17:33 / 15.07.2019
45408

Eng kam oylik ish haqi bilan eng kam maoshning farqi nimada?

Foto: KUN.UZ

Bugun, 15 iyul kuni “Xalqaro press klub”ning navbatdagi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida" farmoniga bag‘ishlangan sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan eng kam maosh qancha bo‘lishi va uning EKIHdan farqi to‘g‘risidagi savolga Moliya vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmetov shunday javob berdi:

– Eng kam ish haqi bu bir me'yor bo‘lib, amalda mehnatga bunday miqdorda haq to‘lanmaydi. Bu me'yoriy ko‘rsatkich jarimalar, bojxona va adliya organlari to‘lovlari, soliqlar kabi to‘lovlar miqdorini aniqlash uchun ishlatiladi hamda 2019 yilning 1 avgustidan boshlab 223 ming so‘mni tashkil qiladi.

Endi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga kelsak, bu mehnat kodeksining 153-moddasiga ko‘ra 1 sentyabrdan boshlab 634 883 so‘mni tashkil qiladi. Ya'ni bir oy ishlagan xodimga xoh u davlat tashkiloti bo‘lsin, xoh nodavlat, bundan kam miqdorda haq to‘lash mumkin emas. Maoshning yuqori chegarasi esa belgilanmagan.

“Agar bundan kam maosh berishsa, kimga murojaat qilish kerak?”- degan savolga javoban Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov:

– Bunday hollarda vazirligimizga va uning qoshidagi Mehnat inspeksiyasiga murojaat qiling. Bizga maoshlar miqdorini nazorat qilib borish vakolati berilgan. Ish beruvchining xodimga yuqoridagi miqdorda kam ish haqi to‘lagani aniqlansa, inspeksiyamiz jiddiy jarimaga tortadi- deya javob berdi.

Mavzuga oid
Top