtihonlari o‘quv monitoring markazida o‘rnatilgan kameralar orqali nazorat qilib borilmoqda.

O‘qishga kirgan kursantlarga yig‘ma jildlar tashkil etiladi

O‘qishga qabul qilingan kursantlar uchun dastlabki kundan boshlab yig‘ma jild yaratiladi. Bu yig‘ma jildda kursantlarning xulq-atvori, yurish-turishi hammasi yozib boriladi. O‘qish yakunida shu yig‘ma jild ko‘tarilib tahlil qilinadi. A'lo baholarga bitirib, namunali xulqi bilan tanilgan talabalar maxsus leytenant unvonidan maxsus katta leytenant unvoniga ko‘tariladi. Bundan tashqari, birinchi va ikkinchi kurslarda 21 kunlik amaliyotga yuborilib, ularga ish o‘rgatiladi. Uchinchi va to‘rtinchi kurslarda 4 oydan malaka amaliyotiga yuboriladi.

Qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda?

Akademiya kursantlari 7 yo‘nalish mutaxassisligi bo‘yicha ta'lim olishadi. Bular:

  • tergov faoliyati
  • tezkor qidiruv
  • huquqbuzarliklar profilaktikasi
  • ekspertiza yo‘nalishi
  • xizmat faoliyatini psixologik ta'minlash
  • yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash
  • jinoiy jazolarni ijro etish yo‘nalishlaridir.

Bundan tashqari, sirtqi ta'lim shakli ham mavjud bo‘lib, unda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari xodimlari ham tahsil olishi mumkin. Bunda, o‘rinlar viloyat ichki ishlar organlaridan yuborilgan kvotalar orqali taqsimlanadi.

Akademiyada ta'lim qay tarzda amalga oshiriladi?

Litsey bitiruvchilari 3 yil mobaynida barcha fanlardan to‘liq o‘qitiladi. Akademiyaga kirgandan so‘ng, o‘zi tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitiladi. O‘qitish tizimida 50 foiz nazariya o‘rgatilsa, 50 foiz amaliyotdan dars beriladi. Undan tashqari, o‘quv jarayonida mutaxassislik fanlarini ko‘paytirish bilan birga, kursant ish o‘rganish jarayonida, tahsilni bitirganidan so‘ng aynan qaysi viloyatga borib faoliyat o‘taydigan bo‘lsa, o‘sha ichki ishlar organlariga jo‘natiladi va u yerga borib sharoiti, dinamikasi va holati bilan yaqindan tanishadi. Kursant ta'lim muassasasini tugatayotgan paytda o‘zining qiziqqan yo‘nalishini tanlash uchun bizga bildirgi yozadi va bizning maxsus komissiyamiz suhbatidan o‘tadi. Unga yo‘nalishi bo‘yicha savollar beriladi. Kelajakda shu yo‘nalish bo‘yicha ishlab keta oladimi-yo‘qmi, shu xususda xulosa beriladi. Undan tashqari psixologik test ham o‘tkaziladi.

Ichki ishlar xodimlari orasida oliy-o‘rta ma'lumotlilar tafovutini yo‘qotish uchun qilinayotgan ishlar xususida

Ichki ishlar tizimida turli soha vakillari borligi rost. Lekin, hammasi shu sohani yoshligidan orzu qilgan, fidoiy xodimlar. Albatta, ular ishga kirishdan oldin kasbiy tayyorgarlikdan o‘tishadi. Ular uchun o‘qish ham bo‘ladi, imtihon ham. Bunda serjantlar 5 oy o‘qishadi, ofitserlar tarkibi 6 oy. Keyin o‘qishi tugaganidan keyin o‘z hududiga yuboriladi.

Ichki ishlar akademiyasida ham amaliyot va nazariya farq qiladimi?

Bu sohada ko‘p yillar tezkor xodim bo‘lib ishlaganman. O‘qishga kirganidan keyin “ustoz-shogird” degan gap bor. O‘sha ustoz hammasini o‘rgatadi. Hozirgi kunda ishga qabul qilishda 3 oy sinov muddati beriladi. Bu muddatda unga serjant unvoni beriladi. Agar ishni namunali tarzda bajarsa, leytenant unvoni beriladi.

Oxirgi va avvalgi bitiruvchilar o‘rtasidagi farq xususida

Albatta, biz kelgan paytlarda bunaqa sharoitlar yo‘q edi. Men 40 yildan ortiq vaqt shu tizimda ishladim. Oxirgi 4 yil ichidagi sharoitni ko‘rmadim.

Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi... Andijon va Chiroqchidagi holatlarning asosiy omillari haqida

Bu vaziyatni men chuqur o‘rganganman. Akademiyani tugatib ketadiganlarning ham bilim saviyasi har xil. Qizilga bitirib ketganlar ham bor, unvonsiz ketganlar ham bor. O‘qish paytida ichki tartibni buzganligi uchun berilmagan. Ishga borganidan keyin ham “ustoz-shogird” an'anasini joriy qilish kerak. Chunki hali yoshlik qilishi mumkin. Xodimlar ma'naviyati, madaniyati, tarbiyasi yuksak darajada bo‘lishi kerak. Shu jihatlarini mukammallashtirish uchun yiliga ikki marta amaliyotga chiqish imkoni beriladi. Oldinlari faqat Toshkent shahriga chiqqan. Mana oxirgi paytlarda qayerdan kelgan bo‘lsa o‘sha hududga yuborilayapti. Bularning barchasi nazorat ostida bo‘lishi kerak.

Xodimlarning malakasini oshirish masalasiga qanday qaraysiz?

Albatta, bu masala birinchi o‘rinda turishi kerak. Misol uchun har kuni bir yangilik, o‘zgarish. Bularni xodimlar bilishi kerak-ku. Xodim bizning nizom bo‘yicha eng ko‘pi bilan besh yilda bir malakasini oshirishi kerak. Undan tashqari, ishlayotgan joylarda bir haftada bir marta kasbiy tayyorgarlik o‘tilar edi. O‘zimizning alohida katta-katta kitoblarimiz bo‘lar edi. Xodimning malakasini oshirib bormasa, tizim susayib ketishi mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Tasvirchilar: Otaxon Yusupov, Nuriddin Nursaidov

Top