O‘zbekiston | 10:30 / 05.12.2018
58315
14 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlanadi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Mudofaa vazirligining O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, harbiy xizmatni o‘tash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

muddatli harbiy xizmatga chaqirish yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish;
safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatga olish;
harbiy lavozimga tayinlash va uni bajarish;
harbiy unvon berish;
haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish;
rezervdagi xizmatga olish;
harbiy xizmatga majburlarni iste'foga chiqarish;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi Qonunlari hamda ushbu Nizomga muvofiq harbiy xizmatchilarning xizmat va ijtimoiy-huquqiy mavqeini belgilovchi boshqa sabablar (voqealar).

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga quyidagi talablar qo‘yiladi:

muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari egallagan lavozimlari bo‘yicha harbiy mutaxassislikni sifatli o‘zlashtirishlari, ishonib topshirilgan qurol va harbiy texnikani ishlata bilish malakasi, mustahkam hayotiy pozitsiya, vatanparvarlik dunyoqarashlariga ega bo‘lishlari, ruhan, ma'nan va jismonan tetik bo‘lishlari, harbiy burchni bajarishga va mustaqil hayotga tayyor bo‘lishlari zarur;

oddiy askarlar tarkibidagi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar muddatli harbiy xizmatchilariga taalluqli bo‘lgan sifatlarni egallash bilan bir qatorda, harbiy mutaxassislikni chuqur o‘zlashtirishlari, o‘zaro bog‘liq mutaxassisliklarni o‘rganishlari, turli sharoitlar taqozo etgan taqdirda jangovar vazifalarni bajarish uchun ishonib topshirilgan qurol va harbiy texnikani qo‘llash malakalarini mustahkam egallashlari lozim;

serjantlar tarkibidagi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar ma'nan yetuk, harbiy burchni bajarishga ruhan tayyor bo‘lishlari, harbiy mutaxassislikni mukammal bilishlari, qurol-aslaha va harbiy texnikadan foydalana bilishlari va uni asrab-avaylashlari kerak. Serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarga bo‘linmalarda yuksak jangovar kayfiyat, sog‘lom ma'naviy-ruhiy sharoit yaratish, qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilarda Vatanga sodiqlik va vatanparvarlik hissiyotlarini doimiy ravishda tarbiyalab borish, ularni harbiy mutaxassisliklarga va zaruriy malakalarni hosil qilishga o‘rgatish vazifalari yuklatiladi;

ofitserlar tarkibidagi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar Vatanga sodiq, harbiy bo‘linmalarga komandirlik (rahbarlik) qilish, murakkab vaziyatlarda operativ oriyentirlanish va mustaqil harakat qilish, nostandart qarorlarni qabul qilish, bo‘ysunuvchilarini jangovar-xizmat vazifalarni bajarishga shaxsiy namunasi bilan yo‘naltirishga qodir, harbiy ishga oid chuqur bilimlar, yuksak ma'naviy-axloqiy sifatlar, keng dunyoqarash, intellekt, yaxshi tashabbuskorlik qobiliyatiga ega hamda ishonib topshirilgan qurol-aslaha va harbiy texnikadan to‘g‘ri foydalana biladigan komandir (rahbar) hamda mutaxassis bo‘lishlari zarur.

O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq quyidagi harbiy xizmat turlari joriy etilgan:

muddatli harbiy xizmat;
safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat;
Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati.

Muddatli harbiy xizmat – chaqirilish yoshidagi fuqarolarning oddiy askarlar, shuningdek muqaddam harbiy xizmatni o‘tamagan ofitserlarning Qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida Qurolli Kuchlar safidagi majburiy xizmatidir.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat – muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar o‘taydigan harbiy xizmat turidir. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini safarbarlik chaqiruvi rezerviga olish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tash tartibi haqidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Kontakt bo‘yicha harbiy xizmat – Qurolli Kuchlar safidagi haqiqiy harbiy xizmatga ixtiyoriylik asosida vazirlik orqali davlat bilan tuziladigan kontraktga binoan kirgan, fuqarolar o‘taydigan harbiy xizmat turidir.

Rezervchilar xizmati – haqiqiy harbiy xizmatni, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar jumlasidan bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar uchun Qurolli Kuchlarning qo‘shinlari, qismlari va bo‘linmalari safini urush davrida taqozo etiladigan shtatlar darajasiga qadar to‘ldirish, shuningdek, urush davri taqozo etadigan tuzilmalarni kuchaytirish maqsadida umumiy harbiy majburiyat asosida joriy etiladigan harbiy xizmat turidir.

Haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning boshlanishi deb:

a) harbiy xizmatga chaqirilgan chaqiriluvchilar va zaxiradagi ofitserlar uchun – harbiy qismga jo‘nash maqsadida mudofaa ishlari organida hozir bo‘lgan kun;
b) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirganlar uchun – harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi kontrakt kuchga kirgan kun;
v) vazirliklarning oliy harbiy ta'lim muassasalariga hamda o‘qish harbiy xizmatga tenglashtirilgan ta'lim muassasalariga o‘qishga kirgan chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlar uchun – tegishli ta'lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan kun;
g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan harbiy lavozimga tayinlangan shaxslar uchun – tegishli farmon, qaror yoki farmoyish imzolangan kun hisoblanadi

Haqiqiy harbiy xizmat muddatlari kalendar hisobida:

a) muddatli harbiy xizmatni oddiy askarlar va ofitserlar lavozimlarida o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun – o‘n ikki oy;
b) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun – kontraktda ko‘rsatilgan muddat qilib belgilanadi.

Rezervdagi harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olingan fuqarolar harbiy yig‘inlar o‘tkazilayotgan davrda haqiqiy harbiy xizmatni o‘taydilar.

Fuqarolarga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga chaqirilganidan (olinganidan) so‘ng, shuningdek oliy harbiy ta'lim muassasalari kursantlari va oliy ta'lim muassasalari harbiy tayyorgarlik kurslarida o‘qishni tugatgan talabalarga oliy ta'lim muassasani bitirganidan so‘ng shaxsiy raqam, belgilangan namunadagi jyetonlar va shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar beriladi.

Haqiqiy harbiy xizmatning tugashi deb hisoblanadi:

kontrakt muddati tugashi munosabati bilan bo‘shatilayotgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar uchun – kontrakt bilan nazarda tutilgan uning harbiy xizmati tugagan kun, Qonunda va ushbu Nizomda belgilangan hollar bundan mustasno;

kontrakt muddati tugamasdan harbiy xizmatdan bo‘shatilayotgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar uchun – harbiy xizmatchini harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan o‘chirilgan kun;

muddatli harbiy xizmatchilar uchun – harbiy xizmatchini harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan o‘chirilgan kun;

Kalendar hisobida o‘n yildan kam xizmat qilmagan ofitserlar tarkibidagi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga harbiy xizmatdan bo‘shatilayotganda:

oliy ta'lim muassasasining kunduzgi bo‘limidagi bir oy o‘qish muddati bir oy xizmat muddati sifatida haqiqiy harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi;

harbiy xizmatga chaqirilayotgan (olinayotgan) vaqtdagi ixtisosligiga muvofiq keladigan lavozimlardagi bir oylik ish staji bir oylik xizmat hisobida haqiqiy harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi.

Ichki ishlar vazirligi, bojxona va soliq qo‘mitalari, prokuratura va adliya organlarining maxsus unvoniga ega fuqaro kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirganida uning maxsus unvonda xizmat qilish davri haqiqiy harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi.

Harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat muddatiga quyidagilar qo‘shib hisoblanmaydi (ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno):

a) harbiy xizmatchining intizomiy harbiy qismdagi bo‘lish davri;
b) jinoyatning oldini olish chorasi sifatida qamoqda ushlab turilgan davri, keyinchalik esa sudning ayblov hukmi chiqqan harbiy xizmatchiga nisbatan;
v) xizmat bo‘yicha cheklov ko‘rinishidagi ta'zir muddatini o‘tash davri.

Muddatli harbiy xizmatga o‘n sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli erkak fuqarolar, shuningdek, ilgari haqiqiy harbiy xizmatni o‘tamagan ofitserlar chaqiriladilar.

Fuqarolarni chaqirish, yig‘ish va ularni muddatli harbiy xizmatga jo‘natish va harbiy qismlarda qabul qilish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish yoki ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan chaqiriluvchilar “Tinchlik va urush davrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Chaqiriluvchining tibbiy ko‘rik natijalariga muvofiq tuman (shahar) chaqiruv komissiyasi muddatli harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan fuqarolar mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan viloyat yig‘uv punktlariga yuboriladilar, u yerdan ular harbiy qismlar vakillari hamrohligida harbiy xizmat joyiga jo‘naydilar.

Xizmat joyiga kelishlari bilan ular qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatiga kiritiladilar, lavozimlarga tayinlanadilar va barcha ta'minot turlariga qo‘yiladilar.

Muddatli harbiy xizmatni, safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatni yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tamagan va Qonunning 21-moddasiga muvofiq chaqirish muddatini kechiktirish asoslariga ega bo‘lmagan 40 yoshgacha bo‘lgan zaxiradagi ofitserlar tinchlik davrida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug‘iga binoan ofitserlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun chaqirilishlari mumkin.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish yoki chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan zaxiradagi ofitserlar tibbiy ko‘rik to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladilar. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan nomzodlarga mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan ularning shaxsiy hujjatlari yig‘majildlari va boshqa zarur hujjatlari rasmiylashtiriladi va ular tobe bo‘lgan mudofaa ishlari boshqarmalariga yuboriladi.

Mudofaa ishlari boshqarmalari nomzodlarning hujjatlarini o‘rganib chiqib qaror qabul qilish uchun yuqori turuvchi kadrlar organlariga taqdim etadi.

Zaxiradagi ofitserni haqiqiy xizmatga chaqirish to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirmaga asosan mudofaa ishlari bo‘limi ofitserga harbiy qism va unga kelish muddatlari ko‘rsatilgan yo‘llanmani taqdim etadi (zarurat tug‘ilganda harbiy tashish hujjatlari bilan ta'minlaydi).

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan zaxiradagi ofitser yo‘llanmaga muvofiq harbiy qismga keladi, qism komandiri buyrug‘iga binoan shaxsiy tarkib ro‘yxatiga kiritiladi va ta'minotning barcha turlariga qo‘yiladi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan zaxiradagi ofitserlar uni o‘tayotganlarida barcha majburiyatlarni bajaradilar va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tomonlarni hisobga olgan holda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan teng ravishda barcha huquq, imtiyoz va ta'minot turlaridan foydalanadilar.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar Qurolli Kuchlarning professional qismini tashkil etadilar va qo‘shilmalar, qismlar va bo‘linmalarning jangovar shayligini belgilab beradilar.

Harbiy xizmat talablariga javob beruvchi quyidagi fuqarolar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga olinadilar:

a) o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar va ayollar hamda muddatli harbiy xizmatni o‘taganlar – oddiy askarlar tarkibi lavozimlariga;
b) muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan oddiy askarlar va serjantlar tarkibidagi qirq yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar – oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlariga;
v) muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan va oliy ma'lumotga ega o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar – oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibi lavozimlariga;
g) o‘n yetti yoshdan yigirma uch yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n yetti yoshga to‘ladigan fuqarolar, shuningdek harbiy ta'lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan, ofitserlar tarkibi harbiy unvonlariga ega bo‘lmagan, o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar – oliy harbiy ta'lim muassasalarining kursantlari lavozimlariga;
d) qirq yoshgacha bo‘lgan rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar – ofitserlar tarkibi lavozimlariga harbiy xizmatga kiradilar.

Mavzuga oid