Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bosh vazirning virtual qabulxonasi orqali IIVga kelib tushgan barcha murojaatlarning 40 foizini propiska masalasi tashkil etadi
Foto: UZ24
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida qonun ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida Ichki ishlar vazirligi inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta'minlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Turg‘unov bilan suhbatlashdi.
– Fuqarolarning Ichki ishlar vazirligiga, sohaviy xizmatlarimizga murojaat qilishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, – deydi I.Turg‘unov. – Aholi tizimimizga xat, interfaol usul va ishonch telefonlari orqali bemalol o‘zlari duch kelgan muammo va masalalar bo‘yicha murojaat qilishi mumkin.
Qonun talablaridan kelib chiqib vazirlik tizimida murojaatlar bilan ishlash sohasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sohadagi ishlarni yanada yaxshilash maqsadida 2016 yil boshida vazirlikning “2016-2017 yillar davomida ichki ishlar organlarining murojaatlar bilan ishlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi” qabul qilingan. Uni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.
Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida murojaatlar bilan ishlash tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Elektron, og‘zaki va yozma murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
– Ichki ishlar idoralarida elektron murojaatlar bilan ishlash qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Ichki ishlar vazirligining www.mvd.uz sayti orqali fuqarolarga o‘ndan ortiq interfaol xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Sayt Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulangan. Aholi mazkur portal orqali yoki saytimizda ko‘rsatilgan boshqa imkoniyatlar orqali bizga murojaat qilishi mumkin. Unda ishonch telefonlari va vazirlik elektron manzili ko‘rsatilgan.
Fuqaro va yuridik shaxslarga qulayliklar yaratish maqsadida vazirlik markaziy apparatining bevosita murojaatlar bilan ishlovchi asosiy sohaviy xizmatlari, ya'ni shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati, yo‘l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklarning oldini olish, tergov bosh boshqarmalari, xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda hududiy ichki ishlar organlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga to‘liq ulangan.
Bu bilan fuqaro va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu sohaviy xizmatlar tomonidan qabul qilinishi yo‘lga qo‘yilgan. 2016 yilning 9 oyi mobaynida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali jami to‘rt mingdan ziyod murojaat kelib tushdi.
Bundan tashqari, ichki ishlar vazirligi rahbariyati qabuliga fuqaro va yuridik shaxslarga “elektron navbat”ga yozish orqali interaktiv xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. 2016 yilning 9 oyi mobaynida 185 fuqaro ushbu xizmat yordamida vazirlik rahbariyati tomonidan qabul qilindi.
Toshkent shahrining barcha tuman IIBlarining xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida biometrik pasportni rasmiylashtirish uchun fuqarolarning arizalarini elektron tarzda qabul qilish va navbatga qo‘yish tizimi joriy etildi.
– O‘zbekiston hukumati portalida ochilgan mamlakat Bosh vazirining virtual qabulxonasi orqali tushayotgan murojaatlarda Ichki ishlar vazirligiga taalluqli savollar ham bo‘lishi tabiiy. Bu murojaatlar bilan ishlash qanday tashkil etilmoqda?
– Vazirligimizda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi orqali kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlovchi maxsus bo‘lim tashkil qilindi. Bo‘lim zaruriy texnik vositalar bilan to‘liq ta'minlandi va uning faoliyati alohida nazoratga olindi. Kelib tushayotgan murojaatlarning tez va sifatli bajarilishini ta'minlash maqsadida ular faqat vazirlikning markaziy apparati tomonidan ko‘rib chiqilishi yo‘lga qo‘yildi.
IIVning barcha markaziy sohaviy xizmatlariga virtual qabulxona orqali kelib tushgan har qanday murojaat bo‘yicha shaxsan birinchi rahbarning mas'ulligi belgilandi. Sohaviy rahbarga ariza bo‘yicha to‘liq va sifatli ma'lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish, hisobini yuritish va tahlil qilish vazifalari yuklatilgan.
Virtual qabulxona orqali Ichki ishlar vazirligiga jami 3,5 mingdan ziyod murojaat kelib tushdi. Ularning 40 foizi propiska, biopasport olish va fuqarolik masalalariga taalluqli. Murojaatlarning 80 foizdan ortig‘i Toshkent shahri hamda Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, murojaatlarning ma'lum qismini ichki ishlar organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan, fuqarolarga nisbatan sodir etilgan o‘g‘irlik, firibgarlik, shuningdek, tergov harakatlarini amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, profilaktika inspektorlari faoliyati yo‘nalishida, ichki ishlar organlariga ishga kirish va qayta tiklash hamda shu kabi boshqa masalalar tashkil etayotir.
Ichki ishlar vaziri tomonidan ushbu yo‘nalishdagi barcha tadbirlar alohida nazoratga olingan, ularning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ta'minlanadi.
Ichki ishlar organlarida inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bilan bog‘liq murojaatlar hamda Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)dan kelgan har bir ariza va shikoyat vazirlik rahbariyati tomonidan alohida nazoratga olingan. Biroq ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, hanuzgacha murojaatlar bilan ishlashda xodimlarimiz tomonidan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yish holatlari mavjud. Jumladan, ariza va shikoyatlarni to‘liq va sifatli ko‘rib chiqmaslik, arizachiga tekshiruv va ko‘rib chiqilgan holat yuzasidan asoslantirilgan javob xatlarini yubormaslik, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish muddatlariga amal qilmaslik kabi salbiy holatlar uchrab turibdi.
Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish davrida Ichki ishlar vazirligining ichki idoraviy nazorat tizimi orqali aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda. O‘tkazilgan tekshiruvlar jarayonida aniqlangan har qanday salbiy holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, aybdor xodim va uning rahbarlariga tegishli choralar ko‘rilayotir. 2016 yilning 9 oyida murojaatlar bilan ishlash jarayonida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun 200 nafardan ortiq ichki ishlar organlari xodimi turli intizomiy javobgarlikka tortildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Mavzuga oid
11:04 / 12.10.2025
“AQSh vizasini olishdan ham qiyinroq edi” – tarixga aylangan Toshkent propiskasi haqida
10:00 / 13.07.2025
Toshkent propiskasining ochilishi, avtoterroristlarga chora va poraxo‘rlik “xit-paradi” - hafta dayjesti
21:33 / 12.07.2025
Rasman: Toshkent propiskasi haqidagi qonun bekor qilinmoqda
19:00 / 07.07.2025