Iqtisodiyot | 19:04 / 26.01.2024
15532
9 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar reytingi qanday ishlaydi?

O‘zbekistonda tadbirkorlar reytingi joriy etilib, yuqori reytingga ega tadbirkorlarni rag‘batlantirish boshlanmoqda (reytingi past firmalarga nisbatan hech qanday sanksiya qo‘llanmaydi). Kun.uz muxbiri bu reyting qanday ishlashi, yuqori ballga ega bo‘lish uchun tadbirkor nima qilishi kerakligi haqida Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘ktam Rajabov va soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov bilan suhbatlashdi.

Tadbirkorlar reytingi joriy qilinyapti. Bundan maqsad nima?

– Reyting oldin jazolovchi bo‘lgan bo‘lsa, endi rag‘batlantiruvchi bo‘lyapti. Yuqori reytingga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari rag‘batlantiriladi. Quyi reytingdagilarga chora ko‘rish, tekshirish ko‘zda tutilmagan.

Qaror bilan belgilanyaptiki, agar tadbirkor A reyting oladigan bo‘lsa, soliq idoralari tomonidan unga tekshirishlar o‘tkazilmaydi. QQSdan hosil bo‘lgan soliq summasi bir kunda qaytarib beriladi – amaldagi muddat esa 7 kundan 30 kungacha. QQSdan boshqa soliq turlari bor, ulardan hosil bo‘lgan ortiqcha soliqlarni ham bir kunda qaytarib berish ko‘zda tutilyapti. Bu ham amalda 10 kundan 15 kungacha bo‘lgan muddatni talab qiladi.

Yana bir rag‘batlantirish – soliq va bojxona organlarida tovarlarni import qilishda vaqtida to‘langan soliqlarni hisobga olish tizimi joriy qilinyapti. Amalda bu faqat yirik soliq to‘lovchilar uchun amal qiladi. Endi reytingi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga ham tatbiq etiladi. Reytingning asosiy maqsadi tadbirkorlarni ixtiyoriy ravishda qonunchilikda belgilangan me’yorlardan kelib chiqib qo‘shimcha, hech qanday majburiyatlar yuklamagan holda o‘zlari bajarishi kerak bo‘lgan majburiyatlarni vaqtida bajarishga undashdir. Bunda ortiqcha hech qanday majburiyatlar yuklanmaydi.

– Reytingda yuqori ballga ega bo‘lish uchun nimalar qilish kerak?

– Mezonlarimiz 23 ta etib belgilangan va ular 3 ga bo‘lingan. Birinchisi – hamma uchun bir xil bo‘lgan mezonlar. Bunda 10 ta mezon ko‘zda tutilgan, shuning o‘zida tadbirkor 100 ball oladigan bo‘lsa, boshqa mezonlar unga ta’sir qilmaydi.

Keyingi mezonlar kamaytiruvchi mezonlar hisoblanadi. Qonunchilik talablari buzilgan holatlar yoki hisobotlarga qayta-qayta tuzatish kiritib taqdim etgan holatlar, bir hududdan boshqa hududga ko‘chish yil davomida ko‘payib ketsa, kamaytiruvchi mezonlar ishlaydi. 

Kamaytiruvchi mezonlar umumiy belgilangan mezonlarni kamaytirib bersa, qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi ballar bor. Bular – ijtimoiy reyestr, ayollar daftariga kirgan fuqarolarni ishga olsa va ular umumiy xodimlarning 10 foizidan ko‘proqni tashkil qilsa, qo‘shimcha 5-10 ball beriladi. Bunda ham tadbirkorga hech qanday majburiyat tug‘ilmaydi.

Umumiy ballar 10 ta mezon asosida baholanadi. Tadbirkor faoliyatini qancha ko‘p   davom ettirsa, bu mezon uchun 10 ball beriladi. Xuddi shunday soliq hisobotlarini belgilangan muddatda taqdim etsa yana 10 ball beriladi. Agar kechiktirsa, ball ololmay qolishi mumkin. Soliq to‘lovlarini ham belgilangan muddatdan kechiktirmay vaqtida to‘lab borsa, 10 balli tizimda ball olishlari mumkin. To‘lanmagan summani soliq organlari majburiy tartibda undiradigan bo‘lsa, ball yig‘olmaydi va qo‘shimcha ball chegiraladi. Shuning uchun vaqtida va ixtiyoriy to‘lab borsa, shuncha yuqori ball olishlari mumkin bo‘ladi.

– Reytingda eng yuqori va eng quyi ballar haqida gapirsangiz?

– Eng yuqori ball 100 balli tizimda ishlaydi. Tadbirkor A kategoriyaga tushadigan bo‘lsa, AAA reytingdagilar 96 dan 100 ballga, AA kategoriya 91 dan 96 gacha, A kategoriya esa 86 dan 91 gacha yig‘ishi kerak.

Eng quyi o‘rin – D kategoriya bo‘lib, bunda 25 ballgacha yig‘iladi.

– Past ball olgan tadbirkorlar jazolanadimi?

– Biz barqarorlik reytingi bo‘yicha hech kimga chora ko‘rmaymiz. Reyting bo‘lmagan paytda qanday ishlagan bo‘lsak, shu tartibda ishlaymiz. Faqat yuqori reytingdagilar rag‘batlantiriladi. Boshqalarga amaldagi tartib qanday bo‘lsa, shunday ish tizimi amal qiladi. Ular o‘zi xohlab, shu reytingga tushib, imtiyozlar olmoqchi bo‘lsa, me’yorlarni vaqtida bajarib, yuqori ball olsa, qo‘shimcha imtiyozlar beriladi.

B yoki C reytingda bo‘lsa, qo‘shimcha tekshirishlar yoki ortiqcha bezovta qilishlar bo‘lmaydi. “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” doirasida borib tushuntirish berishimiz mumkin, shunday qilsangiz, yuqori reyting olib rag‘batlantirilasiz deyishimiz mumkin.

– Buning uchun qandaydir avtomatik dastur ishlab chiqiladimi?

– 23 ta mezon bo‘yicha Soliq qo‘mitasida platforma ishlab chiqilgan. Bunda inson omili ishtirok etmaydi. Dastlabki holatimiz bo‘yicha dasturchilar dasturni yozib beradi. Soliq hisobotlari, to‘langan soliq summalari ro‘yxatdan o‘tgan sanasi, boshqa organlardan olingan ma’lumotlar asosida tadbirkorning reytingi shakllanadi. Bu ma’lumotlar har kuni tadbirkorning shaxsiy kabineti va SSPning rasmiy veb saytiga joylashtirib boriladi.

Lekin bu tadbirkorlik sub’yektning balli past ekan, bu bilan ishlamasligim kerak ekan, degan narsa emas. Reyting soliq qonunchiligi bo‘yicha shakllantirilgan ballar tizimidir. Tadbirkorning qandaydir kamchiliklari bo‘lib, past ball olsa, dastur nima sababdan bunday ball olgani va kamchiliklar qanday bartaraf etilishini ko‘rsatib turadi. O‘sha narsani bajarib bersa, yuqori reytingga chiqishi mumkin.

Reyting amaliyotda qachondan ishlay boshlaydi?

– Qarorda ko‘rsatilishicha 1 fevraldan. Hozir alohida nizom ishlab chiqilyapti. Vazirlar Mahkamasi nizomiga asosan dasturga qo‘shimcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan holda amaliyotga joriy qilinadi. Hozirgi kunda 23 mezon bo‘yicha dastlabki variant ishlab turibdi.

“Yuqori reytingda bo‘lsa ham, tadbirkorni tekshirishga olib olib boradigan holatlar bor” – Murod Muhammadjonov, soliq maslahatchisi 

– Prezident tadbirkorlar reytingi ishlab chiqilishini ma’lum qilganidan beri bu masala jamoatchilik kengashida bir necha marta muhokama qilindi. Bu reytingni amaliyotga joriy qilish uchun bir qator takliflarni bildirdik. Aytish kerakki, qaysidir elektronlashtirish dasturlari bittada ideal variantda chiqmaydi. Bu reyting tadbirkorlar uchun tatbiq qilinishida uni qanchalik o‘zgartirish imkoni bo‘ladi va u qonunchilikda qanday ko‘zda tutiladi degan masalani ko‘rib chiqdik. Bu reyting oldingi Tax Gap’ga o‘xshab kimnidir jazolash uchun yo‘lga qo‘yilmayapti. Aksincha, tadbirkorning ishonchlilik darajasini belgilaydigan reyting.

C yoki B darajaga tushib qolgan tadbirkorlar yomon tadbirkor degani emas. Ular endi faoliyatini boshlagan bo‘lishi mumkin. 100 foiz toza ishlab, xufiyona alomatlari bo‘lmasa ham, yangi tadbirkor baribir pastdan ish boshlaydi va u jinoyatchi, unga tekshirish e’lon qilib jazolash kerak degani emas.

Lekin ishlash jarayonida tadbirkorlar reytingini AAA darajasigacha olib chiqsa, ularga nisbatan hech qanday tekshirish e’lon qilmaslik to‘g‘risida ham takliflar berilgan.

 Ammo bu jarayonda muammolar chiqadi, tadbirkor AAA kategoriyaga tushsa ham, amaliyotdagi kamchiliklar tufayli baribir tekshiruvga tushib qoladigan holatlar bor. Qaysi holatlar? Deylik, tadbirkorlarning tovarlar nomuvofiqligi bo‘yicha QQS guvohnomasini to‘xtatib turish, ya’ni QQSni o‘chirib qo‘yish amaliyoti bor. Tovarlar nomuvofiqligi ballni pasaytiruvchi mezonlar qatoriga kiritilgan. Amaliyotda guvohnomani o‘chirib qo‘yib, keyin tadbirkorni xabardor qilishyapti. Nomuvofiqlikni bartaraf etish uchun baribir tekshiruv e’lon qilishyapti. Uchta A kategoriyaga tushgan tadbirkor ham baribir tekshirilishi yuzaga keladi. Shunday taklif kiritdikki, tovarlar nomuvofiqligi bo‘lsa, avval xabardor qilinglar, agar isbotlab bera olmasa, keyin o‘chirilishi kerak. Shu orqali haqiqatan ham AAA kategoriyaga kirganlarga tekshiruv bo‘lmasligini ta’minlashimiz mumkin. Bundan tashqari, umuman tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyati to‘xtab qolmasligi uchun ham bu taklif berildi.

Reyting amaliyotda qo‘llanishi tadbirkorlarning to‘g‘ri ishlashi, rivojlanishiga stimul beradi deb o‘ylaymiz. Tadbirkor nafaqat soliq masalasida, balki o‘zaro munosabatlarda, bir birini aldamasdan ishlashi tadbirkorning ishonchlilik darajasi yuqori bo‘lishiga olib keladi.

Oldingi Tax Gap dasturidan farqli ravishda, bu ochiq reyting bo‘lib, tadbirkor o‘zi va kontragenti reytingda qancha ball to‘plagani va nima uchun shu ballni olganini ko‘ra oladi. 

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator – Abduqodir To‘lqinov,
Montajchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid